Falsafiy dunyoqarash. Miloddan avvalgi VII-VI asrlarga kelib asosan mif va din taʼsirida odamlar dunyoqarashi nafaqat kengaydi, balki ancha murakkablashdi. U abstrakt nazariy fikrlash qobiliyati va (toʼplangan bilimlar koʼrinishida) real asoslarga ega boʼlishi natijasida oʼz rivojlanishining butunlay yangi darajasiga koʼtarildi. Bunga, hech shubhasiz, mehnat taqsimotiga olib kelgan rivojlangan ijtimoiy-iqtisodiy munosabatlar, maʼlum miqdorda ortiqcha mavjudlik vositalari, boʼsh vaqtning paydo boʼlishi ham imkoniyat yaratdi. Bularning barchasi muayyan shaxslar doirasiga intellektual faoliyat bilan professional darajada shugʼullanish imkonini berdi.
Shunday qilib, taxminan 2500 yil muqaddam dunyoqarashning uchinchi shakli – falsafa paydo boʼlishi uchun zarur shart-sharoit Yevropa va Osiyoda deyarli bir vaqtda yuzaga keldi. Dunyoqarashning avvalgi shakllari – mif va dindan farqli oʼlaroq, falsafa dunyoni eʼtiqod va tuygʼularga tayanib emas, balki aql va bilimlarga tayangan holda tushuntiradi.
Falsafa Hindiston, Xitoy, Markaziy Osiyo va qadimgi Yunonistonda taxminan bir vaqtda avvalo dunyoni oqilona anglash usuli sifatida vujudga keldi. Bu vaqtga kelib mif va din oʼzlarining tayyor va uzil-kesil javoblari bilan insonning bilimga nisbatan tinimsiz kuchayib borayotgan qiziqishini qondira olmay qoldi. Ular shuningdek sezilarli darajada oʼsgan va murakkablashgan tajriba va bilimlarni umumlashtirish, tizimga solish va avlodlarga qoldirish vazifasining ham uddasidan chiqolmay qoldi.
Taniqli nemis faylasufi Karl Yaspers taʼbiri bilan aytganda, bu davrda insoniyat oʼz rivojlanishida katta burilish yasagan. Osoyishtalik va barqarorlik ruhi bilan yoʼgʼrilgan mifologiya davri nihoyasiga etdi, oqilonalik va oqilona tekshirilgan tajribaning mifga qarshi kurashi natijasida u asta-sekin chekina boshladi. «Jahon tarixi oʼqini taxminan miloddan avvalgi 500 yil, miloddan avvalgi 800 va 200 yillar oraligʼida yuz bergan maʼnaviy jarayon bilan bogʼlash oʼrinli boʼlsa kerak, - deb yozadi K.Yaspers. – Shu davrda tarixda eng katta burilish yasaldi. Hozirgi tipdagi inson va ilk faylasuflar paydo boʼldi. Inson ayrim individuum sifatida oʼz-oʼzida tayanch izlashga jurʼat etdi. Xitoy zohidlari, Sharq darbadar mutafakkirlari, Hindiston tarki dunyochilari, Yunoniston faylasuflari va Isroil avliyolari eʼtiqodi oʼz taʼlimotining mazmuni va ichki tuzilishiga koʼra bir-biridan qay darajada farq qilmasin, oʼz mohiyatiga koʼra yaqindir. endi inson botiniy darajada oʼzini dunyoga qarshi qoʼyishi mumkin boʼldi. Inson oʼzida unga dunyodan va oʼz-oʼzidan yuksakroq koʼtarilish imkonini beruvchi ichki salohiyatni kashf etdi».
Yuz bergan oʼzgarishlarning yana bir sababi shundaki, mifologiya olish, rivojlantirish va tushuntirish uchun navbatdagi miflar emas, balki tabiiy qonuniyatlar va tabiiy-sababiy bogʼlanishlarga murojaat qilish talab etilgan ilmiy bilim koʼrtaklari bilan toʼqnashdi. Pirovardida odamlar dunyoqarashida nisbatan qisqa vaqt ichida tub oʼzgarishlar yuz berdi; unda bilim, tafakkur, tahliliy fikrlash tobora muhimroq rol oʼynay boshladi, ular sirtdan olingan axborotni sezgilar va emotsiyalar darajasida idrok etishga asoslangan har xil eʼtiqodlarni chetga chiqarib qoʼydi. Faqat soʼzlariga ishonish kerak boʼlgan ota, kohin, ruhoniy oʼrnini, savollar beruvchi va anglashga chorlovchi muallim faylasuf egalladi. U shubha urugʼini sochib, qiziqish uygʼotdi va: «Ishonma, balki oʼzing fikr qil!», deya daʼvat etdi.
Faylasuf tafakkurni xurofot va bidʼatlardan tozalab, uni erkinlashtirdi va mifologik yoki diniy dunyoqarashga mutlaqo xos boʼlmagan tanqidiy fikrlash qobiliyatini rivojlantirdi. Аjdodlardan meros qolgan «donishmandlik» manbai sanaluvchilar, tayyor bilimlar va shak-shubhasiz haqiqatlarni eʼtiqod sifatida qabul qilishga chorlovchilardan farqli oʼlaroq, faylasuf savollarni taʼriflashni va avvalo sogʼlom fikr va oʼz aql-zakovatining kuchiga tayanib, ularga javob qidirishni oʼrgatatdi.
Dunyoni falsafiy idrok etishning oʼziga xos xususiyati, dunyoni bilish, sezish, koʼrish va tushunishning butunlay yangi sohasi – falsafa vujudga kelishida namoyon boʼladi. Darhaqiqat falsafa – bu nafaqat u yoki bu odam dunyoqarashining shakli, balki ijtimoiy ong shakli, odamlar borligʼi va bilishining umumiy tamoyillari, ularning dunyoga munosabati aks etuvchi, tabiat, jamiyat va tafakkurning eng umumiy qonunlari kashf etiluvchi va taʼriflanuvchi maʼnaviy faoliyatdir. Yaʼni bu dunyoga va insonning undagi oʼrniga nisbatan qarashlarning umumiy tizimidir.
Bunday qarashlar zamirini savollar va insonning ularga javob topish istagi yotuvchi oqilona yoʼl bilan olingan bilimlar majmuini tashkil etadi. Аmmo bilish shunday bir tabiatga egaki, bir savolga javob koʼpincha boshqa bir talay savollarni yuzaga keltiradi va baʼzan muammoga nafaqat oydinlik kiritmaydi, balki uni yanada chigallashtirib, insonning qiziquvchanligini oshiradi va yangi tadqiqotlarga daʼvat etadi. Xullas, bunda ijod, tinimsiz izlanish, yangilikka intilish muhim oʼrin egallaydi.
Аgar mifologiya va dinda javobga urgʼu berilsa, bilishning butun mazmuni unda mujassamlashsa, falsafada savol, masala birinchi oʼrinda turadi. U toʼgʼri va yaxshi taʼriflangan boʼlsa, muammoning mohiyati aniq aks etadi. Savol, masala insonni ijodga ragʼbatlantiradi, toki unga qoniqarli javob olinib, haqiqatning tagiga etilganiga ishonch paydo boʼlmagunicha insonni izlanishga daʼvat etadi. Bunda savolning oʼzi, muammoning qoʼyilishi javobdan kam ahamiyat kasb etmaydi, baʼzan undan ham muhimroq deb qaraladi.
Shuni ham qayd etib oʼtish lozimki, falsafa, garchi muayyan natijalarga, mukammal taʼriflarga, uzil-kesil xulosalarga intilsa-da, lekin shuning oʼzi bilan kifoyalanmaydi. Falsafani avvalo inson madaniyati sohasida yuz berayotgan, turli qarama-qarshiliklar va oʼzaro taʼsirlar bilan uzviy bogʼliq va ayni vaqtda oʼzga sohalarga oʼtish va ularda gavdalanish qobiliyatiga ega boʼlgan maʼnaviy jarayon sifatida tushunish lozim.
Bundan xulosa shuki, falsafiy mushohada yuritish savol berish, shubha qilish, javoblar izlash va kuni kecha yechilgan deb hisoblangan, shak-shubhasiz boʼlib tuyulgan masalalarga qaytish demakdir. Falsafa uchun «boqiy», uzil-kesil aniqlangan haqiqatlar, «noqulay», «ilmoqli» savollar yoki man etilgan mavzular mavjud emas. Falsafa savollar berish, narsalar va hodisalar mohiyatini anglashga urinish orqali bilish doirasini kengaytirishga harakat qiladi.
Xullas, falsafa haqiqat qanday boʼlsa, uni shunday ifodalab koʼrsatishdir, din esa –uning ramziy, timsoliy aks etishi. Falsafa asos va mohiyat boʼlsa, din timsol va shakl. Dialektik munozara usuli jamiyatning kam sonli ayonlari uchun kerak. Vahiy yoʼlidagi ifoda – xalq ommasining idroki, tarbiya va taʼlimi uchun kerak.
Do'stlaringiz bilan baham: |