Subʼektiv idealizm vakillari (Berkli, Yum, Max va boshqalar) makon va vaqtga individual ong shakllari sifatida yondashadi. Xususan, D.Yum (1711-1776) uchun ular faqat idrokda mavjuddir. Falsafadagi butun subʼektiv-idealistik yoʼnalish uchun makon va vaqt – tasavvurlarning joylashuv usuli, binobarin, ular oʼz kelib chiqishining psixologik manbaiga ega. Berklidan Maxga qadar makon va vaqt - sezgilarning tartibga solingan qatorlari shakllaridir, degan yondashuvni asoslovchi dalillar majmui amal qildi. Ingliz faylasufi Pirson fikriga koʼra, makon va vaqt amalda mavjud emas, ular narsalarni idrok etishning subʼektiv usuli, xolos. Makon – narsalarni idrok etish tartibi yoki kategoriyasi boʼlsa, vaqt voqealarni idrok etish kategoriyasidir. А.А.Bogdanov makon va vaqtni tashkil etuvchi va uygʼunlashtiruvchi inson tafakkuri mahsuli deb hisoblaydi. I.Kant (1724-1804) ham makon va vaqtga subʼektiv deb qaraydi, ammo ularni aprior, yaʼni insonga tajribaga qadar berilgan hissiy mushohada shakllari sifatida tushunadi. I.Kant makon va vaqtni inson hissiyoti shakli – kuzatish shakli sifatida talqin qiladi. Unga koʼra, aynan dunyoni bilishga harakat qilayotgan subʼekt oʼziga berilgan dunyoning muayyan makon va vaqtdagi shakl-shamoyilini yaratadi.
Takrorlash uchun savollar
1.Rim imperiyasi hayotining soʼnggi davrlaridagi falsafiy oqimlarni sanab bering.
2.«Uygʼonish davri» tushunchasini qanday talqin etasiz?
3.Milliy falsafiy maktablar deganda nimani tushunasiz?
4.Milliy falsafiy maktablarning umuminsoniy yutuqlari nimalarda namoyon boʼladi?
Аdabiyotlar
1.Madaeva va b. Falsafa. –Toshkent: OʼzMU nashiryoti, 2019.
2.Q.Nazarov va b. Falsafa asoslari: o‘quv qollanma. - Toshkent: O‘zbekiston faylasuflari milliy jamiyati, 2018. - 380 b.
3.Falsafa. Аxmedova M. tahriri ostida. -Toshkent: Oʼzbekiston faylasuflari milliy jamiyati, 2006.
4.Izzetova E., Poʼlatova D. Filosofiya. -Toshkent: Sharqshunoslik, 2012. 340-b
Falsafiy antropologiya (Inson falsafasi)
Reja:
1.Inson borligʼining oʼziga xos xususiyatlari.
2.Sharq va Gʼarb falsafasida inson muammosi.
3.Inson borligʼida oʼzlikni anglashning namoyon boʼlishi.
4.Inson borligʼida faoliyatining tuzilishi va atributlari.
Inson falsafiy muammo sifatida. Falsafa tarixida insonga murojaat etmagan, inson moddiy va maʼnaviy borligʼining turli tomonlarini bevosita yoki bilvosita tahlil qilmagan faylasuf yoki falsafiy yoʼnalishni topish deyarli mumkin emas. Аksariyat falsafiy va diniy tizimlar katta olam yoki makrokosmga zid oʼlaroq, insonga mikrokosm yoki kichik Koinot sifatida qarab, uni butun olamni tushunish kaliti deb hisoblaganlar. Faylasuflar inson sirining tagiga etish borliq jumbogʼining tagiga etish bilan barobar ekanligini qayta-qayta anglab etganlar.Zero Forobiy aytganidek -”Odamlar oʼzlarining xos xususiyatlariga va tabiiy ehtiyojlariga koʼra jamiyat tuzadilar. Ularning harakat va feʼllarini dastavval bora-bora odatlarga aylanadigan tabiiy qobiliyatlar belgilaydi”. Oʼz-oʼzingni angla va shu orqali dunyoni anglaysan. Dunyoni insonning teran qatlamlariga kirmasdan sirtdan bilishga boʼlgan barcha urinishlar narsalar haqida faqat yuzaki tasavvur hosil qilish imkonini beradi. Insondan sirtga qarab harakat qiladigan boʼlsak, narsalar mohiyatini hech anglay olmaymiz, zero bu mohiyat insonning oʼzida mujassamlashgan.
Xitoy faylasufi Lao Szi fikriga koʼra, «boshqalarni biluvchi – oqil, oʼzini biluvchi – donishmanddir». Protagorning: «Inson barcha narsalar mezonidir», degan fikri ham juda mashhur. «Tangri saltanati bizning ichimizdadir», deb oʼrgatgan Iso Masih. Buddaviylarning: «Oʼzligingga nazar tashla, sen Buddasan», degan chorlovi ham yuqoridagi fikr bilan hamohangdir. Islomda «Kimki oʼzini bilsa, u oʼz Аllohni ham bilgaydir», deyiladi.
Inson barcha yaxshi fazilatlarni oʼzida mujassamlashtirgan oʼziga xos, betakror va barkamol mavjudot – cheksiz mikrokosm sifatida ham, inson tabiatining norasoligi va buzuqligi tufayli halokatga mahkum boʼlgan tabiat xatosi sifatida ham, Xudo yaratgan banda sifatida ham, boshqa odamlar faoliyatining mahsuli sifatida ham talqin qilinadi. Xususan, Sharq mutafakkiri А.Beruniy jahon fanida birinchi marta inson va tabiat, odam va olam oʼrtasidagi munosabatlarni Dunyoviy fan nuqtai nazaridan oʼrganadi. U “odamlar tuzilishining rang, surat, tabiat va axloqda turlicha boʼlishi faqatgina nasablarining turlichaligidan emas, balki tuproq, suv, havo va erning, odam yashaydigan joylarning turlichaligi hamdir. Tillarning turlicha boʼlishiga sabab odamlarning guruhlarga ajralib ketishi, bir-biridan uzoq turishi, ularning har birida turli hoxishlarni ifodalash uchun zarur boʼlgan soʼzlarga ehtiyoj tugʼilishidir.
Uzoq zamonlar oʼtishi bilan bu iboralar koʼpayib, yodda saqlangan va takrorlanish natijasida tarkib topib, tartibga tushgan”, deb hisoblaydi. Demak, Beruniy fikricha, insonning feʼl-atvori va maʼnaviy qarashlari, surati va siyrati bevosita tabiiy muhit taʼsirida shakllanadi. Zero, aynan shu tabiiy muhit, geografik sharoit xalqlar, millatlar shakllanishining muhim asosi boʼla oladi. “Inson oʼz tabiatiga koʼra murakkab tanaga egadir. Insonning tanasi bir-biriga qarama-qarshi qismlardan iborat boʼlib, bu qismlar tobelik kuchi asosida birlashgan”. Beruniy fikricha, hamma odamlarda oʼzaro bir-biriga oʼxshash va ayni paytda farq qilib turadigan jihatlar mavjud.
Do'stlaringiz bilan baham: |