Ularning orasida uch kashfiyot:
1) fizikada – materiya harakati turli shakllarining o‘zaro aloqasini asoslab bergan energiyaning saqlanish va o‘zgarish qonunining aniqlanishi;
2) biologiyada – butun jonli tabiatning (o‘simliklar dunyosining ham, hayvonot dunyosining ham) tarkibiy jihatdan yagonaligini yoritib bergan hujayra nazariyasining yaratilishi;
3) rivojlanish g‘oyasini jonli tabiatga tatbiqan ishlab chiqqan Darvinning evolyutsiya nazariyasi alohida o‘rin egallaydi.
Shunday qilib, hozirgi talqindagi dialektika - bu:
1) hodisalarning ularga xos bo‘lgan ziddiyatlar vujudga kelishi, o‘zaro ta’sirga kirishishi va yechilishiga muvofiq rivojlanishidan iborat bo‘lgan ob’ektiv jarayon; 2) tabiat, jamiyat va tafakkurning harakat va rivojlanish universal qonunlari haqidagi falsafiy konseptsiya; dunyoni bilish va o‘zgartirish metodi. Uning tizimiga kiruvchi rivojlanishning umumiy qonunlarini bilish o‘tmishni anglab yetish, hozirgi dunyoda yuz berayotgan jarayonlarni to‘g‘ri tushunish va kelajakni bashorat qilish imkonini beradi.
2. Qonun deb, bir qancha zaruriy belgilarga ega bo‘lgan o‘zaro aloqaga aytiladi: 1) aloqaning ob’ektivligi. Energiya va moddaning saqlanish qonunlari yoki butun olam tortishish qonuni haqida gapiradigan bo‘lsak, biz ularni bekor qilishimiz yoki ularning amal qilishini ongli ravishda to‘xtatishimiz mumkin emas;
2) aloqaning muhimligi. Muhim aloqa – bu narsaning mavjudligini, uning harakati va rivojlanishini belgilovchi aloqa. Aytaylik, elementlarning davriy qonuni atom og‘irligi, atom o‘zagining zaryadi va elementlarning kimyoviy xossalari o‘rtasidagi muhim aloqani aks ettiradi;
3) aloqaning zaruriyligi. Zaruriy aloqa – bu muayyan sharoitda zaruriy tarzda namoyon bo‘luvchi aloqa. Masalan, fizikada ma’lum bo‘lgan o‘tkazgich qarshiligining o‘tkazgich tarkibi, uning uzunligi va ko‘ndalang kesimining yuziga bog‘liqligi qonuni o‘tkazgichda elektr toki o‘tgan har bir holda zaruriy tarzda namoyon bo‘ladi, chunki u o‘tkazgich qaysi moddadan yasalgan bo‘lsa, shu moddaning tabiati, unga xos bo‘lgan ob’ektiv xususiyatlar bilan belgilanadi;
4) aloqaning barqarorligi. Barqaror aloqa – bu ishonchli tarzda saqlanadigan aloqa. U materiya harakatining tegishli shakli (materiya rivojlanishining muayyan bosqichi) yoki tafakkur mavjud bo‘lgan davr mobaynida, toki bu narsalar va hodisalar mavjud ekan, amalda mavjud bo‘ladi;
5) aloqaning umumiyligi. Aloqaning umumiyligi shunda namoyon bo‘ladiki, unga ob’ektiv dunyoning aksariyat yoki hatto barcha narsalari, hodisalari va jarayonlari bo‘ysunadi.
3. Dialektika borliqning umumiy qonunlari haqidagi ta’limot sifatida ob’ektiv dunyo tinimsiz harakatda, o‘zgarishda va rivojlanishda bo‘lishidan kelib chiqadi. Dialektikaning bu qoidasi uning ikkinchi tamoyili – rivojlanish tamoyilida qayd etiladi. Ammo rivojlanishni ko‘rish va uning mavjudligini tan olishning o‘zi kifoya qilmaydi. «Rivojlanish» tushunchasining mohiyat va mazmuni haqida aniq tasavvur hosil qilish talab etiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |