Ijtimoiy makon. Makon va vaqt munosabatlarining yanada murakkabroq manzarasi ijtimoiy tuzilmalarda kuzatiladi. Bunda insonning dunyoga munosabati bilan belgilangan, inson faoliyati va amaliyotining o‘ziga xos xususiyatlariga tarixiy bog‘liq bo‘lgan ijtimoiy makon to‘g‘risida so‘z yuritish o‘rinli bo‘ladi. U alohida insoniy ma'no kasb etadi va biosfera, sayyora va koinot darajasidan bir vaqtda o‘rin oladi, shu bilan birga inson yaratgan infratuzilma, o‘zlashtirilgan hududlar, foydalanilayotgan suv va fazo okeanlari, jamuljam holda inson yashaydigan makonga aylangan koinot kengliklari ko‘rinishida ulardan ajralib turadi. Bunda ko‘lamli strukturalar o‘z holicha, xaotik tarzda vujudga kelmaydi, balki jamiyat evolyusiyasi ob'ektiv jarayonlarining mahsuli hisoblanadi va muayyan xalqlarning turmushi, madaniyatini, ularning iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanish darajasini, ma'lum vaqt ruhini o‘zida aks ettiradi. Bularning barchasi pirovardida «ikkilamchi tabiat»ni tashkil etadigan tegishli arxitektura, o‘zgartirilgan landshaft va shu kabilarda o‘z aksini topadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |