4.Islomda bag’rikenglik tamoyillari.
O‘zbekistonda turli dinlar va konfessiyalar bir-biri bilan doimo murosa tamoyillari talablari doirasida tinch-totuv yashagan. O‘zbek xalqi qadimdan, barcha makon va zamonda boshqa xalq, konfessiya va din vakillariga nisbatan doimo xayrixoh va hurmatni eng oliy qadriyat sifatida ko‘rgani va unga to‘la amal qilganini ko‘rsatadi.
Biz ota-bobolarimiz dini bo‘lgan Islom dinini hech qachon inkor etmaganmiz va undan hech qachon voz kechmaymiz. Ayni vaqtda, biz Islom g‘oyalari bilan niqoblanib olgan jangari, ashaddiy aqidaparastlik ruhidagi diniy oqimlarga mutlaqo qarshimiz va ular bilan hech qachon kelisha olmay¬miz. Biz Islomning din sifatida siyosiylashtirilishini ham qabul qila olmaymiz. Biz odamlarni osoyishtalik va yaratuvchilikka, turli millat va din vakillarini o‘zaro murosa, bag‘rikenglik va hamjihatlik asosida yashashga da’vat etadigan an’¬anaviy, tinchlikparvar, muqaddas Islom tarafdo¬rimiz. O‘zbekistonning ko‘p asrlik tarixi davomida antisemitizm, irqiy va diniy kamsitish hollari bizning zaminimizda hech qachon namoyon bo‘lgan emas. Vatanimiz tarixidan odamlar o‘rtasida mil¬liy va diniy asosda nizo chiqqan biron-bir voqeani misol keltira olmayman. Biz O‘zbekiston tarixida, ushbu zaminda yuzlab va minglab yillar mobaynida Islom dini bilan boshqa dinlar, jumladan, yahudo dini yashab kelgani bilan faxrlanamiz. Ikkinchi jahon urushi davrida fashizm dahshatlaridan qochgan 250 mingdan ziyod yahudiy millatiga mansub aholi O‘zbekistondan panoh topgani musulmon kishining o‘za din vakiligiga ana shunday munosabatni bildiradi.
Payg‘ambarimiz (s.a.v) bu borada islom ummatigagina emas, butun insoniyatga ibrat-namuna bo‘ldilar. U zot Madinaga hijrat qilganlarida davlat ishlaridagi birinchi amallari o‘sha yerlik yahudiylar bilan ularning aqidalarini hurmat qilishga asoslangan ahdnoma tuzish bo‘ldi. Janob Rasululloh ahli kitobdan bo‘lgan qo‘shnilari bilan yaxshi munosabatda bo‘lar, hadya berib, ulardan ham qabul qilardilar. Madinaga Habashiston nasroniylarining vakillari kelganida, ularni masjidga tushirib ziyofat berdilar va xizmatlarini qildilar. Hattoki Najron nasroniylari kelganida, ularga masjidning bir tomonida ibodat qilishga ijozat berdilar.
Dastlab rohib bo‘lgan angliyalik tarixchi Karen Armstrong “Muqaddas urush” kitobida shunday yozadi: “Muhammad (alayhissalom) faqatgina Makka mushriklari bilan emas, bir paytning o‘zida mahalliy yahudiy qabilalari va ular bilan til biriktirib hujumni rejalashtirgan Shom nasroniylari bilan ham urushishga majbur bo‘lgan edi. Ammo bu uning qalbida dushmanlariga nafrat tug‘dirmadi, uni ahli kitobni (yahudiy va nasroniylarni) la’natlashga olib kelmadi. Musulmonlar hayotlarini himoya qilishga majbur bo‘lishdi, lekin o‘z dushmanlarining diniga qarshi muqaddas urushga kirganlari yo‘q. Bordi-yu, urushishga majbur bo‘lib qolishsa, insonparvarlikni unutishmasdi. Ular diniy xizmatchilarni, rohiblarni bezovta qilishmasdi, urushda qatnashmayotgan, ojiz kishilar, ayollar, yosh bolalar, keksalarga tegmas, ularga zarar yetkazmas edi. Ular tinch aholini o‘ldirishmagan, bino va uy-joylardan hech birini vayron qilmagan”.
Konstitutsiyamizning 18-moddasida: “O‘zbekiston Respublikasada barcha fuqarolar bir xil huquq va erkinliklarga ega bo‘lib, jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, e’tiqodi, shaxsi va ijtimoiy mavqeidan qat’i nazar, qonun oldida tengdirlar”, deb ko‘rsatilgan. Bu Asosiy qonunda shunchaki belgilanmasdan, amalda ham namoyon bo‘lmoqda. Buni nafaqat jamiyatning har bir fuqarosi his qilmoqda, ayni paytda jahon hamjamiyati e’tirof etmoqda, o‘zbek modelining mazkur masaladagi tajribasidan namuna olmoqda. Bu bejiz emas. Chunki mamlakatdagi tinchlik va barqarorlikning asosiy omillaridan biri murosa tamoyili bo‘lgan diniy bag‘rikenglikdir.
Tarix davomida ulkan hududlarni boshqargan musulmon hukmdorlar boshqa dinlarning vakillariga favqulodda hurmat va bag‘rikenglik bilan munosabatda bo‘lishgan. Islom davlatlarida yashagan nasroniy va yahudiy dinidagilar hamisha to‘la xavfsizlikda, tinch-osoyishta yashab kelishgan, diniy marosimlarini bemalol o‘tkazishgan. Buni G‘arb tarixchilari va tadqiqotchilari ham, ahli kitoblarning ruhoniylari ham ochiq tan olib yozishgan.
Abu Mansur Moturidiy (870-944) Haj surasi 40-oyati tafsirida: “Cherkov va sinagogalarni vayron qilish man etiladi. Shuning uchun ham musulmonlar yurtida shu davrgacha ular buzilmay saqlanib qolgan. Bu masalada ahli ilm orasida ixtilof yo‘qdir”, deb yozib qoldirgan. Buxoroda ilk sinagoga milodiy VIII asr boshlarida qurilgan. Yahudiy jamoasi vakili bu haqda bunday deb ko‘rsatadi: “O‘rta asr Ovrupasi va Vizantiya imperiyasidan quvg‘in qilingan yahudiylik Markaziy Osiyoda boshqa dinlar bilan bir xil huquqqa ega edi” Milodiy VII asr boshlarida Termiz va uning atrofida 10 ta buddaviylik ibodatxonaci bo‘lib, minggayaqin rohib xizmat qilgani manbalardan ma’lum. O‘zbekiston falsafasining o‘ziga xosligini, muhim jihatini bag‘rikenglik va kechirimlilik tashkil etadi. Bu jahon tamaddunida noyob hodisadir. Hatto turli makon va zamonda yurtimizga yovuz ko‘z bilan bosqinchilik qilganlar ham bu fenomen oldida bosh egganlar va aksariyat hollarda mazkur murosa tamoyili talablariga bo‘ysunganlar. Shuning uchun ham “xalqimizning etnik, madaniy va diniy sabr-bardoshi ma’naviy Uyg‘onishning yana bir bitmas-tuganmas manbaidir. Ming yillar mobaynida Markaziy Osiyo g‘oyat xilma-xil dinlar, madaniyatlar va turmush tarzlari tutashgan va tinch- totuv yashagan markaz bo‘lib keldi. Etnik sabr-toqat, bag‘rikenglik hayot bo‘ronlaridan omon qolish va rivojlanish uchun zarur tabiiy me’yorlarga aylandi. Hatto bu hududlarni bosib olganlar ham Markaziy Osiyo xalqlarining madaniyati oldida bosh egibgina qolmay, uning eng qimmatbaho an’analarini, shu hududda mavjud bo‘lgan davlatchilik an’analarini avaylab qabul qilganlar”. Bularning barchasi juda qadimdan ajdodlarimiz o‘zaro munosabatlarda o‘ziga xos sharqona murosa tamoyillariga amal qilganini ko‘rsatadi. “So‘nggi ikki asr davomida ham o‘zlarini “madaniyatli” va “ma’rifatli” hisoblab kelgan davlatlar ommaviy qirg‘inlar va diniy ta’qiblar bilan o‘zlariga dog‘ tushirgan paytda O‘zbekiston zamini xalqlar va madaniyatlar tinch birlashgan joygina bo‘lib qolmay, balk quvg‘in qilingan xalqlarga boshpana ham berdi.
Xulosa shuki, islom dini insonlar huquqini va erkinliklarini himoya qilish, jamiyatda ma’naviy va madaniy muhitni yaxshilash, ayollar manfaatlarini asrash kabi masalalarda muhim omil sanaladi. Ayniqsa, chetdan global ta’sirlar kuchaygan paytda islom omilidan o‘rinli foydalanish jamiyat tinchligi, xavfsizligi va ma’naviy ravnaqida alohida ahamiyatga ega. Kundalik hayotimizga pinhona tarzda, ustalik bilan kirib kelayotgan global xurujlar, eng avvalo ongi, dunyoqarashi uncha shakllanmagan, hayot yo‘lini tanlashga ulgurmagan yoshlar va ayollarga qaratilgan.
Chunki mustaqillik dushmanlari qay bir mamlakatning kelajagi, orzu-umidi bo‘lgan yoshlar qalbiga egalikni qo‘lga kiritsa, o‘sha yurtni egallab olish oson bo‘lishini yaxshi anglaydi. Bunday ruhiy-ma’naviy ta’sirlar jamiyatda hech qanday qarshilik-to‘siqqa uchramasa, bemalol quloch yozadi va butun bir avlodni fikrsiz olomonga, boshqarish mushkul to‘daga aylantiradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |