Ijtimoiy ong holatlari. Ijtimoiy ongning yaxlit tavsifi ijtimoiy ong holati, ommaviy ong, jamoatchilik fikri kabi tushunchalarda ifodalanadi. Ijtimoiy ong holati mazkur tarixiy davrda qaysi g‘oyalar va qarashlar yetakchilik qilayotgani, ijtimoiy ongning qaysi shakllari jamoatchilik fikri va kayfiyatiga ayniqsa samarali ta'sir ko‘rsatayotgani, jamoatchilik fikrini shakllantirishning qaysi mexanizmlari ustuvor ahamiyatga ega ekanligi (u mafkuraviy majburlov mahsulimi yoki stixiyali tarzda shakllanadimi), jamoatchilik fikrini shakllantirish vositalari orasida fan, din, siyosat va huquq qanday o‘rin egallashi bilan belgilanadi. Ijtimoiy ong holatlarini tavsiflashda ilmiy va noilmiy tasavvurlarning o‘zaro nisbatini aniqlash muhim ahamiyat kasb etadi. Masalan, ijtimoiy bo‘hronlar va tangliklar davrida o‘ta xurofiy aqidalar tiklanadi, sarosimalik kayfiyatlar, ijtimoiy ongning beqaroligi kuchayadi. Ijtimoiy ong madaniyatda o‘zining amaliy ifodasini topadi.
Ijtimoiy kichik tizim ijtimoiy ishlab chiqarishda mehnat taqsimoti va ixtisoslashish muqarrar tarzda ijtimoiy tabaqalanishga turtki beradi, o‘ziga xos vazifalarnigina bajaradigan, jamiyatda ma'lum mavqyega ega bo‘lgan va o‘z manfaatlarini ilgari suradigan nisbatan mustaqil ijtimoiy birliklar va guruhlar vujudga kelishiga sabab bo‘ladi. Shuni ta'kidlash lozimki, ijtimoiy tabaqalanish va odamlar o‘rtasidagi tengsizlik jamiyatning tabiiy holatidir. «Oltin asr», umumiy va to‘la tenglik haqidagi orzu mutlaqo noilmiy bo‘lgani bois uni ro‘yobga chiqarish mumkin emas. Shuningdek, u zararlidir, chunki odamlarni to‘g‘ri yo‘ldan ozdiradi, ijtimoiy munosabatlarga keskin tus beradi. Tarixdan ma'lumki, umumiy tenglik haqidagi shiorlar hyech qachon ro‘yobga chiqmagan: bir tengsizlik o‘rnida boshqa tengsizlik paydo bo‘lgan. Oilada, urug‘ yoki qabilada ustun mavqyega erishish uchun, o‘z shaxsiy obro‘si – kuchi, mardligi yoki mahorati tan olinishi uchun kurash ijtimoiy hayotning dastlabki bosqichlaridayoq yuzaga kelgan. Ta'bir joiz bo‘lsa, tengsizlik shaxs va pirovard natijada – jamiyat rivojlanishining muhim omilidir.
Ijtimoiy tengsizlik vujudga kelishi va jamiyatning rivojlanishida mulk instituti alohida rol o‘ynagan. Mazkur institut vujudga kelishi bilan odamlarning mulkiy tengsizlik bilan bog‘liq tabaqalanishi kuchaygan. Alohida kasbiy faoliyat sifatida aqliy mehnat bilan shug‘ullanadigan kishilar paydo bo‘lgan. Mazkur jarayonlar mehnat taqsimotini faollashtirgan. Ayrim guruhlarning alohida ajralib chiqishiga, boshqalarining turli hamjamiyatlarga birlashishiga turtki bergan. Har qanday jamiyatning ijtimoiy tuzilishi mazkur jamiyat tarixining ma'lum davridagi muayyan-tarixiy ijtimoiy birliklar va guruhlarning o‘zaro munosabatlari, hamda mazkur munosabatlarni tartibga soluvchi maxsus institutlar va muassasalar majmui bilan tavsiflanadi.
ADABIYOT
ASOSIY:
Do'stlaringiz bilan baham: |