II.3. Radiatsiyaviy vaziyatni baholash qanday tartibda olib boriladi. Radiatsiyaviy xavfsizlik quyidagi yo‘llar bilan ta’minlanadi: radiatsiyaviy xavfsizlikni ta’minlash dasturlarini ishlab chiqish va amalga oshirish;
ionlashtiruvchi nurlanish manbalaridan foydalanilganda fuqarolar olgan nurlanishning individual dozalarini nazorat qilish va hisobga olish yagona davlat tizimining amal qilishi;
radiatsiyaviy ta’sir tufayli fuqarolar sog‘lig‘iga zarar yetkazilishi xavfi yuqori bo‘lganligi uchun to‘lanadigan tovon turlari va miqdorlarini belgilab qo‘yish;
radiatsiyaviy avariya natijasida fuqarolar sog‘lig‘iga hamda ular molmulkiga yetkazilgan zararni qoplash; ionlashtiruvchi nurlanish manbalaridan foydalanish bilan bog‘liq faoliyat turlarini belgilash; ionlashtiruvchi nurlanish manbalarining eksport va import qilinishini davlat tomonidan tartibga solish;
tibbiy-profilaktik tadbirlar o‘tkazish; radiatsiyaviy vaziyat hamda radiatsiyaviy xavfsizlikni ta’minlash choratadbirlari to‘g‘risida fuqarolarni xabardor qilish;
fuqarolarga radiatsiyaviy xavfsizlik chora-tadbirlarini o‘rgatish;
radiatsiyaviy avariyalar natijasida nurlanishga duchor bo‘lgan fuqarolarga yordam ko‘rsatish;
radioaktiv ifloslanish zonalarida fuqarolarning yashashiga doir alohida rejimlarni joriy etish; tegishli hududda radiatsiyaviy avariyalar oqibatlarini bartaraf etish;
radiatsiyaviy avariya yuzaga kelishi xavfi bo‘lgan taqdirda tezkor choratadbirlarni tashkil etish va o‘tkazish.
Radiatsiyaviy xavfsizlik qonun hujjatlariga muvofiq boshqa chora-tadbirlar orqali ham ta’minlanishi mumkin.
Ionlashuvchi nurlanish manbalarini bilan ishlashda radiatsion nurlanish xavfliligini baholashda ochiq, yopiq va aralash turlarga bo‘lib baholanadi.
Yopiq manbalar tashqi muxitdan to‘liq ajratilgan bo‘ladi. Bular insonga faqat tashqaridan ta’sir etishi mumkin. Ochiq manba deb shunday agregat holatidagi va qobiqdagi radioaktiv moddalar bo‘lib, atrofga tarqalishi va organizm ichiga tushishi mumkin bo‘lgan holat tushuniladi. Aralashga neytron nurlanish yopiq manbalari kirib, u neytronlar bilan tashqi nurlanish orqali odam organizmiga tushadi va kutilmagan radioaktivlikni hosil qiladi.
Yopiq manbalar bilan ishlashda tashqi nurlanishdan himoyalanish talab etiladi. Ochiq radioaktiv moddalar bilan ishlashda tashqi nurlanishdangina himoyalanmay shu bilan birgalikda radioaktiv moddalarni organizmga tushishidan ham himoyalanish talab etiladi. Shuning uchun ishlab chiqarishda ochiq va yopiq ionlashuvchi nurlanishlar bilan ishlash uchun xavfsizlik alohida xavfsizlik talablari ishlab chiqilgan.