O'zansiz vaqtincha oqar suvlar ishi. Yer yuzasiga yoqqan har tomchi yomg'ir yer po'stini ozmi-ko'pmi yemiradi. Bu qadim zamonlardan beri ma'lum. Qadimgi rimliklarning «tomchi toshni teshadi» degan hikmatli so'zi ham bor. Yuqoridan tushgan tomchilar yer yuzasida kichik-kichik chuqurchalar hosil qiladi. Tub jinslar yuzasi fizik va kimyoviy nurash mahsuloti elyuvial yotqiziq bilan qoplangan bo'ladi, shuning uchun yomg'ir suvlari ta'siriga tub jinslar bevosita duch kelmaydi. Yomg'ir suvlari tog' jinslariga faqat juda qiya yonbag'ir va qoyali ochiq yerlarga yaxshi ta'sir qilib, u yerdagi jinslarni yemiradi. Ko'pincha yomg'ir va qor suvlari har qanday tog' jinslariga ta'sir etib, ularni (gil, qum, ohaktosh, gilli slanetslarni) ozmi-ko'pmi yuvadi, sidiradi. Yomg'ir suvlari yig'ilib jo'yak hosil qilguncha yoyilib, o'zansiz oqadi. Tеkis yerga yoqqan yomg'ir suvining bir qismi yerga singadi va tog' jinslarini kamroq sidirib yuvadi. Biroq yer yuzida tekis yerlar juda kam uchraydi. Qiya yerlardagi suvlar nishab bo'yicha pastga qarab o'zansiz oqib yo'lda uchragan nuragan jinslarni surib kеtadi va natijada katta ish bajaradi. Daryo o'zanida suv qancha ko'p bo'lsa, shuncha tеz oqadi va uning yemirish ishi kuchayadi. Tog' yonbag'irda oqar suvlar nuragan jinslarni va mineral zarrachalarni o'zi bilan oqizib kеtadi. Yer yuzasi ko'proq qiya bo'lsa, tushayotgan yomg'ir suvlarining yuvish, sidirish ishlari tеzlashadi. Bu hol tog'li o'lkalarda ayniqsa yaqqol ko'rinadi, chunki bu yerlarda ko'pincha sеl bo'lib turadi. Bunday joylardagi o'simliklar qalin o'rmonlar, ayniqsa tropik o'rmonlar, hatto tik yonbag'irdagi yuvish jarayonlarini ham birmuncha sekinlashtiradi. O'simliksiz va o'simlik siyrak o'sadigan yerlarda eroziya kuchli bo'ladi. Dasht va cho'llarda o'simliklar siyrak bo'lsa-da, yog'in kam tushishi sababli eroziya jarayonlari susayib, shamolning ishi aksincha ustun turadi. Yuvish jarayonlariing tezligi tog' jinslarining kimyoviy tarkibiga va fizik xossasiga ham bog'liqdir. Yumshoq va g'ovak tog' jinslar t еzroq, qattiq jinslar esa sеkinroq yemiriladi. Har xil jinslardan tuzilgan yotqiziqlarda, masalan, morenalar, qum-shag'al to'plamlari va sеrg'ovak otqindi vulqan jinslarida yemirish protsеssi o'ziga xos turli shakllarni hosil qiladi. Yomg'ir suvlari mayda zarrachalarni tеz yuvib kеtsa-da, katta toshlarga kuchi yetmaydi. Yirik toshlar atrofidagi tuproqni borgan sari yomg'ir suvi bilan yuvib boradi. Tosh ostidagi quruq yer esa ustunsimon ko'tarilib qoladi. Ba'zan bu ustunlarning balandligi 30 m ga yetadi.
O'zansiz vaqtincha oqar suvlar ishini O'rta Osiyo tog'lari misolida yaqqol ko'rishimiz mumkin. Bahorda o'zansiz vaqtincha oqar suvlar ayniqsa kuchli bo'lib, jo'yaklar va delyuviy (lotincha deluo- yuvaman. Yomg'ir, qor suvlari olib kelgan yotqiziqlar) yotqiziqlarini yonbag'ir etagiga to'playdi va natijada ariq hamda soylarni hosil qiladi. Bunday jarayonlar O'rta Osiyoda (aprel, may, iyun oylarida) tog'larda va vodiylarda hosil bo'ladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |