Antetsedent vodiylarning shakllanishi. O'zan eroziyasi kechayotgan vodiyga perpendikulyar tarzda tog' tizmalari shakllanishi tufayli antetsedent vodiylar yuzaga keladi. Chunki tektonik harakat tufayli ko'tarilayotgan tog' massivini daryo tabora yemira boradi. Tog' esa ko'tarilishda davom etaveradi. Ko'tarilish darajasiga ko'ra yemirish kuchi shiddatliroq kechishi uchun, daryo o'zani yo'nalishida ikki tomonlama ochiq antetsedent (lotincha antecedo - yoshi ulug' demoq) vodiy yuzaga keladi. Bu turkumdagi vodiyga nisbatan ko'tarilayotgan tog' tizmasi yosh bo'lgani uchun shunday ataladi. Turkiston va nurota tizmasi tutashgan nuqta, ya'ni Ilono'tti vodiysi bo'ylab xuddi shunday antetsedent vodiy shakllangan. Demak, bu yerda antetsedent vodiy hosil qiluvchi Sangzor daryosi o'zining yo'nalishida ko'tarilgan Turkiston tog' tizmasiga nisbatan qadimgiroq ekan. SHu boisdan u o'z yo'lida ko'tarila boshlagan Turkiston tizmasi deb ataluvchi balandlikni kesib o'tgan.
O'zan eroziyasi tufayli sharsharalar, ostonalar, ispolin qozonlar shakllanadi.
Sel-tog' vodiylari va soylardan oqib keladigan, katta vayrongarchilik kuchiga ega bo'lgan qisqa muddatli loyqa yoki loyqa-tosh aralash kuchli suv oqimi. Qorlarning jadal erishi, kuchli jala yog'ishi natijasida tog'lardan boshlanadigan kichik daryo va soylar havzalarida sodir bo'ladi. Sel soylarning quyi tomoniga qum, shag'al, xarsang va loyqa aralashgan hosilalarni olib borib tashlaydi. Sel oqiziqlari tashqi ko'rinishida xuddi lavaga o'xshaydi. Bunday s elni Yevropada mura deb yuritiladi.
Sel to'satdan paydo bo'lib tog', dara va soylardan juda katta tezlik (20— 25m/sek) bilan pastga intiladi va yo'lida uchragan to'siqlarni yemirib, oqizib ketadi. Shu vaqtda o'zandagi suv loyqasi 5—20 m gacha ko'tariladi. Masalan, 1966 yilda Isfayramsoyda, 1967 yili Kichik Olmaota soyida va 1978 yili Qarpat tog'ida sel bo'lib bir ikki soatda har qaysisi 3000—4000 m3 shag'al-va loyqani chiqarib tashlagan. 1969 yili huddi shunday hodisa Chirchiq daryosi va uning irmoqlarida may oyida bo'lib o'tgan. Oqsoqota irmog'ida 2 soat davom etgan sel o'zan usti terrasasidagi ekin maydonlarini, tegirmonlarni oqizib ketgan. Shu qisqa vaqt ichida bir necha yuz tup mevali daraxt va ming m3 shag'al Chirchiq daryosiga quyilgan.
Sel yotqiziqlari odatda tog' etaklariga yoyilib prolyuviy yotqizig'ini hosil qiladi. Yonbag'irlardagi elyuviy, delyuviylar yog'in suviga to'yingandan so'ng harakatga kelgan mahsulotlarni pastga oqizib tushadi. Sel faqat gil va katta-katta toshlarnigina emas, balki ildizi bo'shroq daraxtlarni ham oqizib ketadi. O'rta Osiyodagi tog'larning etaklarida hosil bo'lgan prolyuvial yotqiziqlar vaqtincha o'zanli oqar suvlar mahsulidir. Sel halokatli jarayonlardan bo'lib, xalq xo'jaligiga katta zarar keltiradi. Selga qarshi kurash choralari ishlab chiqilgan. Eng foydali tadbirlardan biri tog' yonbag'irlarida daraxtzorlar tashkil etish va selning tezligini kamaytiradigan sun'iy g'ovlar qurishdan iborat. Toshkent yaqinidagi Oqtosh daraxtzorlari va Samarqand janubidagi Omonqo'ton yaqinidagi ihotazorlar bunga misoldir. Yonbag'irlarga daraxtlar ekilishi bilan Oqtosh vodiysida yuz berishi mumkin bo'lgan xavfning oldi olindi.
Do'stlaringiz bilan baham: |