9-rasm. AQShdagi Flint-Mamont g'ori
Ko'r karst bo'shliqlar. Yer osti karst xosilalarining ushbu turi kirish va chiqish yo'llari kuzatilmaydigan bo'shliqlar tarzida namoyon bo'ladi. Ko'r karst bo'shliqlari gaz, neft, suv va boshqa qazilma boyliklar zaxirasini aniqlash yoki ularni qazib olish, shaxta, shtolbnyalar o'tkazish ishlarini amalga oshirish jarayonida namoyon bo'ladi. Ko'r karst bo'shliqlari Janubiy Farg'ona, CHumqartov, Zarafshon tog'ining g'arbiy qismlari, Zarabuloq-Ziyovuddin tog'lari, Markaziy Qizilqum qoldiq tog'lari, Xisor tizmasi bo'ylab (Ketmonchopdi tog'ining janubiy-sharqiy yon bag'ridagi, Boysun ko'mir konini qazish ishlari jarayonida) aniqlangan. Ularning aksariyati xaqiq-oniks qatlamlari bilan qoplangan stalaktit, stalagmitlar rivojlangan haqida namoyon bo'ladi.
Karstli rayonlarning yer po'stida yuza va chuqur bo'shliqlarning mavjudligi bu hududlarning gidrografik tarmoqlarini o'ziga xos bo'lishiga olib keladi. Yog'in suvlari voronka va yer yoriqlaridan chuqurga tushib ketadi. Natijada yer ustidagi daryo tarmoqlari rivojlanmay qoladi. Karstli hududlargaga chetdan oqib keluvchi daryolar suvi birdaniga yer ostiga tushib ketadi, yoki karst teshiklariga asta-sekin oqib tushib yo'qolib ketadi.
Bu daryolarning ba'zi birlari ma'lum masofada yer ostida oqqach, yana yer betiga chiqadi. Boshqalari yer ostiga ketgach, ko'pdan-ko'p yer osti kanallariga bo'linib, tugab ketadi. Ba'zan bir qancha yer osti suv oqimlari yig'ilib, yaigi daryo hosil qiladi; bu daryo yer betiga voklyuza deb ataluvchi katta buloqlar tarzida oqib chiqadi.
Daryolar tagi grunt suvlari sathidan pastda bo'lgandagina ochiq karstli hududlarda doimiy daryolar bo'lishi mumkin. Bunday daryolar vodiysi juda chuqur, dara yoki kan'on shaklida bo'ladi.
Yopiq karstdagi daryolar va ularning vodiylari ochiq karstdagi kabi yaqqol aks etgan o'ziga xos belgilarga ega emas. Ular oddiy daryolardan suvining ko'pincha karst chuqurliklariga tushib ketishi bilan farq qiladi.
Karst tarqalgan hududlarning qishloq xo'jaligida foydalanish sharoiti ham o'ziga xosdir. Karst rivojlangan joylarning suvni tortib ketishi ochiq karstli ko'pdan-ko'p rayonlarning suvsiz va unumsiz bo'lishiga olib keladi. Namligi ortiqcha zonalardagi karstli rayonlar suv o'tkazmaydigan jinslardan tuzilgan hududlarga qaraganda ancha qulaydir.
Karbonatli jinslar tarqalgan karstli hududlardada shu zonadagi boshqa jinslar ko'p bo'lgan joylardagiga qaraganda unumdorroq tuproqlar rivojlanadi. Karstning gidrogeologik xususiyatlari ohakli hududlar iqlimida haroratning yuqori va havoning quruq bo'lishiga imkon beradi. Shu sababli karst jarayoni turli geografik zonalarda turlicha bo'ladi. Ochiq karst O'rta dengiz subtropiklarida juda keng tarqalgan bo'lib, ushbu karstni turlarini O'rta dengiz tipi ham deyiladi. Bu hududlarda karst hodisasining rivojlanishi uchun hududning geologik tuzilishi va iqlim sharoiti juda qulaydir. Yog'inlarning jala tarzida yog'ishi, quruq faslning mavjudligi yer betiga chiqib yotgan ohaktoshlarda yomg'ir suvlarining faolligi kuchaytiradi.
Mo'tadil iqlim sharoitida ham karstning rivojlanishi uchun qulay sharoit mavjud bo'lib, bu yerda asosan yopiq karst turlari rivojlanadi. Yer osti karst bo'shliqlari asosan yer osti suvlarining ishi bilan bog'liq. Yuza shakllari esa o'pirilishlar bilan bog'liqdir.
Tropiklarda esa o'ziga xos karst qoldiq tog'li shakllari keng tarqalgan. Boshqa zonalarda karstning pastqam shakllari keng tarqalgan bo'lsa, tropik karstlarda balandlik shakllari keng tarqalgan.
Arid zonalarda namlikning yetishmasligi karst hodisasining faol bo'lishiga imkon bermaydi. Sovuq iqlim sharoitida suv muzlaganligi va haroratning pastligi erish jarayoniga salbiy ta'sir ko'rsatadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |