JANOZAGA BORISH ODOBI
Ey, farzand!
Janozaga iloji boricha jamoat bo‘lib borish, marhumning yaqinlari ko‘nglini olib, xizmatlar qilib, yordam berish kerak. Ta’ziya izxor qilib, tasalli so‘zlar aytish, marhum uchun rahmat va mag‘firat tilash kerak.
Lozim bo‘lsa kafanlik va boshqa xizmatlarda yordam berish, dafn ishi oxirigacha jamoatdan ayrilmaslik kerak.
Agar zarur bo‘lmasa, ulov minmasdan yayov borgan yaxshiroq. Payg‘ambarimiz (s.a.v.) bir janozaga yayov borib, qaytishlarida hozirlangan ulovga minib qaytdilar. Ashobdan ba’zilar buning sababini so‘rashganda, Rasululloh (s.a.v.) marhamat etdilar:
«Mayit qabrga ko‘tarib ketilayotganda farishtalar ham birga borishadi. Ularga muvofiq bo‘lmoq uchun men ham ulov minmadim. So‘ng farishtalar qabristonda qoldilar, biz bilan birga qaytishmadi. Men ham shuning uchun qaytishda ulovga mindim».
Janoza namozini o‘qib, qabristongacha bo‘lgan xizmatlar uchun beriladigan savobni aytib ado qilib bo‘lmaydi. Shuni yaxshi bilmoq kerakki, xizmat qilgan xizmat ko‘radi. Xizmatdan qochganning esa xizmatidan qochishadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |