Darvinning evolyutsion ta’limot ustida ishlashi Turlarning o‘zgarishi to‘g‘risidagi dastlabki g‘oyalar Darvinda “Bigl” kemasidagi safar davrida keldi. Ammo hali ko‘p muammolar bor edi. Darvin Angliyaga qaytgach xonaki va tabiiy sharoitdagi hayvon va o‘simliklarning o‘zgaruvchanligiga oid ko‘plab ma’lumot to‘pladi. 1837 yil iyul oyida yon daftarida evolyutsiyaga oid dastlabki ma’lumotlarni yozdi. Ana shu paytdan boshlab, turlarning kelib chiqishi muammosini hal etish, uning butun hayotini asosiga aylanib qoldi.
1839 yil yanvarida Darvin uylanadi, 1842 yilda Londondan Daunga ko‘chib keladi va umrining oxirigacha shu yerda yashaydi. 1839-1843 yillarda “Bigldagi sayohatning zoologik natijalari” nomli 5 tomlik kitob nashr etiladi. Bu kitobni yozishda Darvin va boshqa olimlar ham ishtirok etadi.
1842 yilda “Karall riflarining tuzilishi va tarqalishi”, 1844 yilda “Janubiy Amerikada geologik tadqiqotlar” nomli asarlari bosilib chiqadi. Bu asarlar hozir ham o‘z qiymatini yo‘qotgani yo‘q. Turlarning kelib chiqishi nazariyasining asosiy qoidalari 1842 yilda qisqacha ocherkida o‘z ifodasini topdi. 1844 yilga kelib, turlarning kelib chiqishiga oid ocherklari tayyor bo‘ldi.
Bu davrga kelib tabiiy va sun’iy tanlanish muammolari Darvinini qiziqtira boshladi. Darvin turlarning o‘zgarishi nazariyasi muhim nazariya ekanligini tushunar edi. Shuning uchun ham bu ma’lumotlarni homaki tarzda e’lon qilishga shoshilmas edi. Darvinning bu ishlarida juda yaqin bo‘lgan Lyayyel va Gukerlar xabardor edilar, xolos. 1856 yilda Lyayyel Darvinga organik dunyoning tarixiy taraqqiyoti haqidagi o‘z fikrlarini kengroq bayon etishni maslahat beradi. Shundan keyin u 1842 yilda yozgan “Turlarning kelib chiqishi” nomli asaridan 4 marta katta asar yozishga kirishadi.
Asar yarim bo‘lganda Darvinning fikrlari o‘zgaradi. Chunki Darvin 1858 yil 18 iyunda Malayya orollari arxipelagida ish olib borayotgan taniqli zoolog va tropik mamlakatlarning yirik tadqiqotchisi Alfred Uollesdan xat va kichik maqola oladi. Xatda Uolles bu maqola ma’qul bo‘lsa uni nashr etishni iltimos qiladi. Xat va maqola bilan tanishgach u yerdagi fikrlar o‘zining fikrlari bilan hayron qolarli darajada o‘xshash ekanligini e’tirof etadi va Uollesni birinchi evolyutsion ta’limotning asoschisi sifatida tan olmoqchi bo‘ladi. Lekin Darvinni evolyutsion ta’limot ustida 20 yildan buyon ishlayotganidan va ko‘plab faktik materiallari borligidan xabardor bo‘lgan Lyayyel, Guker, amarikalik botanik Aza Grey va boshqa olimlar bunga yo‘l qo‘ymadilar. Ularning talabiga binoan Darvin o‘z ta’limotining qisqacha bayonini va bu ta’limotni isbotlovchi ikkita hujjatni Uolles maqolasi bilan birgalikda “Linney jamiyati”ga 1858 yil 1 iyulda taqdim etdi. Jamiyat Jurnalning 1858 yil avgust sonida Uolles maqolasi va Darvinning “Organik mavjudotlarning tabiiy tanlanish, honaki hayvonlarni yovvoyi turlar bilan chatishtirish to‘g‘risida” nomli maqolasi nashr etildi. Lekin har ikkala maqola olimlarning diqqatini o‘ziga torta olmadi.
Shundan keyin Lyayyel va Guker Darvinni o‘z nazariyasini qisqacha bo‘lsa-da, tezroq bitta kitob qilib chiqarishga shoshirdilar. Natijada 1859 yil 24 noyabrda Darvinning “Tabiiy tanlash yo‘li bilan turlarning kelib chiqishi yoki yashash uchun kurashda eng yaxshi moslashgan zotlarning saqlanib qolishi” degan mashhur kitobi bosmadan chiqdi.
Bu asarning 1250 nusxadan iborat butun nashri bir kunda sotilib tugadi. Kitobni ikkinchi marta nashr etish kerak bo‘lib qoldi va o‘sha yili 3000 nusxada nashr etildi. Bu kitob tez orada butun Yevropada muvaffaqiyat qozongani o‘sha davrdayoq ma’lum edi. Chunki u tezda tarqaldi va turli tillarda nashr etildi.
Keyinchalik A.Uolles “Men hamma vaqt oldin ham, hozir ham tushunamanki, Ch. Darvin bu masala bilan mendan oldin shug‘ullana boshlagan va turlarning kelib chiqishi kabi og‘ir masalani yoritish meni zimmamga tushmadi” deb yozgan edi. A.Uolles Darvinizmning eng aktiv pragandislaridan biriga aylandi. “Darvinizm” terminini ham birinchi marta Uolles qo‘llagan va “Darvinizm” nomli kitob yozgan.