LISONIY SHAXS VA SO‘ZLOVCHINING IJTIMOIY ROLI HAQIDA
Reja
1.Tilshunoslikda inson omili tushunchasi.
2.Tilda sotsial rollar haqida.
3.Gender rollar xususiyatlari.
1.Tilshunoslikda inson omili tushunchasi. Tilshunoslikka “inson omili” tushunchasining kirib kelishi fanimiz o‘z taraqqiyotining yangi pillapoyasiga qadam qo‘yganligidan dalolat beradi. Zero, bugungi kunda tilga immanent mavujudlik sifatida qaraydigan, uni “til o‘zida”, “til til uchun” tamoyili asosida o‘rganadigan tilshunoslik o‘z o‘rnini tilni inson bilan, uning ongi, tafakkuri, ruhiy-amaliy faoliyati bilan bog‘lab talqin qiladigan antropologik tilshunoslikka bo‘shatib bermoqda. (Susov 1989: 9). Tilshunoslik lisoniy faoliyat va unda shaxsiy omilning namoyon bo‘lish aspektlarini chuqur o‘rganish sari yuz tutayotganligi kuzatilmoqda. Shuning uchun adresant va adresat nutqining o‘ziga xos xususiyati va o‘zaro munosabati, ular shaxsiy manfaatlarining kommunikatsiya jarayonida to‘qnashuvi hamda shaxsiy xususiyatlarning muloqot sifati va yo‘nalishiga ta’sirini o‘rganishning yangi-yangi yo‘nalishlari namoyon bo‘lmoqda. Bugungi kunda tilda inson omili, til va insoniy faoliyat, tilda inson va til insonda masalalarini o‘rganishga intilishlar bejiz emas. Bu intilishlar, umuman olganda, ilmiy bilimlarning gumanistik xarakter kasb etishi, fanning “insoniylashishi” umumiy tendensiyasi kuchayayotganligi bilan ham belgilanadi (Karaulov 1987:19). O‘ziga xos insoniy fenomen sifatidagi tilning mohiyatiga kengroq, aniqrog‘i, fanlararo obyekt sifatida chuqurroq kirib borish, shu asosda shaxs tabiatini, uning sotsium va etnosdagi o‘rnini, intellektual va ijodiy imkoniyatlarini o‘rganish, umuman olganda, inson nima degan savolga javob izlash qiziqarlidir (Susov 1998:103).
V.V.Bogdanov inson omili tarkibiga quyidagilarni kiritadi:
kishilarning lisoniy imkoniyati, ya’ni muloqot jarayonida foydalanadigan muayyan lisoniy kod haqidagi bilimlari;
milliy mansubligi;
ijtimoiy-madaniy mavqei (sotsial mansubligi, kasbi, lavozimi, madaniy saviyasi va urf-odatlari, ma’lumot darajasi, yashash joyi, oilaviy ahvoli);
biologik-fiziologik belgilari (jinsi, yoshi, sog‘ligi, jismoniy nuqsonlari bor-yo‘qligi);
psixologik tipi (mijozi, fe’l-atvori, ruhiy belgilari);
muloqot jarayonidagi ruhiy holati (kayfiyati, muloqot mavzusi haqidagi bilimi, maqsad va qiziqishlari);
kommunikantlarning tanishlik darajasi;
did-farosati, ishtiyoq va odatlari;
tashqi ko‘rinishi (kiyinishi, qiliqlari va h.).
Har xil sotsiumda bu belgilar bir xil qiymatga ega bo‘lmaydi va shuning uchun ular nutqiy muloqotda har xil darajada aks etadi, ammo bir butun holda kommunikativ ahamiyatli belgilar majmuini tashkil qiladi (1990:29).
Inson (individ) shaxs sifatida faqat sotsiumda, kishilar bilan muloqotda namoyon bo‘ladi. Shaxs — bu sotsiallashuv jarayonida, jamiyatda, jamiyatning boshqa a’zolari bilan birgalikda moddiy va ma’naviy, shuningdek, lisoniy qadriyatlar yaratuvchisi sifatida o‘z insoniy mohiyatiga ega bo‘lgan odamdir (Timofeyev 1971:25).
Muloqotning bir ko‘rinishi nutqiy muloqot va bunda inson lisoniy shaxs sifatida qaraladi. Psixologiyada shaxs biologik, sotsial va tabiiy muhit hamda sharoit bilan bog‘liq, nisbatan barqaror mavjudlik sifatida baholanadi (Karaulov 1987:35). Lisoniy shaxsning muhim sifatlaridan biri uning tildan foydalanish qobiliyatiga egaligi, shuningdek, muayyan vaziyat, maqsad va kommunikantlarga ega bo‘lgan dialogga erkin kirisha olishidir (dialog esa nutqiy o‘zaro ta’sir bo‘lib, muayyan ijtimoiy muhitda o‘zining muayyan qoida va meyorlarga ega bo‘ladi) (Suxix 1998:76).
Do'stlaringiz bilan baham: |