ISTIQLOL VA MILLIY TILSHUNOSLIK MUAMMOLARI
Reja:
Tilning amaliy voqelanishi tadqiqi.
Tilga bilim manbai sifatida yondashuv masalalari.
Til va madaniyat mushtarakligi muammosi.
Kompyuter lingvistikasi.
Tayanch tushunchalar
Tilning amaliy voqelanishi, tilning amaliy voqelanishi tahlili asosi, inson omili, tilning akkumulyativ vazifasi, til bilim – manbai, kognitiv konsept, lingvokulturologik konsept, lingvokulturema, til va madaniyat, tilda milliy-madaniy mundarija, semantikaning milliy-madaniy o‘ziga xosligi, milliy mansublik semasi, kompyuter lingvistikasi, korpus tahlil
O‘tgan asrning 80-yillarida respublikamiz va sobiq ittifoq matbuotida sohaning yetakchi mutaxassislari tomonidan o‘zbek tilshunosligining dolzarb masalalari bo‘yicha vazifalari e’lon qilingan va unda o‘zbek tilshunosligi o‘zining faktografik bosqichiga yakun yasaganligi, bu esa to‘plangan empirik dalillarni muayyan bir metodologiya asosida nazariy o‘rganishni taqozo qilayotganligi ta’kidlangan edi. Natijada o‘zbek tilini sistema sifatida o‘rganish, boshqa tillar andozalaridan xoli ravishda, ichki ontologik tabiatidan kelib chiqqan holda tadqiq qilish, to‘plangan nutqiy dalillar asosida tildagi lisoniy umumiyliklarni aniqlashga kirishildi. Keng planda ilmiy-tadqiqot ishlari olib borildi. Pirovardida 50 dan ortiq nomzodlik va doktorlik dissertatsiyalari himoya qilindi. Ularda o‘zbek tilining fonetik, leksik, grammatik sathlari sistem tadqiq usullari asosida ilmiy tekshirildi, tegishli xulosalarga kelinib, o‘zbek tilining yaxlit sistemaviy ta’limoti yaratildi. Tor tilshunoslik oqimi sifatida ish boshlagan soha o‘zbek substansial lingvistikasi maqomini olib, jahon tilshunosligi tomonidan e’tirof etildi va, hatto, Yevropa tilshunosligiga ta’sir ko‘rsata boshladi (Qarang: “O‘zbekiston ovozi” gazetasi, 2008 yil, 29 yanvar).
O‘zbek substansial tilshunosligi qo‘lga kiritgan natijalar asosida qator monografiya va o‘quv qo‘llanmalari, darsliklar vujudga keldi. Fundamental va innovatsion tadqiqotlar bo‘yicha grantlar qo‘lga kiritildi. O‘zbek filologiyasi bakalavri yo‘nalishining umumkasbiy fanlari bo‘yicha namunaviy o‘quv dasturlari yaratildi. Erishilgan yutuqlar amaliyotga tatbiq etildi.
Nazariyaning amaliyotga muvaffaqiyatli tatbiqi o‘zbek substansial tilshunosligi oldiga qo‘ygan pirovard vazifa edi. Bu vazifani u yuksak darajada ado etdi.
O‘zbek formal (an’anaviy) tilshunosligi zaminida shakllangan, taraqqiyot yo‘lini tanlagan va belgilangan maqsad asosidagi vazifalarini muvaffaqiyatli ado etgan o‘zbek substansial tilshunosligining hozirgi holati fanimizda yangi yo‘nalishlarning shakllanishini taqozo qilmoqda. Ular diqqat-markazida “lison-nutq” masalasini turli daraja va ko‘rinishda namoyon qiluvchi “til va jamiyat”, “til va madaniyat”, “til va shaxs”, “milliy til va milliy tafakkur”, “til va sun’iy intellekt” kabi substansial asoslarda hal qilinuvchi muammolar turadi. Jahon tilshunosligida XX asr so‘ngida shakllanib, jadal rivojlanayotgan fanning yangi paradigmalari – lingvopragmatika, psixolingvistika, lingvokulturologiya, lingvokognitologiya, kompyuter lingvistikasi, korpus lingvistikasi kabi ilg‘or fan yo‘nalishlari aynan shu masalalar tadqiqi bilan shug‘ullanmoqda.
Istiqlol natijasi o‘laroq, o‘zbek tilshunosligi tom ma’noda mustaqil milliy fan sifatida o‘zini namoyon qildi. Eng muhimi, tilimizning milliy tabiatiga to‘laqonli ilmiy-nazariy baho berildi. Qo‘lga kiritilgan nazariy yutuqlar til qurilishini o‘rganishdan uning voqelanish xususiyatlarining keng qamrovli tadqiqiga o‘tish uchun katta imkoniyatdir. Bu esa o‘zbek tilini yangi va zamonaviy, ilg‘or va samarador tadqiq usullari asosida tekshirishni kun tartibiga qo‘ymoqda.
1–§. Tilning amaliy voqelanishi tadqiqi. O‘tgan asr so‘ngida bozor iqtisodiyotining jadal sur’atlar bilan rivojlanishi, zamonaviy axborot texnologiyalarining ommalashuvi, ilmiy tadqiqotlarning iqtisodiy samaradorligini oshirish dolzarblashib, tilshunoslik ham amaliy vazifalariga – nutq samaradorligi tadqiqiga e’tiborni kuchaytirdi. Natijada fanda sotsiolingvistika, etnosotsiolingvistika, lingvopragmatika, pragmalingvistika, pragmatika, psixolingvistika kabi nomlar bilan yuritiluvchi yangi tarmoqlari shakllandi. Bu yo‘nalishlarni o‘zida mujassamlashtirgan yangi davr tilshunosligi nutqqa insoniy faoliyat – fikr almashish va o‘zgalarga ta’sir ko‘rsatish, bunyod qilishning asosiy turlaridan biri sifatida yondashib, uning ixchamligi, samaradorligi va ta’sirchanligi, mantiqiyligi tadqiqini birinchi o‘ringa qo‘yadi. Xususan, bugungi kunda jahon tilshunosligida nutqning faoliyat sifatidagi qiymati hamda uning implikaturalari bo‘lgan ko‘chma va tag ma’nolarni, ochiq ifodalanmagan, lekin ifodalanishi so‘zlovchining maqsadi bo‘lgan ma’lumot-axborotni aniqlash usullari ishlab chiqildi va u tezda ommalashib ulgurdi.
Struktur tilshunoslik, qiyosiy-tarixiy tilshunoslik tilga boshqa hodisalardan, xususan, inson omilidan xoli qilingan “quruq”, statik sistema sifatida munosabatda bo‘lib keldi.
Tilning voqelanishda inson omili bilan bog‘liq ravishdagi nutqiy muloqot jarayonini tadqiq qilish lingvopragmatik va psixolingvistik yo‘nalishning o‘rganish manbaini tashkil etadi. Ma’lumki, nutqiy muloqot o‘nlab – milliy, etnografik, ijtimoiy, falsafiy-madaniy, axloqiy-estetik, tarixiy, maishiy va ruhiy omillarning lisoniy birliklar voqelanishi bilan qorishuvidan iborat dinamik sistemadir. Demak, insonning mental faoliyati bilan bog‘liq ravishdagi hodisalarni tadqiq qiluvchi kulturologiya fanining muhim tarmoqlaridan biri sifatidagi pragmatik tilshunoslik inson subyekti va obyektivlik (lison)ni qorishiq yaxlitlik sifatida tadqiq qiladi. Zero, nutqda subyektivlik va obyektivlikni bir-biridan ajratgan holda tadqiq qilish mumkin emas, sistemaviylik yaxlitlik xossasi bilan xarakterlanadi. Demak, nutqiy faoliyat unga yondosh va insonga xos ruhiy, fiziologik, ijtimoiy, ma’naviy, madaniy sistemalar bilan bog‘liqlikda tadqiq etilgandagina nutqiy muloqotning mohiyati ochiladi va individual hodisa sifatidagi nutqqa obyektiv baho beriladi.
Aytilganlardan ma’lum bo‘ladiki, lisonning nutqiy voqelanishini unga hamrohlik qiluvchi nutqiy paradigmalar (fiziologik, ruhiy, professional, axloqiy, estetik, madaniy, nutq vaziyati – nutq sharoiti, nutq uslubi) qurshovida tekshirish natijasida lisonni modifikatsiya qiluvchi vositalarning ta’siri va roliga baho, nutqning ijtimoiy qiymatiga va ta’sirchanlik – bunyodkorlik ahamiyatiga ilmiy tavsif beriladi.
2–§. Tilga bilim manbai sifatida yondashuv masalalari. Har bir til borliqning o‘ziga xos surati bo‘lib, bu suratda shu tilda fikrlovchi va so‘zlashuvchi insonning dunyo va o‘zi haqidagi bilimi, shuningdek, bilish faoliyati namoyon bo‘ladi. Kognitiv yondashuvda ham o‘rganish manbai va o‘rganish predmeti farqlanadi. Shunga ko‘ra, tilshunoslar ta’kidlashganidek, kognitiv tilshunoslikning o‘rganish manbai bilimning tabiati hamda mohiyati bo‘lsa, o‘rganish predmeti tilning bilimni saqlash, uzatish va uni qayta ishlashning umumiy mexanizmi sifatidagi xossalaridir. Shu asosda uning vazifalari belgilanadi. Masalan, ulardan biri har xil bilim turi haqidagi tasavvur strukturasi, nutq hosil qilish va qabul qilish jarayonida bilimning konseptual qurilishi usulini tadqiq qilishdir. Shuningdek, kognitiv tilshunoslik uchun insonning til bilish mexanizmi va uning tuzilish tamoyillarini tushuntirish va sistem tavsiflash ham zarur. Lingvokognitiv tekshirishda tilda namoyon bo‘luvchi bilim o‘ziga xos obyekt hisoblanadi. Ma’lumki, bilim – inson ongida borliq belgi va xossalarining aks etish natijasi bo‘lgan kognitiv qurilishi asosidir. Bilim unsurlari, odatda, turli ko‘rinishlari keyingi vaqtlarda freym deb ataladigan o‘ziga xos majmua, aqliy sistema, bilish yoki kognitiv strukturada jamlanadi.
Tilda inson tafakkuri asosida yotuvchi va madaniyat mohiyatini tashkil etuvchi barcha kognitiv kategoriyalar mujassam. Bu kategoriyalar insonda tug‘ma holda mavjud emas, balki uning til va borliq bilan muloqoti natijasida vujudga keladi. Modomiki, inson ko‘pincha borliqning o‘zi bilan emas, balki uning ko‘rinishlari, kognitiv kartina va qoliplari bilan ish ko‘rar ekan, demak, unda borliq xalq tili va madaniyati orqali namoyon bo‘ladi.
Ma’lumki, tilning vazifasidan biri – inson ongida qayta ishlanadigan, takomillashtiriladigan va muayyan struktura ko‘rinishida voqelanadigan borliq haqidagi axborotni namoyish qilish. Kognitiv tilshunoslik olingan axborotning qayta ishlanishi, strukturlashishi, qurilishi, transformatsiya qilinishi hamda tilning kommunikativ jarayonini ta’minlashi qanday yuz berishini ko‘rsatib beradi.
Kognitiv tilshunoslik nazariyasi muammolari doirasi keng. Ulardan asosiylari quyidagilar:
- borliqni bilish va idrok qilishda tilning roli;
- lisoniy hodisalarni konseptuallashtirish va kategoriyalashtirish jarayoni;
- tilda bilim tasavvuri strukturasi, tiplari, ildizlari va funksiyasi;
- u yoki bu tilning konseptosferasini tashkil etuvchi universal va o‘ziga xos konseptlar sistemasini tasvirlash;
- borliqning konseptual va lisoniy surati va boshq.
Har bir til borliqning o‘ziga xos in’ikosi ekan, buni aniqlash va ilmiy baho berish tillarning muqobilli va muqobilsiz nominativ birliklarini maxsus tekshirish asosida amalga oshiriladi. Bu esa o‘zbek tili konseptlarini ham tiklash, tilning milliy konseptosferasini aniqlash va ilmiy o‘rganish zaruratini kun tartibiga qo‘ymoqda.
Ko‘rinadiki, o‘zbek tilning kognitiv aspektini ilmiy tekshirish va o‘zbek tafakkuri munosabatini oydinlashtirish o‘zbek tilshunosligi asosida til va tafakkur mushtarakligining milliy voqelanishi, o‘zbek tili oldidagi dolzarb vazifalardan biridir.
3–§. Til va madaniyat mushtarakligi muammosi. Tilda milliy mentalitetning aks etishi tilshunoslik, falsafa kabi fanlarning azaliy va hamisha navqiron mavzusi. Biroq ma’lum vaqt bu muammo tilshunosligimizda chetlab o‘tilganligi sir emas. Shu bois Prezidentimiz Islom Karimov «Fidokor» gazetasi muxbiri savollariga bergan javobida: “Ona tili – millatning ruhidir. Jamiki, ezgu fazilatlar insonga ona allasi, uning betakror jozibasi orqali singadi”, – deya bunga alohida urg‘u bergan edi. Bu esa til va madaniyat muammosini tilshunoslik kontekstida o‘rganishning dolzarbligini belgilaydi.
Tilshunosligimizning shakllanajak lingvokulturologiya yo‘nalishi asosiy diqqatini til madaniyatni o‘z birliklariga qanday singdirishi va ifodalashi, saqlashi va namoyon qilishi muammolariga qaratadi. Lingvokulturologik yo‘nalishning shakllanishi va taraqqiyoti madaniyat tushunchasini til va jamiyat yaxlitligining o‘ziga xos shakli sifatida tushunishga intilish kuchayganligi bilan belgilanadi. Bunda til milliy madaniyat, millat mentallikni talqin etish vositasi sifatida namoyon bo‘ladi.
O‘rganilgan ma’lumotlarga ko‘ra aytish mumkinki, bugungi kunda lingvokulturologiya bir necha yo‘nalishga ega: frazeologik, konseptologik, leksikografik, uslubiy, lingvodidaktik kabi. Barcha yo‘nalishlardagi umumiy jihatlarga e’tibor qilinsa, hozirgi zamon lingvokulturologiyasining o‘rganish predmeti ikki har xil kod – til va madaniyatning o‘zaro munosabatidan hosil bo‘luvchi lisoniy birliklarning madaniy semantikasini o‘rganish tashkil etadi, zero, har bir shaxs bir vaqtning o‘zida madaniy shaxs hisoblanadi. Shuning uchun til belgilari til sohiblarining umuminsoniy va madaniy-milliy mentalligini aks ettiruvchi madaniyat “tili” funksiyasini bajarish qobiliyatiga ega. Lingvokulturologiyaning vazifasi til birligining til sohibiga ma’lum yoki maxsus tahlil bilan tiklanadigan madaniyat “kodlari”ga munosabati asosidagi madaniy qiymati, ya’ni “madaniy bilim” ni bayon etishdan iborat. «Madaniy» belgili birlik sifatida tilshunoslikda lingvokulturema tushunchasidan foydalanilmoqda. Lingvokulturema sathlar bo‘yicha yoyilgan majmuaviy birlik bo‘lib, uning shakli [nomema+lisoniy ma’no], mazmunini esa [lisoniy ma’no+madaniy mazmun] ko‘rinishida tasavvur qilinadi. Lingvokulturemani tushunish uchun tadqiqotchi katta e’tiborni, uning mundarija unsuri sifatidagi ma’noda imkoniyat sifatida qatnashuvchi ichki madaniy mazmunga qaratadi. Tadqiqotchilarning ta’kidlashicha, lingvokulturema sifatida o‘z va o‘zlashma qatlam birliklari, jonivor, o‘simlik, shaxs nomlari, barqaror birliklar, tildagi metaforik va obrazli leksika, tilning uslubiy xazinasi, miflashgan madaniy-lisoniy birliklar, tilda aks etgan urf-odat, ritual va marosim, nutqiy axloq va odob kabilar namoyon bo‘ladi.
Lingvokulturologiyada mohiyati til va madaniyatning uzviy aloqasi bilan belgilanadigan milliy-madaniy aspekt alohida o‘rin tutadi. Milliy-madaniy o‘ziga xoslik shunda namoyon bo‘ladiki, tillar inson ichki olami har xilligini, uning borliq hodisalariga ijobiy va salbiy munosabatini baholashi bilan farqlanadi. Shuni ta’kidlash joizki, lingvistik adabiyotlarda lisoniy birliklarning milliy-madaniy semantikasini ifodalovchi terminologik rang-baranglik mavjud: milliy-madaniy mundarija, milliy xususiyat, milliy o‘ziga xoslik, milliy madaniyat xususiyatlari, semantikaning milliy-madaniy o‘ziga xosligi, milliy mansublik semasi, ma’noning madaniy uzvi, madaniy koeffitsiyent va h.
Lingvokulturologiyada ham lingvokognitologiyada bo‘lgani kabi konsept asosiy termin sifatida qo‘llanadi. Konsept madaniyat nuqtai nazaridan qaralar ekan, uni inson ruhiy-idrokiy olamidagi madaniyatning asosiy uzvi sifatida tushunish lozim. Konsept bamisoli madaniyatning inson ongidagi “mag‘zi”si sifatida qaraladi. Tadqiqotchilar shu asosda “madaniyat inson ruhiy-idrokiy olamiga kiradi” degan konsepsiyaga tayanishadi. Boshqacha aytganda, konsept vositasida inson – oddiy, madaniy qadriyatlar ijodkori bo‘lmagan kishi – madaniyatga daxldor bo‘ladi, ba’zan unga ta’sir ham qiladi.
Konsept o‘ziga xos milliy mental qurilma bo‘lib, uning mazmun jihatini ma’lum obyekt haqidagi bilimlar jami tashkil etsa, shakliy tomoni lisoniy (leksik, frazeologik, paremiologik) birliklar majmuidir. Konsept har qanday emas, balki umuminsoniy yoki milliy madaniyatga daxldor bo‘lgan mohiyatni aks ettiruvchi tushuncha. Konsept nazariyasi nafaqat kognitiv lingvistika, balki til nazariyasining barcha aspekti – semantika, grammatika, qiyosiy tipologiya, matn lingvistikasi, tarjima nazariyasi uchun ham birday zarur. Ayniqsa, turli, xususan, o‘zbek tili bilan boshqa qarindosh va qarindosh bo‘lmagan tillarning muqobil konseptlarini chog‘ishtirma-qiyosiy tadqiq qilish muhim ahamiyatga ega.
Xullas, istiqlol natijasi o‘laroq, respublikamizda milliy madaniyatga alohida e’tibor qaratilayotgan, milliy g‘oya va milliy mafkura dolzarb masala va milliy yaxlitlikning negizi sifatida baholanayotgan bir paytda o‘zbek tili va o‘zbek madaniyati mushtarakligini lingvistik muammo sifatida, lingvokulturologik aspektda ilmiy tekshirish kechiktirib bo‘lmaydigan vazifadir.
4–§. Kompyuter lingvistikasi. Axborot texnologiyalari asrida fan-texnika taraqqiyoti o‘zbek tilshunosligi oldiga ham muayyan vazifalarni qo‘ymoqda. Ayniqsa, o‘zbek kompyuter lingvistikasini yo‘lga qo‘yish, uning istiqbolli rejalarini belgilash zarurati kuchaygandan kuchaymoqda.
Jahon fanida o‘tgan asrning 60-yillarida shakllana boshlagan kompyuter lingvistikasi fani bugungi kunda ulkan yutuqlarni qo‘lga kiritayotgani holda bizning fanimizda uning shakllanishi va ommalashishi qiyin kechmoqda. Chunki bugungi kunda til dalillarini kompyuter texnologiyalari asosida qurish va qayta ishlash, tilning qo‘llanishini ma’lum bir sharoit, muammoli muhit uchun modellashtirish, tilning kompyuter modellarini lingvistika yoki boshqa sohalarda qo‘llash, mashina tarjimasi, kompyuter leksikografiyasini yo‘lga qo‘yish singari muammolar milliy kompyuter lingvistikasi yo‘nalishini rivojlantirishni taqozo qiladi.
Aslida kompyuter lingvistikasi funksiyasi ham kognitiv tilshunoslik tamoyillariga hamohang. Shu bois unda ham kognitiv terminlar – freym, ssenariy, ssena kabilar tayanch tushuncha bo‘lib xizmat qiladi. Zero, kompyuter lingvistikasining bosh maqsadi ham inson tafakkur tarzini modellashtirish asosida sun’iy intellekt yaratishga xizmat qiladi. Til va tafakkur mushtarakligi esa sun’iy intellektning har bir til uchun alohida bo‘lishini taqozo qiladi. Bugungi kunda tafakkurning umumiy qonuniyatlari aniqlanayotgan bo‘lsa-da, tillarning o‘ziga xos modelini dasturlash dolzarb bo‘lib qolaveradi. Buning uchun oliy o‘quv yurtlarida kompyuter lingvistikasi bo‘yicha matematik, lingvist, kompyuter dasturchilari va muhandislari faoliyatini uyg‘unlashtiruvchi tuzilma (kafedra, laboratoriya) lar shakllantirilishi lozim.
Jahon tilshunosligida kompyuter lingvistikasining bir tarmog‘i sifatida vujudga kelib, alohida lingvistik yo‘nalish, soha sifatida shakllanayotgan korpus lingvistikasi haqida to‘xtalish juda zarur. Chunki o‘zbek tilining milliy elektron korpusini yaratish – tilshunosligimiz oldidagi dolzarb vazifalardan biri. Bu esa shakllanajak korpus lingvistikasining zimmasiga tushadi.
Bugungi kunda dunyo tilshunosligida til korpuslarini yaratish, uni takomillashtirish va foydalanish yo‘llari masalasida ko‘plab xalqaro anjuman va simpoziumlar o‘tkazilmoqda, keng qamrovli ilmiy-tadqiqot ishlari olib borilmoqda. Shuningdek, dunyo tillarini bir korpus doirasida birlashtirish, ya’ni global korpuslar yaratish muammosi ham kun tartibiga qo‘yilmoqda.
Do'stlaringiz bilan baham: |