Kuy –to`y, go`dak-beshik singari sinonimlar mavjud. Yuqoridagi misrada omonimlar tajnis san`ati orqali komiklikni keltirib chiqargan. Ya`ni sur nay deganda, sunray musiqa asbobi emas, aksincha ket nay degan ma`no bermoqda. Yana boshqa bir o`rinda esa metafora orqali yuzaga kelgan. Go`dak tug`ilganini nay beshik orqali xabar topadi. Aytsa- aytmasa ham borib xizmat qiladi. Bu uning achinarli qismati yumoristik ruhda ifodalanadi.
Bir tup olma uzra kecha
Juda katta jang bo`ldi,
Boshlar ketdi necha-necha,
Necha oyoq lang bo`ldi.
“Qumursqalar jangi” she`ridan berilgan ushbu parchani o`qishimiz bilanoq, yuzimizga kulgu yuguradi. She`r intoq san`atidan unumli foydalangan holda fantastik ruhda yozilgan bo`lib, shoir va qumursqa o`rtasida qumursqalarning jangi haqida suhbat kechadi. Yakunda esa hammasini eshitib bo`lgandan so`ng shoir “janggoh”ni vayron qilib, urushga yakun yasaydi. Bu she`rda ham, asosan holat komikligi mavjud.
-So`yla,
Nechun bu mojaro?
Nimadandir bu nifoq?
Qumursqalar ahli aro
Zo`r edi-ku ittifoq?
Qumursqavoy dushmanidan
Uzib olib oyoqni-
Tuflab,
Odam tili bilan
Tushuntirdi nifoqni.
Lirik qahramon nifoqqa hayron bo`lib, qumursqadan sababini so`ragan holati va qumursqaning dushmanining oyog`ini uzib olishi, uning odam tili bilan tushuntirishi holat komikligi uchun asosdir. Ayrilganni ayiq yer deganlaridir, ittifoqi buzilgan 3 guruh qumrsqalar taqdiri janggohda yakun topadi.
Kecha bir gap topdi bizning
Tunggi soqchi- tingchimiz.
Eshitdigu hammamizning
Barbod bo`ldi tinchimiz.
U tun bo`yi bedor bo`lib
Ko`kka qarab yuribdi.
Unda sonsiz don sochilib
Yotganini ko`ribdi.
Ushbu bandni o`qishimiz bilanoq, yuzimizga kulgu yuguradi. Bu, albatta, shoirning mohirona so`z qo`llash, o`xshatish mahoratining yuksakligini ko`rsatadi. O`xshatish usullaridan eng keng tarqalgan-metafora ma`no ko`chish uslubi komiklikni yuzaga chiqarmoqda. Ko`kdagi sonsiz yulduzlarni ko`rgan chumoli uni donga o`xshatadi. O`z navbatida, bu hol butun qumrsqalarning urushi uchun sabab bo`ladi.
Maqsadimiz shu narvondan
Yetmoq edi osmonga…
Ammo bir yo`l
Nogihondan
Bo`lindi uch tomonga.
Ushbu bandda ham ma`no ko`chishning metafora usuli holat va qisman xarakter komikligiga sabab bo`lmoqda. Ya`ni chumolilar tirmashib chiqayotgan daraxtini Narvon deb osmonga yo`l olishmoqda.
Qarab turdim, bir nafas tek,
So`zi qiziq ko`rindi.
Yaqin borsam
Temuchindek
Ko`zi qisiq ko`rindi.
She`r boshdan oxirigacha qiziq holatlar qisman fastastika jamlanmasi bo`lib, holat komistikasi sanaladi. Bunda ham chumolini Temuchinga o`xshatishi kulguga sabab bo`lmoqda. She`rning zohiriy ma`nosidan oddiy bir chumolilarning yo`q narsa uchun jang qilishib, bekordan qirilib ketishini hajviy yo`l bilan ifodalayotgan bo`lsa, botiniy jihatdan huni anglashimiz mumkinki, agar chumoliday mehnatkash xalq ham birlashmasa, arzimas yoxud noo`rin narsaning ortidan quvisa, o`zligini yo`qotishi mumkin degan g`oyani ilgari surgan, desak mubolag`a bo`lmaydi.
Mohir so`z ustasi Erkin Vohidovning satirik ruhda yozilgan hajviyalarini ham ko`rsak. “Bu ko`hna hasrat” nomli hajviya satirik hajviyaga misol bo`la oladi. She`rni o`qib chiqqanimizda shuni anglash mumkinki, ayrim jirkanch illatlarni qoralagani, hamon bundan qutila olmayotganimizni aytib, yaratganga nola qiladi.
“Yo Rab, qandoq kunga qoldik, bu nechuk savdo?
Odamlarda na shafqat bor, na mehr-u vafo.
Yigitlarda odob yo`qdir, qizlar hayosiz,
Xotin zoti kun o`tkazmas bir mojarosiz…”
Qadim ajdod o`kinch bilan cho`kib soyaga
Bu so`zlarni ko`chik bilan yozdi qoyaga.
Asosan, holat komik berilib, illatlar achchiq tanqid ostiga olingan. Insonlar xarakteridagi fojiani qoyaga o`yib yozilishi orqali hamon bizda bu odatlar bor, yo`q qilish kerak, deya tanqid qilmoqda.
“Donishqishloq latifalari”ni o`qib, hamma kuladi. Vaholanki, men ularni yig`lab yozganman. Aql-idrokka zid, teskari ishlarimiz el boshiga kulfat va uqubatlar keltirib yotgani sir emas-ku. Kosasi teskari qurilgan charxpalaklar kammi? Bir pardani tutgancha qolavergan, bir xil oahngni qo`ymay chala bergan Matmusalar ozmi? O`zimiz yaratgan qoliplarni tandirday kiyib olib, yo`lni ko`rolmay, osmonga qarab ketayotgan hollarimi yo`qmi? Bular kulgili ishlarmas, achinarli, ofatli hodisalar.
(Erkin Vohidov bilan 1988- yili bo`lgan suhbatdan)
Shoirning “Donishqishloq latifalari” hajviyasi ijodining eng yuksak cho`qqilaridan biri sanaladi. Ijodkorning “Tabassum” to`plamiga so`zboshi sifatida Anvar Obidjon o`zining yozgan maqolasida ushbu fikrlarni aytib o`tadi:
“Mahorat baribir birlamchi. Erkin Vohidov hajviyotini ming-minglab kitobxonlarga suyukli qilib turgan elituvchi kuch ham aynan o`sha- mohirlik. Hajvchi, birinchi galda, qoyilltib kuldira olsin, o`ylantira olsa, undan ham yaxshi, der edi Ne`mat Aminov. Jahondagi ko`pchilik kulgu ustalari kabi Erkin aka ham ana shu aqidaga tayanib ijod qiladi. Bu uning Matmusa haqidagi turkumida alohida charaqlab ko`rinadi.
“Matmusaning qalpog`i” da Matmusa qimmatbaho telpak sotib olib, uni ulfatlari bilan restotanda “yuvadi”, oxiri ziyofatning haqini to`lashga puli yetmay, ofitsiantga telpagini berib qutiladi.”
Bundan ko`rinib turibdiki, ushbu qiziq holat komiklikni keltirib chiqargan. Lisoniy jihatdan tahlil qiladigan bo`lsak, sinonimlar, turdosh otlar, kesatiq, ma`no jihatdan yaqin so`zlar komiklik uchun asos bo`lib xizmat qiladi. Qalpoq – tilla toj, restoran- aroq-qadah, suvsar- olmaxon singari ma`nosi yaqin so`zlar mavjud bo`lsa, dono Matmusa, ovsar, qalpoq ipi, qishloq iti singari so`zlar kesatiq, kinoya sifatida xizmat qilmoqda.
Qalpoq emas- ertak u,
Qalpoq emas – tilla toj!
Qo`yingchi restoranda
Yuvmasa hech yo`q iloj.
Kirdilar o`tirdilar,
Buyurdilar araqni
Dono Matmusa ichdilar
Ichdilar bosh qadahni.
“Matmusaning lagani” she`rida Matmusa shaharga borib, chiroyli lagan xarid qiladi. So`ng o`ylanib qoladi-buni uyga olib borsam-u, xotinim uni pishloq soladigan idishga aylantirsa, bolalarim pishloq talashib , laganni sindirib qo`yishsa, chegalatish uchun yana shaharga kelib yurishim kerakmi? Shunda Matmusaning birdan donoligi qo`ziydi-yu, ovoragarchilikning oldini olish niyatida laganni o`zi sindirib, birayo`la chegalatib ko`ngli tinchiydi. Buni eshitgan qishloqdoshlari uning aqli ko`pligiga qoyil qolishadi. Shirguruchdan ta`m emas, go`sht va sarimsoqpiyoz, kulgudan zavq emas, mantiq va falsafa qidirib uymalanaveradigan toifalar, odatda, na mutoyibaning jozibasiga suqlana olishadi, na muallifning ustasi farangligiga tan berishadi.” Haqiqatda, bu hajviyalarni o`qib ijodkor so`z qo`llash mahoratiga tan bermasdan iloj yo`q. “Matmusaning lagani” she`rida ham satirik kulguni turdosh otlar,ibora, maqollar orqali ifodalay olgan.
Mashoyixlar gapi bor
Ishni ko`zini bil, degan.
Har yumushda ertaning
Hisobini qil, degan.
Nima qilsam ekan deb,
Bir dam o`yga toldi u.
So`ng laganni sindirib,
Chegalatib oldi u.
Matmusa haqidagi hajviyalarni, asosan, xarakter komikligi deb qaraymiz. Chunki o`zi tentak, juda sodda bo`lgan holda o`zi dono, aqlli, ishbilarmon biladigan Matmusa voqealari kulgu keltirib chiqaradi. Yuqoridagi bandda ishni ko`zini bilmoq iborasi, ertani hisobini bil kabi hikmatli so`zlar lisoniy asosdir.
“Matmusaning tandiri” she`ri ham juda qiziq she`rlaridan biri. Bir kuni Matmusaning xotini tandiq qurib berishini so`raydi. Pishiq Matmusa arzon tandir qurish yo`lini o`ylab topib, o`zi qurmoqchi bo`ladi. Va bolalari bilan loyb qorib, qornidan bo`yi uzra tandir shaklini quradi. Uni oftobda quritib bo`lgandan so`ng chiqmoqchi bo`lsa chiqa olmay qoladi. Butun qishloq maslahatga to`planishib, turli fikrlar aytishadi. Oxiri bitta aqlliligi Matmusaning boshini kesish kerakligini aytadi. Shunda Matmusa qadrini bilishmagani uchun bosh olib ketaman deydi. Bu o`rinda iboralarni o`z o`rnida qo`llash orqali kulgu hosil bo`lmoqda.
Oxir dedi bosh hakam
Chimirgancha qoshini:
-Bir chora bor: arralang
Matmusaning boshini.
Mayli, dedi Matmusa,
Rozi bo`lmay netayin,
Bilmadinglar qadrimni
Hammang jinni, betayin.
Kessangizlar boshimni,
Men niyatga yetaman.
Boshim olib bu yerdan
Biror yoqqa ketarman.
Ushbu banddagi boshini olib ketmoq iborasi o`z ma`nosida qo`llash orqali hajviylik yuzaga kelgan. She`rda xarakter komikligi ustunlik qilgan holda satirik ruhda ifodalangan.
O`rni kelganda, bir narsani alohida ta`kidlab o`tmoq joizki, hajviy roman yoki qissa yangicha qiyofa yaratganlar behisob, ammo she`riyatda bunday hollar sanoqli. Erkin Vohidov Matmusa talqinida o`ta o`ziga xos obraz yarata oldi. Erkin Vohidov qalamiga mansub she`rlar o`ta tortuvchanligi bilan ajralib turishini ta`kidlash joiz.
Anvar Obidjon Erkin Vohidovning “Tabassum” to`plami chop etilganda unga maqola yozganda ushbu fikrlarni aytib o`tadi.
“O`xshatib kuldirishni uddalagan adib, zaruriyat tug`ilganda, “jizillatib chaqish”ni ham joyiga qo`ya oladi. Bunga amin bo`lishimiz uchun “Matmusaning uylanishi”ni o`ib chiqish kifoya. Matmusa shaharda bir tannoz bilan tanishib, qishloqqa yetaklab qaytadi. Qarangki, uylanganiga uch oy to`lgandayoq farzand ko`radi. Yo`q biz kutgan to`s-to`polon yuz bermaydi, aksincha Matmusaning oila ham, Donishqishloqda ham ko`tarinki bir holat yuzaga keladi. Ya`ni el qatori to`qqiz oyda bola ko`rib yurgan donishqishloqliklar shaharlik kelinning “zarbdor”ligiga hayratda, bu mo`jizaga daxldor bo`lgan Matmusaning dimog`i osmonda. Mahalliy matbuotda “ ilg`or o`rnak –qishloqqa” degan dabdabali maqola bosiladi, erkaklar bu tashabbusni qo`llab, gazetada chiqishlar qilishadi. Ko`chalarda “Yangiliklarda- katta yo`l”, “ To`qqiz oyni –uch oyda!” yanglig` shoirlar paydo bo`la boshlaydi.”
Hech gap emas baxt kelsa
Aytar odam dedi buni:
Uch oy o`tmay jononning
Yaqinlashdi oy kuni.
Hamma hayron, hamma lol:
Biz bir yilcha kutardik,
Matmusaning xotini
Chiqib qoldi udarnik”.
She`rni mazmunidan anglashinilyaptiki, vulgarizmlar, metaforalar asosida komiklik keltirib chiqarilmoqda. Ya`ni udarnik misol bo`la oladi. Metaforalarga misol qilib, ilg`or qishloq, tajriba almashishga yo`llamoq, alvon-alvon shoirlar, to`qqiz oyni-uch oyda singari birikmalarda ma`no ko`chishi –metafora orqali komiklik paydo bo`lgan.
She`rning botiniy,ichki, ma`nosi xususida Anvar Obidjon ushbu fikrlarni ifodalaydi:
“Keksa va o`rtacha avlod vakillari yaxshi eslashadi, bir paytlar terim mashinasida o`zgalarga nisbatan o`n baravar ko`p paxta teruvchi, zavod- fabrikalarda kunlik ish normasini 15-20 baravarga bajaruvchi “yasama zarbdor” larni yaratish, ularning tashabbusini ommaviy axborot vositalari orqali keng ovoza qilish, bu tashabbusni qo`llab-quvvatlovchi “sayroqilarni ham imkon qadar “yetishtirib chiqarish” rosa avjga mingandi. O`sha eski zamonda tuzumning o`zi yaratayotgan katta yolg`onlar ustidan bu tarzda kulish uchun ijodkorga otning kallasidek yurak kerak bo`lardi”.
Ha albatta, o`z xalqiga xiyonatkor, mustamlaka tuzumning “yugurdak”larine qattiq tanqid ostiga olish, mustamlaka siyosatga qarshi isyon qilish oson emasdi. Buni tarix zarvaraqlarini ko`rsatadi. Tanqidlar, qatag`onlar mashinasi ayozsiz ishlayotgan bir davrda tuzumga qarshi chiqish uchun yetarlicha so`z ustasi bo`lmog`i, fikrini teran va bir ko`rishda yashirincha ifodalay oladigan mohir ijodkor bo`lmog`i lozim. Erkin Vohidov bu vazifani yetarlicha maromiga yetkazib ifodalay olgan. Boshqa hayviy she`rlarida ham buning o`z isbotini topganini ko`rishimiz mumkin.
“Matmusaning dutori” she`rini tahliliga o`tsak, unda Matmusaning “topqirligi”, “mohir sozanda” ekanligiga guvoh bo`lamiz. Matmusa o`zining topqirligini dutor pardasini topganligi bilan izohlaydi. Boshqa sozandalar bo`lsa dutor chalishganda pardani topolmay qo`lini yugurtirishadi. Matmusa esa bir joyda chalib turaveradi. Ko`rinib turibdiki, xarakter komikligi komik holatga sabab bo`lyapti.
Bobong qo`li dutorda
Yugursa yugurgandir.
Sho`rlik kerak pardani
Topolmay qidirgandir.
Endi men chalganimda
Og`zingni yum, jim, depti:
Bobong parda qidirgan,
Men uni topdim, depti.
Mavjud holati bilan asl xarakter o`ratsidagi ziddiyat kulguga sabab bo`lmoqda. Bu she`rni ham satirik ruhda deb qarasak bo`ladi.
“Matmusaning tandiri” she`rining nisbiy davomchisi sifatida “Tandir kiygan Matmusa” she`rini ko`rishimiz mumkin. Taqdirga tan bergan Matmusa bozorga tushib tandir sotib olmoqchi bo`ladi. Xo`p tandirni topgandan so`ng uni uyga qanday olib ketish haqida qayg`uradi. Butun bozor ahli yig`ilishib maslahat qilishadi. Oxir tandirni Matmusaga kiydirib o`zi eshakka o`tqazib jo`natishadi. Faqat osmonni ko`ra olgan Matmusa Xudodan eshagiga aql so`raydi. Afsuski, eshak bechora yo`lda bedani ko`rib qolib, “qishloq qolib mag`ribda, Mashriq tomon ketadi”.
Kengashildi, o`ylandi.
Mindirildi oxiri
Eshagiga –Matmusa,
Matmusaga- tandiri.
Bu she`rda ham xarakter komikligiga holat komikligi uyg`unlashgan holda bir- birini to`ldirib kelmoqda. Eshak , tandir, bedapoya,mag`rib mashriq singari so`zlar xarakter komikligini ochib berishga va holat komikligini yaratishga xizmat qilmoqda.
Ketib borar tavakkal,
Ko`kka qarab “Tangrim!”- der,-
Meni qilma sharmanda,
Eshagimga aql ber”.
Bedapoya ko`rganda
Eshak sho`rlik netadi?
Qishloq qolib mag`ribda
Mashriq tomon ketadi.
She`rning botiniy ma`nosiga nazar tashlaydigan bo`lsak, yana o`sha jamiyatdagi ayrim noshud kishilarni tanqid qiladi. Va bu odatdan qaytaradi. Jamiyatni rivojini ko`rmay qayoqqa ergashayotganini bilmay ketayotgan kimsalar oxir borib qay holga tushishini Matmusa obrazi orqali ko`rsatib bergan.
Matmusaning qiziqdan qiziq sarguzashtlari to`plamidan iborat “ Donishqishloq latifalari”ning yana bir ajoyib sarguzasht bayoni “ Matmusaning Amerika ochishi” she`rida ko`rish mumkin. Kolumbni ortda qoldirib, dunyoni hayratda qoldirishni istagan Matmusa yerni kavlab Amerika tomonga o`tishni reja qilib qoladi. So`ng Prezidentni o`g`irlab dunyoda tenglik o`rnatishdek “ katta va mas`uliyatli” ishga bel bog`laydi. Ammo uning rejasiga shubha qilib, qo`rqqanlar ham topiladi. Ya`ni agar ular yerni teshib o`tishsa katta yelvizak bo`lishidan yoxud yer darz ikkiga bo`linishidan qo`rqishadi. Ammo xalq Matmusaning fikrini qo`llab quvvatlab, qishloqni botqoqzorga aylantirishadi. Bu sarguzashtlarni o`qib kulmaslikdan boshqa iloj yo`q, ammo adibning o`zi aytganidek, o`qib yig`lamoq kerak. Jamiyatda bu kabi nuqsonli shaxslar yo`q emas, afsuski. Biz hozir uning lisoniy tahliliga e`tibor bersak!
Lekin bizlar qaziymiz
Qishloqning etagidan
Shunda teshib chiqamiz
Naq Oq uyning tagidan.
Jahonni lol qoldirib
Shuhrat olib qaytamiz.
Prezidentni shartta
Qopga solib qaytamiz.
Ko`rinib turibdiki, komiklik Oq uyni teshib o`tish, Prezidentni qopga solish kabi ifodalagan holatlar asosida sodir bo`lmoqda. Shuhrat olib qaytish birikmasi orqali metafora asosida yuzaga chiqmoqda.
Ajoyib voqealar bayonidan biri “Matmusaning bog`i” she`rida ifodalanadi. Bog` barpo etgan Matmusa butun qishloqni o`ziga xodim qilib oladi, ammo oxiri o`zi ishdan bo`shab ketadi. Bitta bog` uchun direktor, shofyor, sekretar, rahbarlik, o`rinbosar, yordamchi, cho`t qoquvchi, pul sanovchi, zampompom, pomzamzam kabi xodimlarni hammasini jamlaydi. Lekin o`z xodimlari o`z direktori, o`z bog`boni, Matmusani, ishdn haydashadi. Ushbu holat komikligini yuzaga chiqaradi. Yuqoridagi so`zlar buning isboti o`laroq keltiriladi.
Faqat shtat qisqartish
Zaruratga o`xshadi.
Buyruq bo`ldi Matmusa
Bog`bon ishdan bo`shadi…
O`zingiz bir hisoblang
Xodim ko`pmi, qumursqa…
Kirib oling siz ham bir
Telefonlik yumushga.
“Mahorat baribir birlamchi. Erkin Vohidov hajviyotini ming –minglab kitobxonlarga suyukli qilib turgan eltuvchi kuch ham aynan o`sha-mohirlik, deb Ne`mat Aminov judayam to`gri va haqiqat fikrlarni aytib o`tgan edi. Hajviyotini o`zi bilangina tanishganimizda ham uning mahoratiga tan bermay iloj yo`q.
“Said Ahmad domla bilan qilgan bir suhbatimizda u kishi Erkin Vohidov juda ulkan hajvchi, lekin uning hajvlari el orasida o`ta mashhur bo`lib turgan jiddiy she`rlarining soyasida qolib ketyapti, degan edi. Hajviy she`rlarining alohida to`plamga jamlanganligi zap yaxshi ish bo`libdi. Bu to`plam Erkin akaning hajviyotidagi qudratini yaqqol his etishimizga ko`mak bersa, ajabmas” – deya o`z fikrlarni yakunlaydi Anvar Obidjon. Ha albatta, Erkin Vohidov nafaqat hajvchi, uning jiddiy, falsafiy mazmundagi she`rlari ham o`zining yetukligi bilan shuhrat topgan. Erkin Vohidov poetik tafakkuri g`oyat keng va tiniq shoir ekanligini ta`kidlash zarur. Hayotda bo`layotgan voqea hodisalarga teran nigoh bilan qarash, ularning tub mohiyatini anglashga intilish, qaysi biri xayrli, qaysi biri soxtaligini aniqlay olish istagi shoirning ilk ijodiy qadamlaridan to umrining oxirigacha yo`ldosh bo`lib kelganligini guvohi bo`ldik. Natijada, Erkin Vohidov ijodi jadal sur`atlar bilan kamolot cho`qqisiga ko`tarildi va adabiyotshunos Umarali Normatov lutf qilganidek, shoir qalamiga mansub har bir so`z, har bir satr chindan ham “ko`ngillarga ko`chgan she`riyat”ga aylandi deb ayta olamiz.
Foydalanilgan adabiyotlar ro`yhati:
1.Dilmurod Quronov. Adabiyot nazariyasi- Toshkent: Akademnashr, 2018.
2. Dilmurod Quronov. Adabiyotshunoslik lug`ati- Toshkent: Akademnashr, 2010.
3. Erkin Vohidov. Tanlangan asarlar -"Sharq" nashriyot-matbaa, 2018
4. Fitrat. Tanlangan asarlar. IV jild.-Toshkent: Ma'naviyat, 2006. 12-13-betlar.
5. Ziyo.com Yo`ldosh Solijonov. Ruhiyat yaratgan she`riyat maqola.
6.Xurshid Davron kutubxonasi www.kh-davron.uz Anvar Obidjon. Kulgu- ochiqko`ngillik guvohnomasi maqola.
7. O`zbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) Birinchi jild. Toshkent, 2000.
Do'stlaringiz bilan baham: |