Mil. avv. VII-VI asrlarda Hindistonda bir nechta davlatlar, jumladan: Magadha, Koshala, Malla va boshqalar vujudga keladi. Makedoniyalik Aleksandr O‘rta Osiyoni zabt etganidan so‘ng Panjob o‘lkasi hududiga bostirib kiradi. Mazkur o‘lka aholisi bosqinchilarga qattiq qarshilik ko‘rsatadi. Aleksandr katta qiyinchiliklar bilan Hind vodiysigacha yetib borib, shundan keyin Bobilga qaytib ketadi. Aleksandr qoldirgan qo‘shin mahalliy aholining qarshiligiga bardosh bera olmay, Hindistondan ketishga majbur bo‘ladi.
Yunon-makedon qo‘shinlariga qarshi kurashga mashhur hind sarkardasi Chandragupta sardorlik qiladi. Chandragupta Shimoliy Hindistondagi barcha davlatlarni o‘z tarkibiga olgan Maurya davlatiga asos solgan. Pataliputra shahri esa Maurya davlati poytaxtiga aylandi. Mil. avv. III asrda podsho Ashoka hukmronligi davrida Maurya rivojlanishda yuksak taraqqiyotga erishdi.
Qadimiy Hindistonda ilm fan, xususan, astronomiya va matematika sohasi yuksak darajaga erishadi. Hindlar yil hisobining 360 kundan tarkib topgan taqvimini tuzadilar. Bu davrda sanash va hisoblashning o‘nlik tizimi keng tarqaladi: hindlar «nol»ni ifodalovchi maxsus belgini o‘ylab topishadi, raqamlarni esa bugungi kunda butun dunyo qo‘llaydigan bir tartibda yozadigan bo‘ladilar. Biz bu raqamlarni arab raqamlari deb ataymiz, negaki hindlardan qabul qilingan bu raqamlar arab tilida yozilgan asarlar orqali dunyoga keng tarqalgan.
Hindistonda ixtiro qilingan, hindlarning o‘zi «qo‘shinning to‘rt turi» deb ataydigan o‘yin bugungi kunda butun jahonda «shaxmat» nomi bilan ma’lum va mashhurdir.
Hindlar birinchi bo‘lib shakarqamishdan shakar olganlar. Metallarga ishlov berish sohasida ham hindlar kishini lol qoldirgulik natijalarga erishdilar.
Qadimiy hind tillari asosida yangi adabiy til bo‘lmish sanskrit tili vujudga kelgan. «Mahabharat», «Ramayana» dostonlari hamda boshqa asarlar ana shu tilda yozilgan bo‘lib, ular bugungi kunga qadar yetib kelgan.
Jamiyatdagi o‘zgarishlar ta’sirida hindlarning diniy e’tiqodlari ham o‘zgarib borgan. Mil. avv. VI asrda yangi buddaviylik dinining yaratilishi Budda taxallusini olgan shahzoda Siddhartha Gautama nomi bilan bog‘liq. Rivoyatda naql qilinishicha, shahzoda Siddhartha Gautama 20 yoshga to‘lguniga qadar hukmdor otasi saroyida betashvish kun kechirgan. U kunlardan bir kuni sayr qilib yurgan paytda munkillagan, bedavo dardga yo‘liqqan bir kishiga, keyin esa dafn marosimiga ko‘zi tushadi. Shunday qilib shahzodaga insonning azobi va ajali ma’lum bo‘ldi. Bu Siddhartha Gautama hayotini tamomila o‘zgartirib yubordi. U saroydagi farog‘atli turmushdan voz kechdi, hayot mazmunini izlab topish maqsadida dunyo bo‘ylab sayohatga otlandi.
Bir kuni ma’rifatga erishgan Budda inson son-sanoqsiz marotaba tug‘ilishi va vafot etishini tushunib yetadi. Keyingi hayotda odamning kim bo‘lib tug‘ilishi ham uning sa’y-harakatlari va amallariga bog‘liq bo‘ladi, degan xulosaga keladi.
Budda va uning izdoshlari bo‘lgan buddaviylar inson yolg‘on so‘zlamasligi, mol-davlat to‘plamasligi, tirik mavjudotlar qonini to‘kmasligi lozim, deb hisoblaydilar. Shu sababli inson har qanday xohish-istaklardan voz kechishi zarur, negaki har qanday xohish-istak azob-uqubatga olib keladi.
Avvaliga buddaviylarda xudo bo‘lmagan, chunki ular xudolar inson azob-uqubatlarini yengillashtira olmaydi, deb hisoblaganlar. Biroq ko‘p o‘tmay, Buddaning o‘zi xudoga aylanadi. Bugun ham buddaviylik ibodatxonalarida uning haykallarini ko‘rish mumkin. Budda nilufar gulida teran o‘ylarga cho‘mgancha qilt etmay, ko‘zlarini yumib, chordona qurib o‘tirgan holatda tasvirlanadi.
17-§. Qadimgi Xitoy sivilizatsiyalari
Misr, Mesopotamiya va Hindistondagi kabi Xitoyda ham qadimgi sivilizatsiyalar Xuanxe va Yantszi degan kata daryolar bo‘ylarida vujudga kelgan. Mil. avv. 3-ming yillikning oxirlarida qadimgi Xitoy hududida ilk davlat Xuanxe daryosining o‘rta oqimida paydo b‘oladi. Bu davlatni Sya sulolasi hukmdorlari boshqarib turganlar. Shan qabilasining boshlig‘i Sya sulolasi podshosini taxtdan ag‘darib, davlatni o‘ziga bo‘ysundirgan. Shu tariqa davlat nomi ham uning bosh shahri nomi kabi «Shan» deb atalgan. Mil. avv. 3-ming yillikning Shanga qo‘shni chjou qabilasi bostirib kiradi, uning hukmdori Shan yerlarini o‘zinikiga qo‘shib oladi va «Chjou» degan katta davlatni bunyod etadi. Davlat ulkanligi bois hukmdorlar uni «Osmon ostidagi podsholik», o‘zlarini esa «Osmon o‘g‘illari» deb atashgan. Butun Shimoliy Xitoy ana shu davlat tarkibiga kirgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |