17–mavzu. Elektr energetika auditi asoslari.
Reja:
Elektr texnika qurilmalari va ularning pasport ma’lumotlari.
Elektr energiya isroflari, parametrlari va o’lchov asboblari. Magistral va taqsimlovchi elektr tarmoqlari.
Korxonada elektr energiyasi iste’mol qiluvchi hamma elektr texnika qurilmalari va ularning pasport ma’lumotlari to’planadi. Ushbu ma’lumotlar bazasi korxonaning energetik pasportini shakllantirishda va korxonaning o’rnatilgan quvvatini shakllantirishda ishlatiladi.
Energetika tekshiruvlari natijasida yoqilg’i-energetika resursi iste’molchisi tomonidan yoqilg’i-energetika resursidan foydalanish samaradorligi baholanishi, undan foydalanishda qoida buzilishi sabablari ochib tashlanishi, iqtisodiyotning mavjud rezervlari aniqlanishi, fizik va pul ifodasida prognozlashtiralayotgan tejash, shuningdek ularni amalga oshirish qiymati ko’rsatilgan holda texnik va tashkiliy energiyani tejaydigan yechimlar taklif qilinishi kerak. Texnik jihatdan imkoniyat bo’lgan taqdirda ikkilamchi energetika resurslaridan, tiklanadigan energiya manbalaridan foydalanish bo’yicha tashkiliy-texnik chora-tadbirlar tavsiya qilinadi.
Energiyani tejash va yoqilg’i-energetika resursidan oqilona foydalanish bo’yicha tavsiyalar ishlayotgan asbob-uskunalar va texnologik jarayonlarning ekologik tavsifini, xodimlar ishining xavfsizligi va qulayligi, mahsulot sifat darajasini pasaytirmasligi kerak.
Elektr energiyasini elektr tarmoqlari bo’ylab uzatish va taqsimlashda texnologik yo’qotishlar - elektr energiyasini uzatishda elektr uzatish liniyalari va elektr tarmoqlari uskunalarining texnik tavsiflari va ishlash rejimlariga bog’liq holda ulardagi fizik jarayonlarga sarflanadigan texnik yo’qotishlar, "O’zbekenergo" aksiyadorlik jamiyati korxonalari o’rtasida o’zaro uzatiladigan elektr energiyasinihisobga olish tizimining ruxsat etilgan xatoliklari bilan bog’liq yo’qotishlar hamda transformator podstansiyalarining o’z ehtiyojlari uchun sarflaydigan elektr energiyasi hajmining yig’indisiga aytiladi.
Elektr energiyasini elektr tarmoqlari bo’ylab uzatish va taqsimlashda texnologik yo’qotishlarning normativlari - texnologik yo’qotishlarning mazkur Yo’riqnomaga asosan hisoblab chiqiladigan foizdagi miqdoriga aytiladi.
Texnologik yo’qotishlarning tuzilmasi quyidagilardan iborat. Texnologik yo’qotishlar:
elektr energiyasini uzatishda elektr uzatish liniyalari va elektr tarmoqlari uskunalarining texnik tavsiflari va ishlash rejimlariga bog’liq holda ulardagi fizik jarayonlarga sarflanadigan texnik yo’qotishlardan;
"O’zbekenergo" aksiyadorlik jamiyati korxonalari o’rtasida o’zaro uzatiladigan elektr energiyasini hisobga olish tizimining ruxsat etilgan xatoliklari bilan bog’liq yo’qotishlardan;
transformator podstansiyalarining o’z ehtiyojlari uchun sarflaydigan elektr energiyasidan tashkil topadi.
Texnik yo’qotishlar uzatilayotgan quvvatga bog’liq bo’lmagan shartli- o’zgarmas yo’qotishlardan hamda uzatilayotgan quvvatga bog’liq bo’lgan yuklama yo’qotishlardan iborat.
Transformator podstansiyalarining o’z ehtiyojlari uchun sarflaydigan elektr energiyasining hajmi hisobga olish asboblari bo’yicha aniqlanadi.
Transformator podstansiyalarning o’z ehtiyojlari uchun elektr energiyasini sarflaydigan elementlarining nomenklaturasi quyidagi maqsadlar uchun elektr energiyasining sarfini nazarda tutadi:
transformatorlarni va avtotransformatorlarni sovitish;
xonalarni (tezkor boshqarish, tezkor chiqish brigadalari, akkumulyator va kompressor xonalarini, shuningdek yopiq taqsimlash qurilmalarini, o’t o’chirish nasos stansiyasini, sinxron kompensatorlar yordamchi tuzilmalarining binosini, qorovulxonani) isitish, yoritish va shamollatish;
hududni yoritish;
akkumulyator batareyalarini zaryadlash-zaryadlab olish qurilmalari;
tezkor zanjirlarning va boshqaruv zanjirlarining ta’minoti (o’zgaruvchan tezkor tokli podstansiyalarda);
tashqi komplekt taqsimlovchi qurilma yacheykalarini (rele himoyasi va avtomatikasi apparaturasi, hisobga olish asboblari va o’chirgichlari bilan) hamda tashqi o’rnatiladigan rele shkaflarini isitish;
transformator podstansiyalari ekspluatasiyasining alohida sharoitlari bilan bog’liq elektr qabul qilgichlarning elektr energiyasi sarfi (boshqaruv shiti xonasidagi kondisionerlar, o’t o’chirish tizimining suv ta’minoti texnologik quduqlari nasoslarining ta’minoti);
moyli o’chirgichlar yuritmalarini va baklarini isitish; bo’lgichlar va qisqa tutashtirgichlarning yuritmalarini isitish;
kuchlanish ostida rostlash almashlab ulagichlari tuzilmalarining yuritmalari va moy baklarini isitish;
ajratgichlarning elektrodvigatelli yuritmalarini isitish;
isitilmayotgan xonalardagi elektr energiyasini hisobga olish asboblarini isitish;
havoli o’chirgichlarning agregat shkaflarini va boshqarish shkaflarini isitish; kompressorlarning ta’minoti;
havo yig’gichlarni isitish;
sinxron kompensatorning yordamchi qurilmalari (moyli, sirkulyasiya va drenaj nasoslari, zadvijkalar, avtomatika);
telemexanika va aloqa apparaturasining elektr ta’minoti;
ekspluatasiya jarayonida bajariladigan kichik hajmdagi ta’mirlash ishlari; drenaj nasoslari, kuchlanish ostida rostlash qurilmalari, distillyatorlar, mayda
dastgoh va moslamalar.
Mazkur Nomenklaturaga ho’jalik ehtiyojlari uchun elektr energiyasini sarflaydigan elementlar kiritilishi taqiqlanadi.
Energoauditorlar magistral va taqsimlovchi elektr tarmoqlarini energoaudit jarayonida quyidagilarni o’rganishadi:
elektr iste’moli rejimlari va elektr balansini tuzish;
energiya ta’minotining magistral va taqsimlovchi elektr tarmoqlarining holati tahlili;
uzatishda, amaldagi va normativ energiya nobudgarchiligi;
energiya ta’minoti tarmoqlarining texnik holati va ulardan foydalanishni tashkil etish, ular o’tkazish qobiliyatining iste’molchilar yuklamasiga muvofiqligi, energiyaning uzatish paytidagi va boshqa nobudgarchiligi va ularning normativga muvofiqligi;
elektr energiyasi sifati ko’rsatkichlarini o’lchash va baholash; elektr qabul qilgichlarning parametrlarini tekshirish va o’lchash; ichki va tashqi elektr ta’minoti sxemalari tahlili;
yoritish tizimlarini tekshirish (yoritilganlikni tekshirish);
elektr ta’minoti va elektr asbob-uskunalari tizimlarining avariya holati
tahlili.
Do'stlaringiz bilan baham: |