Televizion tasvirni uzatishning asosiy prinsiplari
Qabul qiluvchi televizion trubka – kineskop televizion sistemaning tasvirini masofaga uzatuvchi qurulmasidir. Umumiy ko‘rinishda bunday sistema yuboriluvchi tasvirning yoritilganligini elektr signalga aylantirib masofaga yuboruvchi televizion qurulmadan iboratdir. Bu vazifani amalga oshirish uchun yuboruvchi tarafda tasvirni butun yuza bo‘yicha kichik elementlarga ajratib chiqish kerak. Ya’ni obyektni razvyortka qilib, shu jarayon davomida har bitta elementning yoritilganligiga bog‘liq ravishda video signallarni hosil qilish kerak. Qabul qiluvchi tarafda esa shu jarayon teskari yo‘nalishda bajarilishi lozim.
Agar qabul qiluvchi tarafda razvyortka qiluvchi element kichik bo‘lsa, tasvirning sifati yaxshi bo‘ladi. Kineskopda razvyortka elementi vazifasini elektron dasta bajaradi. Bu dasta ekranda satrlar sistemasini, ya’ni to‘g‘ri burchakli rastrni chizadi. Buning uchun og‘diruvchi elementlarning bir juftligida yuqori chastotali tokning arrasimon o‘zgarishini hosil qilish kerak. Ikkinchi juftlikda esa tokning past chastotada arrasimon o‘zgarishini hosil qilish lozim. Shu paytning o‘zida modulyator va katod orasiga video signal yuborilsa, ekranda yuborilgan tasvir hosil bo‘ladi. Bunda qatorlar va kadrlar chastotalari yuqorida aytib o‘tilgan talablarga javob berishi kerak va mos ravishda 15625 va 25 Gs ga teng bo‘lishi lozim. Demak har bir kadrda 625 qator bor. Kineskopning sxematik tasviri 2.4 – rasmda keltirilgan.
Tasvir va trubkaning o‘lchamlari: Agar tasvirni tomosha qilishning optimal burchagi 15, optimal tomosha qilish uzoqligi 2 m deb olinsa, rastrning balandligi 50 sm, kengligi 65 sm bo‘lishi kerak. Elektron dastaning maksimal og‘dirish burchagini oshirish yordamida trubkalarning uzunligini kamaytirish mumkin. Hozirgi paytda bu burchakni 110 gacha oshirilgan va buning natijasida trubkaning o‘lchami 3,5 marta qisqargan.
Ekran yorqinligining rangi va trubka o‘chirilganidan keyin yorug‘likning o‘chish vaqti: Ekranning yorqinlik rangi oq bo‘lishi kerak. Shuning uchun kineskoplarning ekranlari rux sul`fidi va kumush bilan aktivlashtirilgan rux va kadmiy qattiq qotishmasidan tayyorlanadi. Ekranning o‘chish vaqti bu lyuminaforlar uchun 10-3 sek ga teng.
Ajrata olish qobiliyati: Ajrata olish qobiliyati ekranda hosil bo‘layotgan dog‘ning diametriga bog‘liq bo‘ladi. U qatorlarning soniga va ularning bir-biridan ajralib turishiga bog‘liq. 15˚ burchakda rastrdagi qatorlar soni 600 taga teng. Rastrlarning balandligi 220 mm bo‘lganda ekranda hosil bo‘layotgan dog‘ning diametri 0,3 mm dan katta bo‘lmasligi kerak. Shunda rastrdagi qatorlar bir-biri bilan qo‘shilib ketmaydi.
Kineskop ekranida hosil bo‘layotgan tasvirning kontrasti: Sifatli tasvir hosil qilish uchun kontrast kattaligi 25 – 30 ga teng bo‘lishi kerak. Kontrastni kuchaytirish uchun kineskop kolbasining pastki sathi kontrast oynalardan tayyorlanmoqda.