Proeksion kineskoplar
Oddiy kineskoplardan farqli ravishda proyeksion kineskoplar hosil qilinayotgan tasvirni bevosita kuzatish uchun emas balki kineskop ekranidan ancha katta o‘lchamga ega va katta auditoriya oldida tasvirni aks ettirish imkonini beradigan ekranga optik sistema yordamida uzatish va aks ettirish uchun xizmat qiladi. Shuning uchun proyeksion kineskoplarda oddiy kineskoplarga nisbatan ekranda hosil bo‘layotgan tasvir yorqinligi tahminan 103 marta yuqori bo‘lishi kerak. Bu holat o‘nlab kilovol`tga etadigan yuqori anodli kuchlanishlarni qo‘llash zaruriyatiga olib keladi.
Bunday kineskoplarning ekranlari nisbatan katta bo‘lmagan diametrlarga (6 – 18 sm) ega va ular har doim alyuminlashtiriladi. Fokusirovka elektrostatik yoki magnit maydon yordamida amalga oshirilishi mumkin, ammo og‘dirish har doim magnit maydon yordamida bajariladi, chunki to‘pdan chiqayotgan elektronlarning tezligi juda yuqoridir.
Har doim shuni e`tiborga olish kerakki, ekranga yo‘naltirilgan elektron dastaning tormozlanishida uning 95% energiyasi issiqlik sifatida ajraladi. Shuning uchun trubka ishlaganda ekran va ballon kuyishini oldini olish uchun elektron dasta bir joyda to‘xtab qolishi kerak emas. Bundan tashqari, ko‘pincha ekranni majburan sovitish lozim.
Yuqori ishchi kuchlanishlar proyeksion kineskoplarning ba’zi bir spesifik konstruktiv xususiyatlarini belgilaydi: ekran yaqinida konus ballonga kavsharlangan anodning chiqish oyoqchasi ballonning tashqi yuzasidan yo‘qotishlarni kamaytirish uchun shishali trubka bilan o‘ralgan; katod va modulyator o‘rtasiga uchqunni o‘chiruvchi deb nom olgan yerga ulangan silindr joylashtiriladi. U elektrodlarni teshilishdan saqlaydi.
6LK1B turdagi proyeksion kineskopning tashqi ko‘rinishi 2.5 – rasmda keltirilgan.
2.5 – rasm. Proyeksion kineskop.
Rangli televideniye uchun kineskoplar
Rangni ajrata olish qobiliyati kuzatuvchi ko‘ziga kelib tushayotgan yorug‘lik oqimining miqdoriy spektriga bog‘liq bo‘ladi. Ammo inson ko‘zi spektr tarkibini tahlil qilmaydi. Ixtiyoriy rangni 3 ta sof rang – ko‘k, yashil va qizil ranglar kombinatsiyasi yordamida yaratish mumkin. Bunda rang bu rangni tashkil etuvchi ranglarning nisbiy intensivligi bilan aniqlanadi. Xususan, ko‘k, yashil va qizil ranglar intensivligining ma’lum bir munosabati oq rangni aks ettirishi mumkin.
Demak, rangli tasvirni uzatish uchun uzatilayotgan tomonda uchta asosiy rangning nisbiy energiyalariga mos keluvchi uchta videosignalni hosil qilish kifoya. Rangli tasvirni aks ettirish uchun qabul qiluvchi tomonda “rangli” videosignallarni yorug‘lik signaliga aylantirish kerak.
Rangli televizion sistemalarni signalni ketma – ket va bir vaqtda uzatuvchi turlarga bo‘lish mumkin. Ketma – ket uzatuvchi sistemada tasvir elementlari haqida ma’lumotlarni o‘zida mujassamlashtirgan signallarni uzatish va qabul qilish navbatma – navbat amalga oshiriladi va asosiy ranglarning aralashib, rang hissini tug‘dirishi ko‘rishning inersionligi tufayli vujudga keladi. Bunda ranglarning almashinish chastotasi yetarlicha yuqori, tahminan oddiy oq-qora televideniyada kadrlarni almashinish chastotasiga teng bo‘lishi kerak. Bu esa, rangli tasvirni kadrlar bo‘yicha uzatishda razvertka chastotasi oq-qora televideniyadagiga nisbatan 3 marta yuqori bo‘lishi kerak deganidir.
Bir vaqtli sistemalarda uchta “rangli” signal ham bir vaqtning o‘zida uzatiladi va qabul qilinadi. Bunday sistemada uchta tasvir mos ravishda qizil, ko‘k va yashil lyuminaforlar bilan qoplangan uchta kineskop ekranida hosil qilinadi, keyin esa uchta tasvir optik usul bilan bitta rangli televizion tasvirga aylantiriladi. Demak, bunday sistemalarda oq – qora televideniyening razvertka standartidan foydalanish mumkin. Ammo, uch trubkali tizim beso‘naqay va optik sistemada yorug‘lik isroflari mavjud bo‘ladi. Bundan tashqari uzatuvchi va qabul qiluvchi tomonlarda razvyortkaning sinxronizatsiya darajasi juda yuqori bo‘lishi talab qilinadi. Shuning uchun rangli televideniyeda rangli tasvirni ekranda bevosita hosil qilish imkoniyatini beradigan maxsus qabul qiluvchi trubkalarni yaratish talab qilindi.
Hozirgi vaqtgacha amalda va ishlab chiqarishda soyali niqob va ranglarni nuqtalar bo‘yicha aks ettirishga asoslangan rangli kineskoplar konstruksiyasi qo‘llanilmoqda. Bunday trubkaning ishlash prinsipi 2.6 – rasmda keltirilgan. Ekran davriy ravishda qaytariluvchi ko‘k, yashil va qizil rangda nurlanuvchi lyuminafor nuqtalar mozaikasi bilan qoplangan. Ekrandan ma’lum bir masofada dumaloq teshikchalari bo‘lgan metall plastina, ya’ni soyali niqob joylashtirilgan bo‘ladi. Uch to‘pda shakllantirilgan va uzatilayotgan tasvirning qizil, ko‘k va yashil komponentalari haqida ma’lumotga ega bo‘lgan bu dastalar niqobning bir nuqtasida kesishadigan qilib og‘diruvchi sistema yordamida og‘diriladi. Bunda ekrandagi lyuminafor nuqtalar va niqobdagi teshiklar joylashishi shunday tanlab olinadiki, masalan, o‘zida uzatilayotgan tasvirning qizil komponenti haqidagi ma’lumotni saqlagan elektron nur faqat ekranning qizil lyuminafor bilan qoplangan qismiga tushadi. Huddi shu jarayon boshqa ikki rang uchun ham bajarilishi lozim.
2.6 – rasm. Soyali niqobning ishlash prinsipi. M – niqob.
Shunday qilib, uchta elektron nur ekran bo‘ylab yoyilib bir vaqtning o‘zida mos keluvchi lyuminafor nuqtalarni uyg‘otadi. Lyuminafor nuqtalarning o‘lchamlari va ular orasidagi masofalar shundayki, ularni kuzatayotganda ular orasidagi masofaning ko‘rinish burchagi ko‘zning ajrata olish qobilyatidan kichik bo‘ladi. Shuning uchun uchta rangli nuqtalar bir-biriga qo‘shilib, rangli tasvirning elementini tashkil qiladi. Albatta, bunday trubkada yaxshi tasvirni hosil qilish uchun ekranda bir – biriga juda yaqin joylashgan katta miqdordagi rangli nuqtalar guruhi bo‘lishi lozim.
Kineskopning tashqi qobig‘i shishadan tayyorlanadi (2.7 – rasm). Trubkaning bo‘yin qismiga bu trubkaning simmetriya o‘qiga nisbatan simmetriya o‘qlari 1 ga og‘dirilgan 3 ta elektron to‘p joylashtirilgan. Konus shaklidagi tarafga ekran qismi kavsharlanadi. Unga ballonning pastki qismiga qoplangan mozaikali rangli ekran va uning qarshisiga joylashtirilgan niqob kiradi.
Bunday rangli kineskopning asosiy parametrlarini ko‘rib o‘tamiz. Niqob ikki tomonlama kimyoviy ishlov berish yordamida 200 mkm qalinlikdagi po‘lat listdan tayyorlanadi.
Qizil rangni hosil qiluvchi lyuminafor evropiy bilan aktivlashtirilgan ittriy oksidi, ko‘k – kumush bilan aktivlashtirilgan rux sul`fididan, yashil – boshqacha qayta ishlagan aktivlashtirilgan rux sul`fididan tayyorlanadi. Shuni ta’kidlash lozimki, bunday rangli kineskopning ishlashida elektronlar dastasining qariyb 85% i niqobda tutib qolinadi va 15% igina ekranga yetib boradi. Shuning uchun ekrandagi tasvir ravshanligini oshirish uchun katta anod kuchlanishlaridan foydalanish kerak bo‘ladi. Bunday kuchlanishda ekranlarning me`yorida ishlashi, ravshanligi va yorqinligini oshirish uchun rangli kineskoplarning ekranlari alyuminlanadi.
2.7 – rasm. Soyali niqobga ega bo‘lgan rangli kineskopning sxemasi: 1 – ballonning bo‘yin qismi; 2 – to‘plar; 3 – balonning konusi; 4 – ekran joylashtirilgan ballonning tubi; 5- niqob; 6 – og‘diruvchi katushkalar.
Elektronlar dastasini shakllantiruvchi to‘pning elektron-optik sistemasi elektrostatik, og‘diruvchi sistemasi esa magnit maydon yordamida ishlaydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |