5-bob. Texnik chora-tadbirlar 1-§. Texnik chora-tadbirlar. O‘chirishlar 132. Ishlashda ish joyini tayyorlash uchun kuchlanishni olish talab qilinganda ko‘rsatilgan tartibda quyidagi texnik tadbirlar bajarilishi shart:
zarur bo‘lgan o‘chirishlar amalga oshirilishi va kommutatsion apparatlarning o‘z-o‘zidan yoki yanglishib ulanishiga to‘sqinlik qiluvchi choralar ko‘rilishi;
kommutatsion apparatlarning qo‘l bilan boshqariladigan uzatmalariga va masofadan boshqariladigan kalitlariga taqiqlovchi plakatlar osilishi;
odamlarni elektr tokidan jarohatlanishdan saqlash uchun yerga ulanishi zarur bo‘lgan tok o‘tkazuvchi qismlarda kuchlanish yo‘qligi tekshirilishi;
erga ulagichlar o‘rnatilishi (erga ulagich pichoqlarini ulash, ko‘chma yerga ulagichlarni o‘rnatish);
zarur bo‘lganda ish joylarini yoki kuchlanish ostida qolgan boshqa tok o‘tkazuvchi qismlarni to‘sish va to‘siqlarga xavfsizlik plakatlari osilishi. Mahalliy sharoitlarga qarab o‘chirilgan tok o‘tkazuvchi qismlar yerga ulanishdan oldin yoki keyin to‘siqlar bilan ajratiladi.
133. Tok o‘tkazuvchi qismlarda ishlashda kuchlanishni olish talab qilinsa, quyidagilar o‘chirilishi shart:
ish bajarilishi kerak bo‘lgan tok o‘tkazuvchi qismlar;
odamlar, yuk ko‘tarish mashinalari va mexanizmlarni ushbu Qoidalarga 2-ilovada qayd etilganidan kam masofaga yaqinlashishi mumkin bo‘lgan, to‘silmagan tok o‘tkazuvchi qismlar.
O‘chirilgan HLda ishlashda ushbu HLning ayrim elementlari kuchlanish ostida bo‘lgan boshqa HLning tok o‘tkazuvchi qismlariga ushbu Qoidalarga 2-ilovaning 1-jadvali uchinchi ustunida qayd etilganidan kam masofagacha yaqinlashish imkoniyati bo‘lsa, bu liniya ham o‘chirilishi shart. Ta’mirlanayotgan HL bilan birga osilgan AHL ham o‘chirilishi shart.
134. 1000 V dan yuqori kuchlanishli elektr qurilmalarida, kommutatsion apparatlardan ish joyiga kuchlanish berilishi mumkin bo‘lgan har tomondan ko‘rinadigan uzilishlar hosil qilinishi shart. Ko‘rinadigan uzilishlar shinalar va simlarni ajratish yoki olish, ajratgichlarni o‘chirish, saqlagichlarni olib qo‘yish, shuningdek, bo‘lgichlar va yuklama o‘chirgichlari orqali bajariladi. Apparatlarning o‘zlarida o‘rnatilgan prujina ta’sirida avtomatik tarzda ulanadiganlar bundan mustasno.
Elektr qurilmasining ishlash uchun ajratilgan uchastkasi bilan bog‘liq kuchlanish transformatlari va kuch transformatorlari ulardagi teskari transformatsiya imkoniyatini bartaraf qilish uchun, shuningdek, 1000 V gacha kuchlanish tomonidan ham o‘chirilishi shart.
135. Ish joyini tayyorlashda qo‘l bilan boshqariladigan ajratgichlar (bo‘lgichlar) va yuklama o‘chirgichlari o‘chirilganidan so‘ng ularning o‘chganligi ko‘rilishi va shuntlovchi tutashtirgichlar yo‘qligiga ishonch hosil qilinishi zarur.
136. 1000 V dan yuqori kuchlanishli elektr qurilmalarida, kommutatsion apparatlarning o‘z-o‘zidan yoki yanglishib ulanishi oqibatida ish joyiga kuchlanish berib yubormaslikning oldini olish uchun quyidagi choralar ko‘rilishi shart:
ajratgichlar, bo‘lgichlar, yuklama o‘chirgichlarining qo‘l bilan xarakatlantiriladigan uzatmalari o‘chirilgan holatida mexanik qulf bilan berkitilishi. 6 — 10 kV kuchlanishli elektr qurilmalaridagi bir qutbli ajratgichlar yanglishib ulab yuborilishining oldini olish uchun ajratgich pichoqlariga maxsus dielektrik qalpoqlar kiydirishga ijozat beriladi;
izolatsion tezkor shtangalar bilan boshqariladigan ajratgichlarning statsionar to‘siqlari mexanik qulf bilan qulflanishi;
masofadan boshqariladigan kommutatsion apparatlarning uzatmalarida kuch va boshqaruv zanjirlari o‘chirilishi, havo bosimi ta’sirida ishlaydigan uzatmalarda esa bundan tashqari kelayotgan havo yo‘lidagi surilma qopqoq berkitilishi va mexanik qulf bilan qulflanishi va siqilgan havo chiqarib yuborilishi, bunda havo chiqaradigan bo‘shatish klapanlari ochiq holda qoldirilishi shart;
yuk og‘irligi va prujina ta’sirida ishlaydigan uzatmalarda ulaydigan yuk yoki ulaydigan prujinalar ishlamaydigan holatga o‘tkazilishi shart.
Tortib chiqariladigan aravachali KTQning kommutatsion apparatlarini yanglishib ulab yuborishning oldini olish uchun ushbu Qoidalarning 243 va 244-bandlariga muvofiq choralar ko‘rilgan bo‘lishi shart.
137. 1000 V gacha kuchlanishli elektr qurilmalarining ish bajariladigan tok o‘tkazuvchi qismlarida kuchlanish berilishi mumkin bo‘lgan hamma tomondan qo‘l qo‘l bilan xarakatlantiriladigan uzatmasi bilan jihozlangan kommutatsion apparatlar o‘chirilishi, sxemalarda saqlagichlar bo‘lganda esa ular olib qo‘yilishi shart. Sxemada saqlagichlar bo‘lmagan kommutatsion apparatlarni yanglishib ulab yuborilishning oldini olish, shkaf eshiklari va tutqichlarni qulflash, tugmachalarni berkitish, kommutatsion apparatlarning kontaktlari orasiga izolatsion qoplagichlar o‘rnatish kabi choralar bilan ta’minlanishi shart. Masofadan boshqariladigan kommutatsion apparatlar bilan kuchlanish olinganda uni ulaydigan g‘altak uzib qo‘yilishi shart.
Yuqorida ko‘rsatilgan choralarni, agar apparatlarning konstruktiv tuzilishi va ishning xususiyati yo‘l qo‘yadigan bo‘lsa, ish bajariladigan uskunalarga yoki kommutatsion apparatlarga ulangan shinalarni bo‘shatib ajratish yoki kabellarni, simlarni ajratish bilan almashtirish mumkin.
138. Ish joyini tayyorlashda shinalarni bo‘shatib ajratishni, kabellar va simlarni ajratishni navbatchi yoki tezkor ta’mirlovchi xodimlar kuzatuvi ostida III guruhga mansub ta’mirlash xodimi bajarishi mumkin. Ish joyiga yaqin va unga tegib ketish ehtimoli bo‘lgan tok o‘tkazuvchi qismlardan kuchlanish olinishi yoki ular to‘siqlar bilan to‘sib qo‘yilishi shart.
139. 1000 V gacha kuchlanishli, kontaktlari ko‘rinmaydigan kommutatsion apparatlarni (tortib chiqarilmaydigan avtomatlar, paketli o‘chirgichlar, yopiq holda ishlangan rubilniklar va hokazolar) o‘chirilgan holati apparatlardan chiqqan qisqichlarda yoki ushbu apparatlar orqali ulanadigan chiquvchi shinalarda, simlarda, yoki uskunaning qisqichlarida kuchlanishning yo‘qligini tekshirish yo‘li bilan aniqlanadi.