2-§. Xavfsizlik plakatlarini osish va ish joyini to‘sish 140. Ulanish bilan ish joyiga kuchlanish berilishi mumkin bo‘lgan ajratgichlar, bo‘lgichlar va yuklama o‘chirgichlarining uzatmalariga, masofadan boshqarish tugmachalariga va kalitlariga, 1000 V gacha kuchlanishli kommutatsion apparatlarga (avtomatlar, rubilniklar, o‘chirgichlar) “ULANMASIN! ODAMLAR IShLAMOKDA!” deb yozilgan plakatlar osilgan bo‘lishi shart.
Avtomatlari, rubilniklari va o‘chirgichlari bo‘lmagan 1000 V gacha kuchlanishli ulamalarda plakatlar saqlagichlar olib qo‘yilgan joylarga osiladi.
Tezkor shtangalar bilan boshqariladigan ajratgichlarda plakatlar to‘siqlarga, bir qutbli ajratgichlarda esa har bir ajratgichning uzatmasiga osiladi. KTQda plakatlar ushbu Qoidalarning 243 va 244-bandlariga muvofiq osiladi.
Ajratgichlarning pnevmatik uzatmalarida havoni to‘sadigan surilma qopqoqlarga “OChILMASIN! ODAMLAR IShLAMOQDA!” deb yozilgan plakat osiladi.
141. HLda yoki KLda ish bajarish uchun o‘chirilgan ajratgichlarning uzatmalariga ishlayotgan brigadalarning sonidan qat’i nazar bitta “ULANMASIN! LINIYADA ISh BAJARILMOQDA!” deb yozilgan plakat osilgan bo‘lishi shart. Bunday plakat ish joylarini tayyorlashga farmoyish beruvchi va tarmoqda ishlayotgan brigadalarning sonini hisobga oluvchi xodimning ko‘rsatmasi bo‘yicha osiladi va echiladi.
142. Kuchlanish ostida qolgan tok o‘tkazuvchi qismlarni vaqtinchalik to‘sish uchun yog‘ochdan yoki boshqa izolatsion materiallardan yasalgan shchitlar, shirmalar, ekranlar va boshqalar ishlatilishi mumkin.
Kuchlanishni olmasdan qo‘yiladigan vaqtinchalik to‘siqlardan tok o‘tkazuvchi qismlargacha bo‘lgan masofa ushbu Qoidalarga 2-ilovada ko‘rsatilgan masofadan kam bo‘lmasligi shart. 6 — 10 kV kuchlanishli elektr qurilmalarida, zarur bo‘lganda, bu masofa 0,35 m gacha kamaytirilishi mumkin.
Vaqtinchalik to‘siqlarga “TO‘XTA! KUChLANISh!” deb yozilgan yoki mos xavfsizlik plakatlari mahkamlangan bo‘lishi shart.
143. 6 — 15 kV kuchlanishli elektr qurilmalarida tok o‘tkazuvchi qismlarni to‘sqichlar bilan to‘sishning iloji bo‘lmagan holda o‘chirilgan va kuchlanish ostida qolgan tok o‘tkazuvchi qismlar orasiga (masalan, o‘chirilgan ajratgichning kontaktlari orasiga) izolatsiyalovchi qoplagichlarni qo‘llashga ijozat beriladi. Bu izolatsiyalovchi qoplagichlar kuchlanish ostidagi tok o‘tkazuvchi qismlarga tegib turishi mumkin.
Izolatsiyalovchi qoplagichlarni o‘rnatish va olishni IV va III guruhga mansub ikki kishi (ulardan biri navbatchi yoki tezkor ta’mirlovchi xodimlardan) dielektrik qo‘lqoplar va izolatsiyalovchi shtangalar yoki ombirlardan foydalanib bajarishi shart.
144. Ish joyi bilan chegaradosh kameralar, shkaflar va panellarning to‘siqlariga “TO‘XTA! KUChLANISh!” deb yozilgan plakatlar osilgan bo‘lishi shart.
145. OTQda yerda turib, poydevorlarga va alohida konstruksiyalarga o‘rnatilgan uskunalarda ishlar bajarilganda ish joyi o‘simlik yoki sintetik tolalardan qilingan kanatlar, arqonlar yoki shnurlar bilan (o‘tish uchun joy qoldirilib) to‘silgan bo‘lishi, to‘silgan maydon ichiga qaratib to‘siqlarga “TO‘XTA! KUChLANISh!” deb yozilgan plakatlar osilgan bo‘lishi shart.
Arqonlarni osish uchun ish joyi zonasiga kirmagan konstruksiyalardan, ular o‘ralgan maydondan tashqarida qolish sharti bilan foydalanishga ruxsat etiladi.
Liniya (HL) ajratgichlaridan tashqari butun OTQdan kuchlanish olinganda ajratgich o‘rnatilgan tuzilmalar arqonlar bilan to‘silib, to‘silgan maydondan tashqariga qaratib “TO‘XTA! KUChLANISh!” deb yozilgan plakatlar osilgan bo‘lishi shart. OTQning ikkilamchi zanjirlarida farmoyish bo‘yicha ishlar bajarilganda ish joyini to‘sish talab qilinmaydi.
146. HL va KLdan tashqari elektr qurilmalarida tayyorlangan ish joylariga “ShU YERDA IShLANSIN!” deb yozilgan plakat osilgan bo‘lishi shart.
147. OTQda ish joyidan u bilan chegaradosh, kuchlanish ostida bo‘lgan uchastkalargacha borish mumkin bo‘lgan konstruksiya uchastkalarida yaqqol ko‘rinadigan “TO‘XTA! KUChLANISh!” deb yozilgan plakatlar o‘rnatilgan bo‘lishi shart. Bu plakatlarni III guruhga mansub ta’mirlash xodimi ishga qo‘yuvchi rahbarligida o‘rnatishi mumkin.
Yuqoriga chiqishga ruxsat etilgan konstruksiyalarga chegaradosh bo‘lgan konstruksiyalarning pastki qismida “ChIQMA! O‘LDIRADI!” deb yozilgan plakat osilgan bo‘lishi shart.
Ishlarni bajarish uchun yuqoriga chiqishga ruxsat etilgan statsionar narvonlarga va konstruksiyalarga “ShU YERDAN ChIQILSIN!” deb yozilgan plakat osilgan bo‘lishi shart.
148. Ish to‘liq tugamaguncha ish joylarini tayyorlash paytida qo‘yilgan plakatlar va to‘siqlarni olib tashlash yoki boshqa yerga ko‘chirish taqiqlanadi.