4-§. Yerga ulagichlarni o‘rnatish. Umumiy talablar
156. Tok o‘tkazuvchi qismlarga yerga ulagichlarni bevosita kuchlanish yo‘qligi tekshirilgandan keyin o‘rnatish shart.
157. Ko‘chma yerga ulagichni avval yerga ulaydigan tuzilmaga, kuchlanish yo‘qligi tekshirilgandan keyin tok o‘tkazuvchi qismlarga ushbu Qoidalarga 6-ilovada keltirilgan sxemalarga muvofiq o‘rnatish kerak.
Ko‘chma yerga ulagichni olish teskari ketma-ketlikda amalga oshiriladi: avval tok o‘tkazuvchi qismlaridan olinadi, keyin yerga ulaydigan tuzilmadan ajratiladi.
158. Ko‘chma yerga ulagichlarni dielektrik qo‘lqoplarda, 1000 V dan yuqori kuchlanishli elektr qurilmalarida izolatsiyalovchi shtangani qo‘llab o‘rnatish va olish shart. Ko‘chma yerga ulagichlarning qisqichlarini shu shtanga yordamida yoki dielektrik qo‘lqoplarda bevosita qo‘llar bilan mahkamlash kerak.
159. Yerga ulash uchun bunga mo‘ljallanmagan o‘tkazgichlardan foydalanish taqiqlanadi, ushbu Qoidalarning 227-bandida ko‘rsatilgan hollar bundan mustasno.
5-§. Elektr stansiyalar va podstansiyalarning elektr qurilmalarida yerga ulagichlarni o‘rnatish
160. 1000 V dan yuqori kuchlanishli elektr qurilmalarida ishlash uchun o‘chirilgan uchastkaga kuchlanish berilishi mumkin bo‘lgan barcha tomondan tok o‘tkazuvchi qismlarning hamma fazalari (qutblari) yerga ulanishi shart, ishlash uchun o‘chirilgan bitta yerga ulagichni o‘rnatish yetarli bo‘lgan yig‘ma shinalar bundan mustasno (ushbu Qoidalarga 6-ilova).
O‘chirilgan liniya ajratgichida ishlar olib borganda, unda yerga ulaydigan pichoqlarning borligidan qat’i nazar, HL tomonidan tushgan simlarga ajratgich bilan manipulatsiya qilinganda buzilmaydigan qilib qo‘shimcha yerga ulagich o‘rnatilishi shart.
161. Yerga ulangan tok o‘tkazuvchi qismlar kuchlanish ostida bo‘lgan tok o‘tkazuvchi qismlardan ko‘rinadigan uzilish bilan ajratilishi shart.
O‘rnatilgan yerga ulagichlar bevosita ish bajarilayotgan tok o‘tkazuvchi qismlardan o‘chirilgan ajratgichlar, o‘chirgichlar, bo‘lgichlar yoki yuklama o‘chirgichlari, olib qo‘yilgan saqlagichlar, demontaj qilingan shinalar va simlar orqali ajratilishi mumkin.
Bevosita ish joyida tok o‘tkazuvchi qismlarga, ushbu qismlar ilashgan kuchlanish (potensial) ostida bo‘lishi mumkin bo‘lganda, qo‘shimcha yerga ulagich o‘rnatilishi shart.
162. Ko‘chma yerga ulagichlarni tok o‘tkazuvchi qismlarning bo‘yoqdan tozalangan joylariga ulash kerak.
163. 1000 V gacha kuchlanishli elektr qurilmalarida TQning yig‘ma shinalarida, shchitlarda, yig‘malarda ishlar olib borilganda shinalardan kuchlanish olinishi va shinalar (izolatsiyalangan simlardan qilingan shinalardan tashqari) yerga ulanishi shart. Bu TQ, shchitlar, yig‘malarning ulanishlari va ularga ulangan uskunalarni yerga ulash zarurligini va imkoniyatini naryad, farmoyish beruvchi aniqlaydi.
164. Agar ishlar bajarish xususiyatiga (izolatsiya qarshiligini o‘lchash va h.k.) ko‘ra talab qilinsa, ish joyini tayyorlashda o‘rnatilgan yerga ulagichlarni vaqtinchalik olib qo‘yishga ijozat beriladi.
Yerga ulagichlarni vaqtinchalik olishni va qayta o‘rnatishni navbatchi, tezkor ta’mirlovchi xodim yoki naryad beruvchi ko‘rsatmasi bilan ish bajaruvchi amalga oshiradi.
Yerga ulagichlarni vaqtinchalik olishga ruxsat va uning ish bajaruvchi tomonidan amalga oshirilishi naryadning “Alohida ko‘rsatmalar” satriga yozilib, qayerda va nima maqsadda yerga ulagichlar olinishi kerakligi qayd qilinishi shart.
165. Konstruksiyalari yerga ulagichni o‘rnatish xavfli yoki o‘rnatishning iloji bo‘lmagan elektr qurilmalarida (masalan, ayrim taqsimlovchi qutilarda, KTQning alohida turlarida, fazalari vertikal joylashgan yig‘malarda) ish joyini tayyorlashda yerga ulagichni o‘rnatmasdan ajratgich pichoqlariga dielektrik qalpoqlar kiygizishga yoki kommutatsion apparatlarning kontaktlari orasiga izolatsion qoplama o‘rnatishga ijozat beriladi.
166. 1000 V gacha bo‘lgan kuchlanishli elektr qurilmalarida yerga ulagichlarni o‘rnatish va olish bo‘yicha ishlarni bajarishga III guruhga mansub navbatchi yoki bir nafar tezkor ta’mirlovchi xodimga ruxsat etiladi.
167. 1000 V dan yuqori kuchlanishli elektr qurilmalarida:
ko‘chma yerga ulagichlarni ikki xizmatchi o‘rnatishi shart: biri IV guruhga mansub (navbatchi yoki tezkor ta’mirlovchi xodimlardan), boshqasi III guruhga; III guruhga mansub xizmatchi ta’mirlash xodimlaridan, iste’molchi ulanishsiga yerga ulagichlarni o‘rnatishda esa iste’molchi xodimidan bo‘lishi mumkin. Uzoqda joylashgan podstansiyalarda ma’muriy-texnik xodimlarning yoki dispetcherning ruxsati bilan asosiy sxemada yerga ulagichlarni o‘rnatishda ikkinchi shaxs sifatida III guruhga mansub iste’molchi xodimi ishlashiga ruxsat beriladi;
erga ulaydigan pichoqlarni navbatchi yoki tezkor ta’mirlovchi xodimlardan IV guruhga mansub bir xizmatchi ulashi mumkin;
erga ulaydigan pichoqlarini uzishni va ko‘chma yerga ulagichni olishni navbatchi yoki tezkor ta’mirlovchi xodimlardan III guruhga mansub bir odam bajarishi mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: |