Ko‘rish orqali rekonstruksiyalash (qayta tiklash). «Rekonstruksiya» tushunchasi biror narsani qoldiqlar yoki yozma manbalarga asoslanib dastlabki ko‘rinishini qayta tiklash ma’nosini anglatadi, ya’ni so‘zlar yordamida tarixiy ob’ektning dastlabki holatini ekskursantlarning tomoshaviy taassurotiga tayanib tiklaydi. Bu usul urush, xalq qo‘zg‘oloni, qatl va boshqa voqealar bo‘lib o‘tgan tarixiy joylar ko‘rsatilayotganda qo‘llaniladi. Davlat arboblari, mashhur yozuvchilar, olimlar, bastakorlar, rassomlar hayoti va faoliyati bilan bog‘liq joylarni ko‘rsatishda ham ushbu usulni qo‘llash mumkin. Usulning vazifasi ekskursantlarga ushbu joyda bo‘lib o‘tgan tarixiy voqea, bino va inshootning dastlabki holatini ko‘z oldida gavdalantirish imkoniyatini berishdir.
Ob’ekt yillar ta’sirida xarobaga aylangan bo‘lsa, uning saqlanib qolgan qismlari va detallari gidga ko‘rish orqali rekonstruksiyalash usulini qo‘llashga yordam beradi. Agar saqlanib qolgan qismlari bo‘lmasa «gid portfeli»dagi ko‘rgazmali vositalar (fotosuratlar, chizmalar, tasviriy san’at materiallari) qo‘l keladi. Ko‘rish orqali rekonstruksiyalash usulining muvaffaqiyati gidning tayyorgarligi darajasiga bog‘liq bo‘lib, uning malakaviyligi voqealar haqida ekskursantlarga ishonarli hikoya qilish, ko‘z o‘ngida gavdalantirish imkonini beradi.
Voqealarni jonlantirish usuli. Voqealarni konkret joy bilan bog‘lashda ushbu usul muhim ahamiyatga ega. Bu usul ekskursantlar diqqatini voqea bo‘lib o‘tgan ma’lum joyga qaratish imkonini beradi. Ma’lumotlarni yetkazishda usul umumiylikdan xususiylikka o‘tishni nazarda tutadi. Masalan, Samarqand vino zavodidagi ekskursiya xizmatida «Aynan shu joylarda dunyoda tanilgan vinolar tayyorlanadi» deb gapirib o‘tish mumkin.
Ko‘rganlarni taqqoslash usuli. Ekskursiya xizmati metodikasida taqqoslashning har xil turlari qo‘llaniladi: ko‘z oldida turgan ob’ektni boshqa bir ob’ekt bilan taqqoslash, xayolan tiklanayotgan yoki avval ko‘rsatilgan ob’ekt bilan taqqoslash. Ushbu jarayonda bir-biriga o‘xshash ob’ektlar yoki turlicha ob’ektlar ham solishtirilishi mumkin. Taqqoslash usuli ekskursantlarga ob’ektning haqiqiy o‘lchamini tasavvur qilish (ob’ektninng balandligi, uzunligi, kengligi va sh.k.), hikoyadagi raqamlar, dalillar, misollar sonini kamaytirish, tushuntirishga ketadigan vaqtni tejash imkonini beradi. Ushbu usulning vazifasi – ob’ektning o‘ziga xosligini, jozibadorligini aniqlab berishdir.
Memorial taxtani ko‘rsatish usuli. Ekskursiya xizmatida gid o‘z hikoyasini dastavval ob’ektning tahlili va u bilan bog‘liq voqealar bilan boshlaydi. So‘ng ob’ektga o‘rnatilgan memorial taxtaga ekskursantlar diqqatini jalb etadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |