1. KURS ISHLARINI TAYYORLASH METODIKASI 1.1. Umumiy talablar
Kurs ishi o‘quv jarayonining eng muhim turi bo‘lib, u o‘quv rejaga mos holda bajariladi. Kurs ishini yozish, topshirish va himoya qilish muddatlari kafedra tomonidan tuziladi va tasdiqlanadi. Kurs ishini bajarish nazariy kursni chuqur o‘zlashtirishga, olingan bilimlarni amalda qo‘llashga, ishlab chiqarish va pedagogik faoliyatda uchraydigan masala va vaziyatlarni hal qilish ko‘nikmalarini shakllantirishga yordam berishi kerak. U respublikamizda qabul qilingan qaror va qonunlarni o‘rganishga, me’yoriy va uslubiy materiallar, adabiyotlar manbai hamda o‘quv yurti yoki korxonaning amaliy, tajribaviy va statistik ma’lumotlariga asoslangan bo‘lishi lozim.
Uni bajarish davomida talaba faqatgina shu mavzuga oid umumiy va maxsus adabiyotlardan foydalanish bilangina chegaralanib qolmasdan, ekologiyani o‘qitish metodlari bo‘yicha tadqiqotlar o‘tkazishi, nazariya bilan amaliyotni bog‘lashi, umumlashtirilgan xulosalar chiqara olishi, ishlab chiqarish va o‘rta maxsus, kasb-hunar o‘quv yurtlarining faoliyatlarini takomillashtirish bo‘yicha takliflar bera olishi lozim.
1.2. Kurs ishlarini tayyorlash tartibi
Kurs ishlarini tashkil qilishda eng muhim masalalardan biri bu mavzularni to‘g‘ri tanlashdir. Kurs ishi mavzulari mazkur predmetning o‘quv masalalariga javob berishi va shu bilan birga fan va xalq xo‘jaligining amaliy talablari bilan bog‘langan bo‘lishi kerak. SHuningdek, ular ilmiy, zamonaviy bo‘lib, talabalarda mustaqil ijodiy ishlash ko‘nikmalarini shakllantirishga qaratilgan bo‘lishi lozim. Kurs ishi bo‘yicha har bir vazifada yangilik elementi bo‘lishi kerak. Vazifalarning bir xil qolipdaligi, ularning yilma-yil takrorlanishi kurs ishining ham o‘quv, ham muhandislik qimmatini yo‘qotadi. Kurs ishlarining mavzulari har yili kafedra tomonidan qayta ko‘rib chiqiladi va uni yozish muddati bilan birga tasdiqlanadi. Vazifalar individual bo‘lib, umumiy talablarni buzmagan holda talabalarning qiziqish va qobiliyatlariga mos bo‘lishi kerak.
Talaba kurs ishi mavzusini tanlash huquqiga ega (4-ilova). Biroq kursning barcha mavzularini qamrab olish maqsadida ba’zi mavzular bo‘yicha talabalar sonini cheklash mumkin (masalan, bitta mavzuga uchtadan ko‘p bo‘lmagan talabani biriktirish). Talabalar guruhi (2-5 nafar talaba) tomonidan mavzular majmuasi bajarilishi mumkin. Bunda har bir talaba masalaning alohida qirralarini tadqiq qiladi.
Mavzuga ko‘ra o‘quv yurti yoki korxonadagi turli xil materiallar, istiqbolli, joriy rejalar va statistik hisobotlar hamda ularga tushuntiruv xatlaridan foydalanish mumkin. Amaliy materiallardan o‘rinli foydalanish kurs ishining sifatini ta’minlaydi. O‘quv yurti va korxonalardan material tanlash, ularni tanqidiy talqin qilish va qayta ishlash kurs ishini tayyorlash va yozishning muhim bosqichi hisoblanadi.
Kurs ishi unga rahbarlik qiluvchi o‘qituvchi-rahbar nazorati ostida yoziladi. Talaba rahbar bilan birgalikda o‘rganilishi lozim bo‘lgan masalalar hajmini belgilab oladi, tadqiqot rejasini tuzadi, ishning tarkibiy qismlarini, uning bosqichlarini bajarish muddatlarini, adabiyotlarni va boshqa materiallarni aniqlaydi.
Kurs ishining hamma qismlari qat’iy mantiqiy ketma-ketlikda va o‘zaro bog‘liqlikda bayon qilinishi lozim. Ishning mazmuni sxemalar, jadvallar, diagrammalar, grafiklar, fotosuratlar, rasmlar va h.k.lar bilan boyitilishi kerak. Matndagi grafik materiallarga tushuntirish berish lozim.
1.3. Kurs ishini himoya qilish
Talaba bajargan kurs ishi o‘qituvchi-rahbar tomonidan tekshirib chiqiladi va ishga yozma xulosa – taqriz beriladi. Ishni baholashda ishning mazmuni, uning dolzarbligi, xulosa va takliflarning betakrorligi, foydalanilgan materialning sifati hamda savodxonlik (umumiy va maxsus) darajasi hisobga olinadi. SHu bilan bir vaqtda taqrizchi ishning ijobiy tomonlari va kamchiliklarini ko‘rsatadi, zaruriyat bo‘lgan holda esa, uni to‘ldirish to‘g‘risida ko‘rsatma beradi. Taqriz ishni himoyaga qo‘yish mumkinmi, degan savolga javob berish bilan yakunlanadi.
Ish taqriz bilan birga talabaga beriladi. Talaba u bilan tanishib chiqadi va zarur bo‘lsa, tuzatish kiritadi. Agar kurs ishi taqrizchi xulosasiga ko‘ra muvaffaqiyatsiz chiqqan bo‘lsa va qayta ishlashga to‘g‘ri kelsa, u holda tuzatishlardan so‘ng birinchi taqriz bilan birgalikda takroriy taqrizga beriladi.
Kurs ishi talabaning nazariy va amaliy ko‘nikmalari darajasini, uning qo‘yilgan talablarga mosligini aniqlay oladigan professor-o‘qituvchilar oldida himoya qilinadi. Kurs ishi ximoyasini qabul qiluvchi va baxolaydigan pprofessor-o‘qituvchilar ro‘yxati kafedra tomonidan tuziladi. Himoya bo‘yicha komissiya a’zolari ro‘yxati 2-4 ta o‘qituvchidan (ulardan bittasi kurs ishining rahbari) iborat bo‘lib, himoyadan oldin kafedra tomonidan tasdiqlanadi.
Kurs ishi mazkur fan bo‘yicha nazoratlarni topshirish kunigacha himoya qilinishi kerak. Himoyada talaba ishning qisqacha mazmunini bayon qilishi, taqrizchi ko‘rsatgan kamchiliklarga va komissiya a’zolarining savollariga javob berishi kerak. Kurs ishiga komissiya a’zolari tomonidan himoya natijasi va bajarilgan ishning sifati bo‘yicha yakuniy baho qo‘yiladi. Talabaning ilmiy to‘garakda bajargan va uning kengashida himoya qilgan ishi kurs ishi sifatida qabul qilinadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |