Matnni yozish qoidalari.
Matn A4(210x297) formatdagi yozuv qog‘oziga yoziladi. Matnni yozishda xatboshi to‘rtta belgiga teng bo‘lishi kerak (1,25 sm). Bet hoshiyalari: chapdan - 3 sm, o‘ngdan - 1,5 sm, pastdan - 2 sm va yuqoridan – 2 sm. Matn 1,5 interval bilan chop etiladi. Agar matn Microsoft Word redaktorida chop etilsa, u holda Times New Roman dan foydalangan ma’qul, shrift o‘lchovi esa 14 pt bo‘lishi lozim.
Bet va bo‘limlarni raqamlash. Ishning betlari arab raqamlari bilan belgilanadi va har bir betga qo‘yiladi. Raqam betning quyi qismi markazida 10 shrifti bilan yoziladi. Zarvaraq umumiy rakamlanishga qo‘shiladi, biroq unda bet raqami ko‘rsatilmaydi. Alohida varaqlarda joylashgan rasm, jadval, grafiklar umumiy raqamlashga qo‘shiladi.
Ishning asosiy qismi bo‘lim, band, bob, paragraflardan tashkil topadi. Ular arab raqamlari bilan raqamlanadi (kirish, xulosa, adabiyotlar ro‘yxati, ilovalardan tashqari). Masalan, 1.Bo‘lim (bob), 1.1.Band (bob). Bo‘lim va band sarlavhalari bo‘lishi lozim. Bo‘lim so‘zlari yozilmaydi. Bo‘lim sarlavhalari, Kirish, Xulosa, Mundarija, Adabiyotlar ro‘xati, Ilova betning o‘rtasiga yoziladi va satr so‘nggida nuqta qo‘yilmaydi. Ular matndan 3 interval bilan ajratiladi. Sarlavhalarda bo‘g‘in ko‘chirish mumkin emas. Har bir bo‘lim yangi betdan boshlanishi lozim.
Grafik materiallar.
Rasmlar (chizmalar, grafiklar, sxemalar, diagrammalar, fotosuratlar) ni ishda bevosita ular birinchi marta esga olingandan so‘ng yoki u joyga sig‘masa, keyingi betda joylashtirgan ma’qul. Matnda barcha rasmlarga havola bo‘lishi lozim. Masalan, 1-rasmga binoan, yoki bo‘limda joylashgan bo‘lsa, 1.2 - rasmga mos ravishda. Xuddi shunday qavsga olingan holda ham havola berish mumkin (q.2-rasm).
Rasmlar arab raqamlari bilan raqamlanadi. Raqam ularning tagida rasm so‘zidan oldin yoziladi. Agar ishda faqat bitta rasm bo‘lsa, u holda uning tagiga rasm so‘zi yozilmaydi va unga raqam qo‘yilmaydi.
Jadvallar.
Raqamli (sonli) materiallarni ishda jadval ko‘rinishida joylashtirish tavsiya etiladi. Jadvalni bevosita u birinchi marta tilga olingan matndan so‘ng yoki u joyga sig‘masa, yangi betga joylashtirish lozim. Matnda barcha jadvallarga havola bo‘lishi kerak. Ular arab raqamlari bilan raqamlanadi. Agar matnda bittagina jadval bo‘lsa, unga raqam qo‘yilmaydi va jadval so‘zi yozilmaydi. Har bir jadval o‘z sarlavhasiga ega bo‘lib, u jadval so‘zidan keyin pastda yoziladi. Sarlavha katta harflar bilan boshlanadi va ulardan so‘ng nuqta qo‘yilmaydi.
Jadvalni shunday joylashtirish kerakki, uni burmasdan o‘qish mumkin bo‘lsin. Agar shunday joylashtirish imkoni bo‘lmasa, u holda uni soat millari bo‘yicha burib o‘qish mumkin bo‘ladigan qilib joylashtirish lozim bo‘ladi.
Jadvalning davomi keyingi betga o‘tganda avval «-jadvalning davomi» degan so‘zlarni so‘ngra uning boshini takroran yozish tavsiya etiladi. Agar jadvalning boshi katta bo‘lsa, u holda uni takror yozmasdan, uning graflarini raqamlash va keyingi betda shu raqamlarni takrorlash kerak bo‘ladi. Jadvalning sarlavhasi takrorlanmaydi. Agar jadvalning biror satrida raqamli yoki boshqa ma’lumotlar bo‘lmasa, shu joyga «-» qo‘yiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |