Nazorat savollari
Endemik (kanadan yuqadigan) qaytalama tif nima?
Kasallik qo‘zg‘atuvchisi haqida gapirib bering.
Bahor va kuzda kasallikning ko‘p uchrashiga sabab nima?
Isitma xurujining rivojlanish mexanizmini tushuntiring.
Xuruj davom etishida qonuniyat mavjudmi?
Nima sababdan tekshirish uchun qon odatda xuruj vaqtida olinadi?
Kanalarni ular yashaydigan joylarda yo‘qotish usullarini gapirib bering.
Gemorragik isitmalar (febris haemorrhagica)
Gemorragik isitmalar — virus tabiatli o‘tkir yuqumli kasalliklar bo‘lib, toksikoz, isitma va gemorragik sindrom bilan xarakterlanadi.
Gemorragik isitmalarning uch turi farq qilinadi: Omsk gemorragik isitmasi, Qrim gemorragik isitmasi va buyrak sindromi bilan kechadigan gemorragik isitma (gemorragik nefrozonefrit). Keyingi yillarda kasallikning yangi turlari: Lassa, Marburg, Ebola isitmasi va boshqalar haqida keng ma’lumotlar berilmoqda.
Etiologiyasi. Gemorragik isitma qo‘zg‘atuvchilar arboviruslar guruhiga mansub bo‘lib, ular bir-biridan o‘zining antigen tuzilishi va boshqa xususiyatlariga ko‘ra farq qiladi. Buyrak sindromi bilan o‘tadigan gemorragik isitmalar virusi hujayralar kulturasida ko‘pa- yadi. Omsk gemorragik isitmasi virusi B guruh arboviruslarga kiradi va antigen tuzilishi bo‘yicha kanadan yuqadigan ensefalit qo‘z- g‘atuvchi viruslarga o‘xshaydi. Sichqonlar uchun patogen. Virusning yagona xo‘jayini — ondatradir.
Epidemiologiyasi. Infeksiyaning tabiiy rezervuari va manbai asosan kanalar (Omsk va Qrim isitmalari) va sichqonsimon kemi- ruvchilar hamda ularda parazitlik qiladigan kanalardir (buyrak sindromi bilan o‘tadigan gemorragik isitmalar). Odam kana chaq- qanda, kemiruvchilar yoki ularning chiqindilari bilan ifloslangan buyumlarni ishlatganda va havo orqali (buyrak sindromi bilan o‘tadigan gemorragik isitma) kasallik yuqtiradi. Gemorragik isitmalar tabiiy o‘choqli kasalliklar guruhiga kiradi. Sporadik holatlarda yoki kichik epidemiyalar ko‘rinishida uchraydi. Qrim va Omsk gemorragik isitmalari uchun bahor-yoz mavsumlari xarakterli, gemorragik nefrozonefrit ko‘p mavsumiylik bilan ajralib turadi. Gemorragik isitmalarga moyillik yuqori darajada kuzatiladi.
Patogenezi va patologik anatomiyasi. Odam organizmiga tushgan virus retikuloendotelial sistema hujayralarida ushlanib qolgandan so‘ng qonga o‘tadi (virusemiya) va nospetsifik umumtoksik belgilar bilan kasallik boshlanishiga sabab bo‘ladi. Virus qonda nerv sistemasining infeksion-toksik zararlanishi (bosh miyada degenerativ- nekrobiotik o‘zgarishlar), gemorragik toshmalar, ko‘plab qon quyilishlar hamda ichki a’zolarning distrofik o‘zgarishlariga sabab bo‘luvchi og‘ir gemorragik kapillarotoksikozga zamin yaratadi. Buyrak sindromi bilan o‘tadigan gemorragik isitmalarga buyrakning zararlanishi: ikki tomonlama seroz-gemorragik nefrit va destruktiv- obturatsion gidronefroz xosdir. Anuriya natijasida azotemik uremiya rivojlanadi; po‘stloq qavatiga qon quyilishi sababli u yorilishi mumkin. Nerv-reflektor buzilishlar, distrofik o‘zgarishlar va qon quyilishlar ichki a’zolar (yurak, hazm sistemasi, endokrin bez funksiyalari va b.) faoliyatining izdan chiqishiga olib keladi.
Klinikasi. Bu guruhga kiradigan kasalliklar klinik belgilarining o‘xshashligini hisobga olib, ularni alohida ta’riflash joizdir.
Buyrak sindromi bilan o‘tadigan gemorragik isitmalar. Yashirin davr o‘rtacha 13—15 kun davom etadi. Kasallik odatda o‘tkir boshlanadi. Bemor kuchli bosh og‘rig‘i, uyqusizlik, mushaklardagi og‘riq, ko‘z og‘rishi, ayrim hollarda ko‘rishning yomonlashishi (ko‘ruv nervi do‘mbog‘ining shishi)dan shikoyat qiladi. Isitma davri et uvushishi va tana haroratining tez ko‘tarilishi (39—40°C) bilan boshlanadi va 7—9 kun davomida saqlanadi. Bemor kasallik bosh- lanishida betoqat, lohas bo‘lib, ayrim paytlarda alahsiraydi. Yuz, bo‘yin, ko‘krak va yelkaning yuqori qismi hamda shilliq qavatlarda giperemiya aniqlanadi, sklera tomirlari kengayadi. Kasallikning 3— 4-kuni bemor ahvoli og‘irlashadi, intoksikatsiya kuchayadi, u ko‘p marta qusadi. Yelka terisi, qo‘ltiq osti sohasida hamda inyeksiya qilingan joylarda teri ostiga qon quyiladi. Gemorragik holatlar kun sayin kuchaya borib, qon ketadi (ayniqsa burundan). Yurak chega- ralari o‘zgarmagan bo‘lib, yurak tovushlari bo‘g‘iq, ayrim paytlarda esa aritmiya aniqlanadi. Perikard harakatida shovqin eshitiladi (qon quyiladi).
Taxikardiya bradikardiya bilan almashadi, arterial bosim pasa- yadi, bo‘g‘ilish kuzatiladi. Til qurib, kattalashadi, kulrang-qo‘ng‘ir karash bilan qoplanadi. Qorin og‘rib (qorin pardaga qon quyilgan), jigar va taloq odatda kattalashadi.
Bunda ayniqsa, buyrak sindromi xarakterli: qorin va belda kuchli og‘riq seziladi, Pasternatskiy simptomi ijobiy, oliguriya yoki anuriya kuzatiladi; siydikning solishtirma og‘irligi pasayadi (1,010—1,004). Gematuriya, albuminuriya va siydikda ko‘p miqdorda leykositlar uchraydi.
Tana harorati normallashishiga qaramay, bemor ahvoli og‘ir- ligicha qoladi, u tez-tez qusadi. Qonda qoldiq azot miqdori oshadi, uremiya rivojlanishi mumkin.
Keyinchalik asta-sekinlik bilan bemor tuzala boshlaydi: og‘riqlar kamayadi, qusish to‘xtaydi, diurez kuchayadi, lekin holsizlik uzoq vaqt saqlanib qoladi (shifoxonadan chiqarilgandan keyin ham).
Asoratlari quyidagilardir: uremiya, buyrak po‘stloq qavatining ko‘chib tushishi, pnevmoniya va boshqalar. O‘lim hollari 3—10% ni tashkil qiladi.
Qrim gemorragik isitmasi. Yashirin davr — 7—10 kun davom etadi. Kasallik odatda o‘tkir boshlanadi. Bemorning boshi og‘riydi, holsizlanadi, mushaklarda og‘riq kuchayib, ko‘ngli aynib, qusadi. Tana harorati 1-kuni 39—40°C gacha ko‘tariladi va kasallikning 3— 4-kuni biroz tushgan holda o‘rtacha 7—9 kun davomida saqlanib turadi («ikki o‘rkachli» egri chiziq). Bemor betoqat bo‘lib, yuz, bo‘yin, gavdaning yuqori qismida giperemiya kuzatiladi. Konyunktiva va og‘iz bo‘shlig‘i shilliq qavatlari juda qizargan bo‘ladi. Kasallikning
kunidan boshlab teriga yakka yoki ko‘p miqdorli petexiyalar shaklida gemorragik toshmalar toshadi. Ular asosan yelka kamariga, ko‘krak va qorinning yon tomonlariga toshadi. Bemorning umumiy ahvoli og‘irlashadi, u karaxt bo‘lib, ko‘p uxlaydi. Burnidan qon keladi, milklari qonaydi; og‘ir kechganda — ichakdan, o‘pkadan qon ketadi. Yurak tovushlari bo‘g‘iq, bradikardiya kuzatiladi, arterial bosim pasayadi, nafas olish tezlashadi. Til quruq, qalin kulrang- qo‘ng‘ir karash bilan qoplanadi. Qorin biroz qappaygan bo‘lib, jigar va taloq kattalashganligi aniqlanadi, qabziyat kuzatiladi. Siydik erkin ajralib, diurez kamayadi.
Asoratlar kuzatilmaganda tana harorati pasayib, asta-sekinlik bilan sog‘ayish davri boshlanadi; 2—3 haftalar davomida holsizlik kuzatilib turadi. Kuzatilishi mumkin bo‘lgan asoratlari: toksikoz va ko‘p qon quyilishlar ta’siridagi o‘tkir yurak yetishmovchiligi, pnevmoniya va boshqa yiringli-septik holatlar. Bunda o‘lim hollari 5— 8% uchraydi.
Omsk gemorragik isitmasi. Klinik belgilari bo‘yicha Qrim gemorragik isitmasini eslatadi, lekin qisqa yashirin davr (2—4 kun) bilan boshlanishi va nisbatan yengilroq o‘tishi bilan farq qiladi. Klinik simptomokompleks gemorragik isitmalar uchun umumiydir — o‘tkir boshlanish, 1—12 kun davom etadigan isitma, umumtoksik belgilar, gemorragik toshmalar, burundan hamda boshqa a’zolardan qon ketishi va ichki a’zolarning o‘zgarishi. Omsk gemorragik isitma- sining xususiyati harorat egri chizig‘ining to‘lqinsimon ko‘ri- nishidir (bir necha isitma to‘lqinlari kuzatiladi). Bunda nafas a’zolari ko‘p zararlanadi. O‘lim hollari 0,5—1% uchraydi.
Tashxisi. Gemorragik isitmalarning ayrim shakllarini aniqlash xarakterli klinik belgilar va epidemiologik ma’lumotlarga (kasallikning mazkur joyda tarqalganligi, uning tabiiy o‘choqliligi) asoslanadi. Gemorragik isitmalarda qonda leykopeniya va trombositopeniya kuzatiladi. Spetsifik laboratoriya tekshirish usullari yetarlicha ishlab chiqilmagan. Faqatgina Omsk gemorragik isitmasida KBR (qo‘sha zardoblar yordamida) va neytrallash reaksiyasi (retrospektiv tashxis qo‘yish uchun) qo‘llanadi.
Davolash. Yotoq rejimi tayinlanadi. Bemorlarni puxta parvarishlash zarur. Maxsus parhez tayinlanmaydi, to‘la qimmatli va vitamin- larga boy ovqatlar buyuriladi. Dezintoksikatsiya va arterial gipotoniya bilan kurashish uchun eritmalar yuboriladi (natriy xloridning izotonik eritmasi, 5% li glukoza eritmasi 1—2 l gacha venaga tomchilab). Natriy gidrokarbonat eritmasini (5% li 200 ml gacha venaga tomchilab) yuborish tavsiya etiladi. Qon ivishini yax- shilaydigan va tomirlar devorini mustahkamlaydigan preparatlar, ya’ni K vitamini, askorbinat kislota, rutin, kalsiy xlorid va boshqalar tayinlanadi. Kasallik og‘ir kechganda kortikosteroid gormonlar buyuriladi. Prednizolon sutkalik miqdorda 30—60 mg dan 10—15 kun davomida qabul qilinadi. Bakterial asoratlarni davolash uchun antibiotiklar beriladi. Analgin, pantopan, morfin va boshqa preparatlar kuchli og‘riqlarda qo‘llanadi. Uyqusizlikda uxlatuvchi preparatlar qabul qilinadi. O‘tkir buyrak yetishmovchiligida bemorda «sun’iy buyrak» apparati yordamida gemodializ o‘tkaziladi. Bu apparat bemor qonini azotli shlaklardan ozod qiladi va organizm uchun zarur bo‘lgan tuzlar bilan to‘ldiradi.
Profilaktikasi va o‘choqda o‘tkaziladigan tadbirlar. Tabiiy o‘choqlarda joylashishga to‘g‘ri kelganda (o‘rmon xo‘jaligi, dala joylar va b.) kemiruvchilar bo‘lmagan yerlar tanlanadi. U yerlarni supurgi o‘tlar, o‘t-o‘lanlar, butalar va shox-shabbalardan toza- lanadi. Joylashadigan yerlar dezinseksiya qilinadi. Mahsulotlarni saqlash joylari kemiruvchilardan himoya qilinadi. Hurkitib haydovchi preparatlar qo‘llanadi. Bemor shifoxonaga yotqizilgandan keyin o‘choq epidemiologik jihatdan tekshiriladi va aholi sog‘lig‘i kuzatib turiladi. Bemorlar yotgan xona (palata, boks)lar joriy va yakunlovchi dezinfeksiya qilinadi.
Nazorat savollari
Gemorragik isitmalar turini sanab bering.
Gemorragik isitmalar etiologiyasi va epidemiologiyasi haqida gapirib bering.
Buyrak sindromi bilan o‘tadigan gemorragik isitmalar klini- kasini gapirib bering.
Ikki o‘rkachli egri chiziqli isitma nima?
Omsk gemorragik isitmasi Qrim gemorragik isitmasidan nimasi bilan farq qiladi?
Omsk gemorragik isitmasi spetsifik tashxisida qanday serologik reaksiyalar o‘tkaziladi?
Gemorragik isitmalarning davolash usullari va profilaktikasini gapirib bering.
Sariq isitma (febris flavis)
Sariq isitma — o‘tkir kasallik bo‘lib, transmissiv yo‘l bilan o‘tadi va ikki bosqichli isitma reaksiyasi, organizm intoksikatsiyasi, teri qoplamlarining sarg‘ayishi, gemorragik toshmalar, jigar, buyrak hamda boshqa a’zo va sistemalar zararlanishi bilan xarakterlanadi.
Etiologiyasi. Qo‘zg‘atuvchisi — RNK ga ega bo‘lgan sariq isitma virusidir (Flavivirus febricis). Virus arboviruslar guruhiga mansub bo‘lib, uning o‘lchami 17—25 nm ga teng, odatdagi dezinfek- siyalovchi preparatlarga sezgir. Quritilgan holda 100—110° C da 5 soatgacha, muzlatilganda esa — 1 soatgacha bardosh beradi.
Epidemiologiyasi. Sariq isitma — tabiiy o‘choqli infeksiya bo‘lib, dunyoning tropik (issiq) mamlakatlarida keng tarqalgan. Kasallik o‘chog‘ining ikkita epidemik turi farqlanadi: tabiiy yoki chakalakzor va antropurgik yoki shahar turi.
Sariq isitmaning chakalakzor turida viruslar manbai maymunlar va kemiruvchilardir. Virus tarqatuvchilar tabiiy o‘choqlarda chivinlar (A. simpsoni yoki Haemagogus) hisoblanadi. Ular uchun maymun sikli xarakterli bo‘lib, odam bu siklga tasodifan kirib qoladi. Kasallik ovchilarda, o‘rmon ishchilarida uchraydi va sporadik xarakterga ega. Sariq isitmaning shahar (epidemik) o‘chog‘ida kasallik manbai remissiya vaqtidagi bemor odam hisoblanadi. Virus tarqatuvchilar odam yashaydigan joylar yoki unga yaqin yerlarda uchraydigan chivinlar — A. aegypti dir. Odam yashirin davrning oxirgi kuni va kasallikning birinchi 3 kuni infeksiya manbai hisoblanadi, chivin esa odamni chaqqanidan 6—30 kun o‘tgach yuqumli hisoblanadi va umrining oxirigacha (1—2 oy) virus saqlaydi.
Patologik anatomiyasi. Morfologik o‘zgarishlar ko‘pincha jigarda kuzatiladi. Ular nekrozlar shaklidagi o‘zgarishlardir. Kuchli patolo- gogistologik o‘zgarishlar miokard, taloq va boshqa a’zolarda kuza- tiladi.
Klinikasi. Sariq isitmaning yashirin davri 3—6 kun bo‘lib, ayrim hollarda 10 kungacha cho‘ziladi. Kasallik o‘tkir boshlanadi: tana harorati to‘satdan 39—41°C gacha ko‘tariladi. Kuchli et uvushishi, bosh og‘rig‘i va mushaklarda og‘riq seziladi. Bemor bel sohasidagi kuchli og‘riqdan shikoyat qiladi. Uning tashqi ko‘rinishi xarakterli bo‘lib, yuz va ko‘krakning yuqori qismlarida giperemiya kuzatiladi. Skleralar va konyunktiva tomirlari qizarib, yuz va qovoqlar, lablar shishib va til yarqiragan bo‘ladi. Bemor eyforik va tez ta’sirlanuvchan bo‘lib, ularda uyqusizlik, alahsirash, gallyusinatsiya kuzatiladi. Puls tezlashgan bo‘lib, keyinchalik esa bradikardiya va gipotoniya aniq- lanadi.
Kasallikning 3-kuni bemorning ahvoli og‘irlashadi, yorug‘likdan qo‘rqish va ko‘z yoshining oqishi kuzatiladi, teri va sklera sarg‘ayadi, gemorragik sindrom (milklar qonashi, burundan qon ketishi) namoyon bo‘ladi. Ko‘pchilik bemorlarda jigar kattalashgan bo‘lib, paypaslaganda og‘riydi.
Kasallikning 4—5-kuni qisqa muddatli (bir necha soatdan ikki kungacha) remissiya kuzatiladi: tana harorati pasayadi, bosh og‘riydi va mushaklarda og‘riq yo‘qoladi, ishtaha va uyqu yaxshilanadi. Bu remissiya sog‘ayish davriga o‘tishi mumkin, ammo ko‘pincha kasallikning keyingi bosqichi — venoz bosqichi (reaktiv bosqich)ga o‘tishi mumkin. Bemor ahvoli yana og‘irlashadi, tana harorati qayta ko‘tariladi, organizm intoksikatsiyasi kuchayadi, gemorragik va sariqlik sindromlari rivojlanadi. Teri qoplamlari qizarish o‘rniga oqaradi, ko‘kish tusga kiradi (venoz staz hisobiga). Bu davrda gipotoniya, hatto kollaps kuzatiladi. Jigar paypaslaganda kattalashgan va og‘riqli bo‘ladi. Qonda bilirubin miqdori va tran- saminazalar faolligi oshgan bo‘ladi. Gemorragik sindrom: burundan, oshqozon-ichaklardan, bachadondan qon ketishlar va gema- turiya kuchli namoyon bo‘ladi. Azotemiya bilan bir qatorda, oliguriya yoki anuriya qayd etiladi. Ko‘pincha toksik ensefalit rivojlanadi. O‘lim hollari ko‘pincha shok, o‘tkir buyrak va jigar yetishmovchiligi natijasida yuzaga keladi.
Reaktiv bosqich odatda 4—5 kun (ba’zida 10—14 kun)ni tashkil etadi, shundan keyin kasallik rekonvalessensiya davriga o‘tadi.
Tashxisi. Sariq isitma tashxisi epidemiologik anamnez ma’lumotlari, klinik belgilar (isitma, intoksikatsiya, gemorragik va sariqlik sindromi, buyrak-jigar yetishmovchiligi) va laboratoriya spetsifik tekshirish usullari (qonda kasallikning dastlabki 1—4-kunlarida virusning topilishi) yoki kasallikning keyingi davrlarida (ikkinchi haftasidan boshlab) qonda antitelolarning topilishi (KBR va GATR)ga asoslangan.
Davolash. Shokka va intoksikatsiyaga qarshi kompleks preparatlar qo‘llaniladi.
Qon aylanishini yaxshilaydigan preparatlar buyuriladi. Kuchli azotemiya bilan davom etadigan va kuchayib boruvchi jigar-buyrak yetishmovchiligida gemodializ tayinlanadi.
Profilaktikasi va o‘choqda o‘tkaziladigan tadbirlar. Sariq isitmali bemorlar shifoxonada davolanishlari zarur. Kasallikni parenteral yuqtirishning oldini olish bo‘yicha tadbirlar o‘tkaziladi. Sariq isitmada spetsifik profilaktika infeksiya o‘chog‘ida tirik vaksina bilan o‘tkaziladi. Vaksina 1:10 nisbatda 0,5 ml teri ostiga yuboriladi. Immunitet 7—10 kundan so‘ng rivojlanadi va 6 yil davomida saqlanadi. Emlashlar xalqaro sertifikatlar orqali o‘tkaziladi. Endemik o‘choqdagi emlanmagan kishilar 9 kun davomida karantinda bo‘ladilar.
Nazorat savollari
Sariq isitma nima?
Sariq isitmaning shahar (epidemik) o‘chog‘ida kimlar infeksiya manbai bo‘lib hisoblanadi?
Qaysi a’zolarda kuchli patogistologik o‘zgarishlar kuzatiladi?
Gemorragik sindrom nima bilan kechadi?
Laboratoriya tashxisi uchun nimalar tekshirish materiallari bo‘la oladi?
Sariq isitmaning spetsifik profilaktikasi qanday amalga oshi- riladi?
Pappatachi isitmasi (febris pappatasii)
Pappatachi isitmasi (iskabtopar isitmasi, flebotom isitma) — iskabtoparlar chaqishi orqali yuqadigan o‘tkir kasallik bo‘lib, qisqa muddatli isitma, kuchli bosh og‘rig‘i, kuchli mushak og‘riqlari, konyunktivit va skleraning o‘ziga xos infeksiyasi bilan kechadi.
Etiologiyasi. Kasallikni virus (febrigenes pappatasii) qo‘zg‘atadi. Virus zarralarining kattaligi — 40—50 nm. Tovuq embrionida, yangi tug‘ilgan sichqonlarda va to‘qima kulturalarida o‘sadi. Virus qizdi- rilganda va dezinfeksiyalovchi preparatlar ta’sirida faolligini yo‘qotadi. Formalin (1:1000) virusning immunogen xususiyatini yo‘qot- magan holda uni faolsizlantiradi. Glitserinda 2 haftagacha, —70°C gacha muzlatilganda bir yildan ortiq, quritilgan holda esa bir necha yil saqlanishi mumkin.
Epidemiologiyasi. Asosiy infeksiya manbai iskabtopar tarqatuvchi (Phlebotomus pappatasii) hisoblanadi, u virusni nasldan naslga o‘tkazadi. Iskabtoparlar bemorni chaqqanida infeksiyani yuqtiradi. Kemiruvchilar va qushlar ham infeksiya manbai bo‘lishi mumkin. Kasallik ikki marta qo‘zg‘alish mavsumiga ega (may, iyun va iyul, avgust). Bular iskabtopar tarqatuvchilar sonining mavsumga yarasha o‘zgarishiga bog‘liq. Iskabtoparlarning boshqa turlari ham kasallik tarqatishi mumkinligi isbotlangan. Ular asosan turar joylarga yaqin yerlarda paydo bo‘ladi va ko‘pincha tunda faol bo‘ladi. Ommaviy kasallanish asosan endemik joylarga birinchi marta kelgan kishilarda kuzatiladi, mahalliy (immun) aholi esa kam kasallanadilar.
Patogenezi. Virus odam organizmiga infeksiya yuqtirgan iskabtopar chaqishi orqali tushadi. Odam organizmida virus tez ko‘payib, to‘planadi. Viruslar 3—7 kun davomida limfatik tugunlarda joy- lashganidan keyin virusemiya kuzatiladi. Kasallikning birinchi kunlaridayoq bemor qonida virus uchraydi. Virus to‘qimalar (markaziy nerv sistemasi, ilik, mayda qon tomirlar, ko‘ndalang- targ‘il mushaklar)da ko‘payadi va ularning funksiyasini buzadi. Miyaga tegishli gipertenziya, simptomatik o‘zgarishlar, leyko- poezning susayishi va hokazolar xarakterli. Kasallik o‘zidan keyin immunitet qoldiradi (ammo qayta kasallanishlar kuzatilgan).
Klinikasi. Yashirin davri 3 kundan 9 kun (odatda 4—5 kun)gacha davom etadi. Kasallik o‘tkir boshlanib, et uvushadi, tana harorati bir necha soatlar ichida 39—40°C, ayrim hollarda 41°C gacha ko‘tariladi. Bemorlar kuchli bosh og‘rig‘i (asosan peshona qismida), ko‘zni harakatlantirganda og‘riq, umumiy holsizlik, ayrim vaqtda yelka va dumg‘aza sohalarida og‘riq sezadilar.
Qovoqlarni qo‘l bilan ko‘targanda yoki ko‘z olmasiga bosib ko‘rilganda og‘riq (Taussig simptomi), ko‘krakda qizarish («quyosh shaklidagi eritema»), uchi muguz pardaga qaragan uchburchak shaklida konyunktivaning qizarishi (Pik simptomi) kasallikning xarakterli belgilaridan hisoblanadi (36-rasm).
Ayrim paytlarda terida eritematoz toshma toshadi. Kasallik og‘ir kechganda meningeal simptomlar kuzatiladi. Isitma kuchaygan vaqtda bradikardiya, arterial bosimning pasayishi aniqlanadi. Ayrim bemorlarda qorin dam bo‘lib, sutkasiga 5—6 martagacha ich ketadi. Jigar va taloq o‘lchamlari o‘zgarmaydi. 1—2 yoki 3—4 kundan keyin tana harorati keskin ra- vishda normagacha yoki undan ham pastga tushadi. Bunday vaqtda kuchli terlash, og‘ir shakllarda esa hatto kollaps kuzatilishi mumkin. Keyingi 4—5 kunlar davomida subfebrilitet kuzatiladi. Ayrim bemorlarda haroratning ikkinchi marta ko‘tarilishi aniqlanadi. Kasallik qisqa vaqt davom etishiga qaramay, sog‘ayish davri 2—4 haftagacha cho‘ziladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |