Dunyo xaritasida mavjud mamlakat borki, unda yashovchi xalqlarning o‘z dini, urf-odatlari va an’analari mavjud. Ana shu qadriyatlar xalqlarning yurish-turishi, kundalik faoliyati va umuman hayot tarzini belgilashda asosiy omil bo‘lib hisoblanadi. Dunyo xalqlari tarixini o‘rganishda ularning diniy qarashlari, e’tiqod va diniy amaliyotlarini e’tibordan chetda qoldirish mumkin emas. “Dunyo dinlari tarixi” maxsus kursi ana shu muhim omilni tadqiq etib, tarix bilan bog‘liq ravishda tahliliy o‘rganadi.
“Dunyo dinlari tarixi” fanini o‘qitishdan maqsad – talabalarga buddaviylik, xristianlik, islom kabi jahon dinlari bilan bir qatorda urug‘-qabila dinlari va alohida millatlarga xos milliy dinlar tarixini zamonaviy ilmiy konsepsiyalar asosida chuqurroq o‘rgatish. Shuningdek, mustaqillik yillarida O‘zbekistonda dinga nisbatan munosabatning tubdan o‘zgarganligi, diniy qadriyatlarni tiklash, diniy bag‘rikenglik madaniyatini shakllantirish yo‘lida qilinayotgan muhim o‘zgarishlar, yangiliklar haqida ma’lumotlarni berish ko‘zda tutilgan.
Mustaqillik davrida milliy va diniy qadriyatlarning xalqqa qaytarilishi bilan birga jahonda mavjud xalqlarning dinlari haqida keng ma’lumot olish, ularning qadriyatlarini o‘rganish imkoniyati yuzaga keldi. Natijada dinshunoslik fani izchillikda rivojlana boshladi. Bunda alloma ajdodlarimiz qoldirgan boy ilmiy-ma’naviy merosni o‘rganish bilan birga shu kunga qadar chet ellarda amalga oshirilgan izlanish va tadqiqotlarning natijalaridan unumli foydalanish zarurati paydo bo‘ldi.
“Dunyo dinlari tarixi” fani dinni tanqid qilish yoki ko‘r-ko‘rona maqtash maqsadida emas, balki dinni tarixiylik, xolislik asosida turli xalqlar hayotida tutgan o‘rnini ilmiy jihatdan, ma’naviy hayotning bir bo‘lagi sifatida yondoshib o‘rganadi.
“Dunyo dinlari tarixi” fanining vazifalari quyidagilardan iborat:
dinning jamiyatga ijtimoiy, ma’naviy, ruhiy ta’siri haqida bilimlar berish;
ibtidoiy diniy tasavvurlar, milliy va jahon dinlari ta’limotlari haqida ma’lumot berish;
dinning mohiyati va uning kishilik jamiyati taraqqiyotidagi turli tarixiy bosqichlarda tutgan mavqei haqida tushuncha berish;
jamiyatni ma’naviy jihatdan kamol toptirishda diniy qadriyatlarning ahamiyatini yoritish;
dunyoviy davlat va dinning o‘zaro munosabatlarini yoritib berish;
diniy aqidaparastlik, ekstremizm va fanatizm kabi salbiy illatlar mohiyatini yoritish va ularga qarshi g‘oyaviy immunitetni shakllantirish;
O‘zbekiston Respublikasida dinga nisbatan munosabatning tubdan o‘zgarganligi, xususan, islom dini qadriyatlarini tiklash yo‘lida qilinayotgan ishlar haqida keng tasavvur hosil qilish.
“
Do'stlaringiz bilan baham: |