O‘qituvchi faoliyati bilan bog‘liq metodlar.
Metod – umumiy ma’noda maqsadga erishish usuli, muayyan tartibga solingan faoliyat demakdir. Didaktik ma’noda hamma fanlar uchun umumiy bo‘lgan o‘qitish usullari va vositalarini o‘z ichiga oladi. Dars jarayonida ko‘plab metodlardan foydalaniladi. Metod tanlashda quyidagi faktorlarga asoslanadi:
o‘quvchilar bilimni qaysi manbadan oladi (o‘qituvchidan, kitobdan).
o‘quvchilarni mashg‘ulotlarga jalb qilish jarayoni (moyillik, qiziqish).
o‘quvchilarning mustaqil ishlash shakllari (yozma, og‘zaki) va o‘rni(sinfda,
uyda).
Metodika tarixidan shu narsa ma’lumki, hamma fanlar uchun umumiy bo‘lgan metodlar va alohida fanlar uchun xarakterli bo‘lgan metodlar mavjud. Ona tili o‘qitish metodikasida ham xilma-xil metodlar qo‘llaniladi. Bu metodlarni umumiylashtirib ikkiga ajratish mumkin:
O‘qituvchi faoliyati bilan bog‘liq metodlar;
O‘quvchi faoliyati bilan bog‘liq metodlar.
O‘qituvchi faoliyati bilan bog‘liq metodlarni uchga ajratamiz:
bilimlarni tayyor holida bayon qilish;
bilimlarni suhbat vositasida bayon qilish;
bilimlarni muammoli bayon qilish.
Bilimlarni tayyor holida bayon qilish usuli. Bu metod ona tili darslarida juda ko‘p qo‘llanadi. Bayon qilish davomida murakkabroq, o‘quvchilarga oldindan noma’lum mavzular izohlanadi. Bu usulning ijobiy va salbiy tomonlari mavjud. Ijobiy tomonlaridan biri vaqtni tejaydi. Salbiy tomoni o‘quvchilarni fikrlash faoliyati ma’lum darajada chegaralanadi. O‘quvchi passiv tinglovchiga aylanib qolishi mumkin. Bu negativ holatning oldini olish uchun o‘qituvchi quyidagilarga amal qilgani ma’qul:
1. O‘qituvchi nutq madaniyatiga e’tiborini kuchaytirish.
2. Ishontirish va asoslash usulini keng qo‘llash.
3. Qat’iy rejaga amal qilish.
Bilimlarni suhbat yo‘li bilan bayon qilish usuli. Bu usuldan darsning hamma bosqichlarida: yangi bilim berishda, bilimlarni takrorlash va mustahkamlashda, bilimlarni tekshirish va baholashda foydalansa bo‘ladi. O‘rganilayotgan material o‘quvchilarga oldingi sinfdan qisman ma’lum bo‘lsa yoki o‘quv materiali oldingi mavzu bilan bevosita bog‘lansa darsda suhbat metodi qo‘llasa bo‘ladi. Suhbatda o‘quvchilar o‘qituvchi rahbarligida berilgan faktlarni kuzatadilar, o‘zaro qiyoslaydilar va muhokama qiladilar. Bu usul o‘quvchilar nutqini o‘stirishda muhim omillardan sanaladi.
Suhbat uch xil bo‘ladi: a) axborot xarakteridagi suhbat; b) evristik suhbat; c) o‘tilgan mavzuni mustahkamlash xarakteridagi suhbat.
1. Axborot xarakteridagi suhbat. Yangi material o‘tilayotganda o‘quvchilarga oldindan ma’lum bo‘lgan faktlarni nazarda tutib, ular suhbatga jalb qilinadi. Bunday suhbat qiyosiy usulda o‘tiladigan mavzularda qo‘l keladi: sifat o‘tilayotganda o‘quvchilardan sifatdoshning grammatik belgisini so‘rash mumkin:
o‘qigan bola – yaxshi bola misoli vositasida ular o‘rtasidagi umumiylik aniqlanadi. Yoki qaysi so‘z turkumi zamon anglatadi?
Evristik (grek. heurisko–topmoq) suhbatda o‘quvchilarning mustaqil fikrlashlari ancha kengayadi. Bunda o‘qituvchi oldindan ma’lum bo‘lmagan yangi o‘quv materiallari yuzasidan savollar beradi.
O‘tilgan mavzuni mustahkamlash xarakteridagi suhbat. Suhbatning bu turidan o‘tilganlarni takrorlash, 5-6 kun oldin o‘tilgan qoidalarni eslatish maqsadida foydalaniladi. Bunda savollar qo‘shaloq bo‘lmasligi kerak. Ba’zi savollar alternativ xarakterda bo‘lishi mumkin.
D. Bilimlarni muammoli bayon qilish. Bu usulda o‘qituvchi til materiallarini tayyor holda bayon etmaydi, balki kuzatish, taqqoslash, o‘xshash va farqli tomonlarini aniqlash, umumiylashtirish kabi logik-lingvistik vositalardan foydalanib o‘quvchilar oldiga ma’lum bir muammo qo‘yadi. “Noqobil o‘qituvchi haqiqatni shunchaki aytadi-qo‘yadi, yaxshisi esa uni topishga o‘rgatadi” (V. O. Distervng). O‘quvchilar o‘zlarida mavjud bilim va ko‘nikmalar asosida muammoni yechadilar. Masalan, “Nutq tovushlari va ularning hosil bo‘lishi” mavzusida:
- Har biringiz nutq tovushlarini hosil qilib ko‘ring.Uni hosil qilishda qaysi nutq organlari ishtirok etadi?
- Nutq tovushlari talaffuzida qaysi nutq a’zolari aktiv ishtirok etadi? O‘quvchi faoliyati bilan bog‘liq metodlar.
Ular ham uchta:
- reproduktiv metodlar;
- qisman izlanuvchanlik metodlari;
- izlanuvchanlikka asoslangan metodlar.
A. Reproduktiv metodlar. Bu usulda o‘quvchilar tayyor material bilan ishlaydilar. Topshiriqni bajarishda namunaga qarab ish ko‘radi: ko‘chirib yozish, izohli yozuv, saylanma diktant ... . O‘quvchilarning orfografik va punktuatsion savodxonligini oshirish, og‘zaki va yozma nutqini o‘strishda reproduktiv topshiriqlarning roli katta. Bu o‘quvchilarni mustaqil ishlashga o‘rgatadi va ayni
paytda keyingi metodlar qisman izlanuvchanlik va izlanuvchanlikka zamin yaratadi.
B. Qisman izlanuvchanlik metodlari. Bu usul o‘quvchilarning interpretatsion (sharhlash, tushuntirib berish) faolligini oshirishga qaratilgan. Qisman izlanuvchanlik metodi tarkibida qayta xotirlash (reproduktiv) asosiy o‘rinni egallaydi. Chunki o‘quvchi har qanday fikrini asoslashi kerak…
Bu metodda quyidagi ish usullari qo‘llaniladi:
nuqtalar o‘rniga zarur harf, qo‘shimcha, so‘zlar qo‘yish;
ma’lum bir so‘zni boshqasi bilan almashtirish;
-gapga ma’lum bir o‘zgartirishlar kiritish orqali ma’no o‘zgarishini tushuntirish;
ma’lum uslubga muvofiq matn tanlash;
tayanch so‘zlar yordamida (ishtirokida) matn tuzish kabilar.
D. Izlanishga asoslangan metodlar. Bu metod asosida bajariladigan ishlar o‘quvchi faoliyatining kulminatsiyasi sanaladi. Bu usul izlash, yangilik topish uchun harakat qilish, qidirish, axtarish ma’nolarini anglatadi. Bu metod o‘quvchidan ona tilidan o‘rganilgan qonun-qoidalarni tamoman yangi vaziyatda qo‘llashni talab etadi. O‘quvchilarning grammatik qoida talabiga muvofiq so‘z, so‘z birikmasi, gap va matn tanlashi; erkin diktant, insho; o‘qilgan badiiy asarga taqriz yozish; badiiy asar tilini mustaqil o‘rganish; gazeta va jurnallarga maqola yozish, referat tayyorlash kabi ish usullarida tadqiqotchilik faoliyati namoyon bo‘ladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |