mavzu: «ALPOMISH» dostoni mutolaasi va tahlili
rEJA:
“Alpomish» dostoni paydo bo’lishi
Alpomish» dostonini o’rganish va mutolaasi
“Alpomish» dostoni paydo bo’lishi
«Alpomish» dostoni o‘zbek xalqining jahon xalqlari madaniy merosiga qo‘shgan eng munosib javohirlaridan biridir. «Manas», «Kalevala», «Qirq qiz», «Ramayana» deb atalmish turli millatlar og‘zaki ijodi namunalari dunyo bo‘yicha inson badiiy tafakkuri ko‘lamining nodir asarlari sifatida baholangan. O‘zbek xalqi bu sohada ham taqdir saxovatidan bebahra qolmagan. Chunki turkiy xalqlarning o‘nga yaqin vakillarida «Alpomish» bilan aloqador doston, ertak, afsona, rivoyatlar bo‘lsa, ular orasida g‘oyaviy, badiiy jihatdan eng mukammali Fozil Yo‘ldosh o‘g‘li ijro etgan nusxa deb tan olindi.
O‘zbek folklorshunosligi tarixini hech ikkilanmay mazkur dostonni o‘rganish bilan uzviy tasavvur qilish mumkin: 1999 yili dostonning mingyilligini nishonlash bayrami o‘tkazildi, matnini yozib olish boshlanganiga yuz yildan oshdi, tahlil qilishga bag‘ishlangan asarlarni esa ko‘plab dissertatsiyalardan tashqari, o‘nlab risolalar sifatida sanash mumkin. Qizig‘i shundaki, har bir san'at turida san'atkorning mahoratini baholashga asos bo‘ladigan o‘lchov bor. Masalan, musiqada «Nasrulloyi» kuyi, xonandalikda «Chorgoh», «Ushshoq», «Girya» kuyi bilan aytiladigan ashulalarni shular jumlasiga qo‘shish mumkin.
Bulung‘ur, Qo‘rg‘on, Xatirchi, keyinchalik Sherobod, Qamay dostonchilik an'analarida esa, shoirning qadrini ko‘pincha «Alpomish»ni qay darajada ustalik bilan ijro etishi belgilaydi. Yana shuni ham ta'kidlash lozimki, bu shoirlar mahorati darajasi bir necha yo‘nalishlarda sinovdan o‘tkaziladi. Xususan, avvalo, u so‘zga chechan, vaziyat o‘zgarishi bilan doston matniga yangiliklarni qo‘shib keta oladigan fazilatga ega bo‘lishi lozim. Ikkinchidan, dostondan oldin chalinadigan kuylarni xalq sozandaligi talablariga mos ijro qilishi, dostondagi she'riy misralarga mos kuy topishi, uchinchidan, ovozi ham tinglovchilarga ma'qul kelishi kerak. Bundan tashqari, baxshi nasriy o‘rinlarni o‘qishda tinglovchini jalb eta olishi, qolaversa, muomalasi, odamlarning luqmasiga javobi, hatto husn nuri bilan atrofdagilarni rom qilishi oddiy talablar mezoniga kiradi, desak, xato bo‘lmaydi. Xullas, shoir yuqoridagi fazilatlarga ega holda «Alpomish»ni ijro etsa, el nazariga tushadi.
«Alpomish» dostoni faqat ijro jihatidan emas, mazmun, g‘aroyib tasodifiy voqealar tasviri, qahramonlar sarguzashtlari, hayotiy muammolarning qo‘yilishi bilan ham murakkabdir. Masalan, bugungi kun ilm tarixida bir ayolning bir necha aka-ukalar bilan bitta oilada bo‘lib turmush qurishi - poliandriya haqida ma'lumotlar bor. Biz hozirgi paytda dostonning mohir ijrochisi Fozil Yo‘ldosh o‘g‘li oila turmushining bu sistemasi haqida xabari bor- yo‘qligi haqida biror aniq fikr bildira olmaymiz. Lekin ustozdan o‘rganilgan matnga fidoyilik, ustozning fikrini ikki qilmaslik odati Fozil otani doston aytishda bir necha marta alp aka-uka nomidan «...yo birimizga teg, yo barimizga teg», - deyishga majbur qilgan. Insoniyat tarixidagi minglab yillar oldin o‘tgan poliandriya oila sistemasi belgisi qanday qilib «Alpomish»da saqlanib qoldi? Yana bir muhim tomon: dostonda na Boysari(Barchinning otasi), na Barchin aka-uka alplarning gaplariga ortiqcha asabiy munosabatda bo‘lishmaydi. Ularning gapini oddiy maishiy hayotdagi holat sifatida qabul qiladilar. Xalqimizning «Bir balosi bo‘lmasa, shudgorda quyruq na qilur» degan hikmatli so‘zi bor. Xo‘sh, «bir balosi bo‘lmasa», «Yo birimizga teg, yo barimizga teg», - degan gap dostondan qanday qilib o‘rin oladi. O‘rin olganda ham, bir marta emas, bir necha marta takrorlanadi. Ma'lum bo‘ladiki, «Alpomish» dostonini ijro etish qanchalar mashaqqatli mehnat talab qilsa, uni uqib eshitish ham, doston sifatidagi matnni o‘qish va tushunish ham oson emas ekan.
Ehtimol, shuning uchun ham bundan rosa oltmish yil oldin o‘zbek xalq dostonlari haqida chuqur ilmiy munosabat bildirilgan kitob «O‘zbek xalq qahramonlik eposi»da V.M.Jirmunskiy va H.T.Zarifov «Alpomish»ning so‘nggi nusxada shoirlar tahriridan o‘tishini XV-XVII asrlar bilan belgilasalar-da, undagi urug‘, qabila bo‘lib yashash haqidagi dalillarni nisbatan avvalgi davr ta'siri sifatida baholaydilar. Asarning o‘rta asrlardan avvalgi ko‘rinishdagi nusxalari borligini esa qoraqalpoq, qozoq ijodkorlari ijrolarida ham «o‘zbak» so‘zining qayta-qayta kelishi bilan izohlaydilar. Hatto taniqli olimlarning ta'kidlashlariga ko‘ra, «Alpomish»da yurtimiz tarixida patriarxal urug‘chilik munosabatlarining tanazzuli va davlatning shakllanishidagi vaziyat aks etganligi ma'lum bo‘ladi. Bu fikrlarni agar haqiqat deb qabul qilsak, dostonning vujudga kelish tarixi yanada qadimgi zamonlarga borib taqaladi.
Dostonning tinglovchi e'tiborini o‘ziga jalb etuvchi nuqtasi dastlabki voqealar bayonidan boshlanadi. Shoir qadimgi o‘n olti urug‘ Qo‘ng‘irot elida Dobonbiy, Alpinbiy, Boybo‘ri, Boysari biylar o‘tganini hikoya qiladi. Demak, aka-uka Boybo‘ri va Boysarigacha Boysin-Qo‘ng‘irot elatidagi hayot o‘z maromida kechgan. Bundan keyingi hayotda muayyan o‘zgarishlar bo‘lishiga aka-ukada farzand yo‘qligi bilan tayyorgarlik ko‘rilmoqda. Chunki xalqimizda uzoq kutilgan yoki Yaratgandan tilab-tilab olingan farzand hamisha favqulodda yangiliklardan xabar beruvchi omil sifatida baholanadi. Xalq bu farzandning dunyoga kelishi zarurligini uqtirish uchun juda chiroyli badiiy vaziyatni o‘ylab topgan. Chupron to‘yi mazkur holatning yechimiga aylanadi. Boybo‘ri va Boysarini to‘yda o‘ta haqorat bilan kutib olishadi. Ularning oti jilovini xizmatkorlar iltifot bilan olishmaydi. (Qashqadaryo, Surxondaryo viloyatlarida to‘yga otda borgan mehmonning oti jilovini xo‘jayindan olib maxsus tayyorlangan joyga bog‘lash va ulov oldiga beda tashlash odati hozir ham saqlangan. Bu odatga amal qilmaslik ot egasiga hurmatsizlik hisoblanadi.) Aka-ukaga dasturxonning poygagidan joy tegadi. Oshning ham ketini tortishadi. Biylarning ko‘nglini xushlashmaydi. Demak, bir yo‘sinda davom etib kelayotgan munosabatda favqulodda portlash ro‘y berishi kutilmoqda. Haqiqatga chiday olmagan aka-ukalarga endi farzandsizlik oqibatida dashnom toshlari otiladi: «Bu to‘y o‘g‘illining o‘g‘lidan qaytadi, qizlining qizidan qaytadi, sening nimangdan qaytadi?» - deydi chapanitob boyvachcha. E'tibor bering, to‘yona sifatida beriladigan sakson tilla to‘ydagi bir lagan oshning to‘loviga yaramadi. Elda yurtga osh berish qarzi faqat osh berish bilan to‘lanadi. Buning uchun esa asosli sabab - yo o‘g‘ilga sunnat to‘yi qilish, yo qiz uzatishda yurtga osh berib, to‘y xabarini e'lon qilish shart.
Dostonda farzand ko‘rish baxti har bir inson uchun tangri in'omi ekani ham alohida ta'kidlanadi. Aka-ukalalarning maslahatiga quloq solaylik: «Tortib olib bo‘lmasa, o‘g‘irlab olib bo‘lmasa, sotib olib bo‘lmasa, Xudo bizga bermasa, qayoqdan qilamiz taraddi?!».
Mana shu o‘rinda islom dinidagi Yaratgandan astoydil farzand tilash sharti namoyon bo‘ladi. Buning uchun avvalo niyat, undan so‘ng nazr-niyoz berish va qirq kun ravzada tunash zarur. Yana e'tibor beradigan holat ro‘yobga chiqmoqda: islom dinida insondagi ruhiy, iqtisodiy, jismoniy harakat hamisha yuqori baholanadi. Aka-ukalar ham ana shu o‘lchovga bo‘yin sunishga majburlar. Shunday qilib, Boybo‘ri bilan Boysari farzand ko‘rish niyatini qilishdi, Shohimardon pir ravzasiga nazr-niyozni olib, uch kun yo‘l yurib ravzaga yetishdi.
Shoirlar tarbiya ko‘rgan muhitda diniy e'tiqodning chin yurakdan to‘la amalga oshirilishi talab etilgan. Ehtimol, shuning uchun ham bir kam qirq kun deganda ravzadan ovoz keladi: «Yaratgan xudolaring farzand bermayman, dedi». Bu ovozni eshitgandan so‘ng aka-ukalar ravzadan chiqib ketishi mumkin edi. Yoki o‘ttiz to‘qqiz kunni esga olmay, birato‘la qirq kun chilla o‘tirishlari ham mumkin edi. Bizningcha, aynan niyatning to‘liq bajarilishi sharti shu lavha orqali ta'kidlangandek bo‘ladi, ya'ni aka-uka ravzada to‘la qirq kun o‘tirishga niyat qilganliklari uchun yana bir kun chidashga qaror qiladilar. Qirqinchi kun esa vaziyat butunlay o‘zgaradi. Yana ovoz keladi: «Boybo‘ri, senga xudoyim bir o‘g‘il, bir qiz berdi. Yolg‘iz emas, egiz berdi; Boysari, senga xudoyim bir qiz berdi, egiz emas, yolg‘iz berdi». Ma'lum bo‘ladiki, astoydil qilingan e'tiqod samarasiz yakunlanmaydi. Xudodan chin dildan biror mushkulni oson qilish so‘ralsa, ruhan iymon bilan harakat qilinsa, albatta, niyatga yetiladi.
Yuqorida qayd etilgan fikrlarimiz «Alpomish» dostonining yaratilishida tabiiy faylasuflar, komil va alloma insonlar, hayot tajribasiga ega keksalar, niyati pokiza insonlar ishtirok etganini tasdiqlaydi. Shoir atrofidagi ijodiy muhit qahramonlik eposi namunasida o‘zining mukammal ifodasini topganligiga dalil bo‘la oladi. Albatta, dostonning yaratilishidagi shoirtabiat ijodkorlarning ham hissasi yo‘q emasligini aytib o‘tmoqchimiz. Ravzadan kelgan sadoga diqqat qilsak, unda «qiz», «egiz», «yolg‘iz» so‘zlari bir necha marta takrorlanganiga guvoh bo‘lamiz. Har safar bu so‘zlarning ma'no ta'siri ham o‘zgacha ifodalangan. Bunday badiiy kashfiyot xalqimiz orasida sonsiz, sanoqsiz oliy darajadagi nomi ma'lum bo‘lmay qolgan shoirlar yashaganidan dalolat beradi.
Yuqorida dostondan keltirgan misolimizda yana bir ibratli vaziyat aks etganini ham aytib o‘tish lozim deb o‘ylaymiz. Boybo‘ri bilan Boysari yurtdagi eng obro‘li odamlardan edilar. Ammo farzandsizlik haqida o‘z mulohazasini aytish uchun chapanitob boybachchaga ulardagi bu obro‘ qarshilik qilolmadi. Ya'ni «Alpomish» dostonida har bir inson istagan mustaqil fikrini aytish huquqiga ega ekani alohida ta'kid bilan qayd etilgandek tuyuladi. Agar dostondagi voqealar silsilasiga zehn bilan diqqat qilsak, bugungi kunda demokratiya deb atalmish odamlarning tenghuquqliligi o‘z ifodasini topganiga to‘la amin bo‘lamiz. Xususan, Boysari akasi tomonidan talab qilingan zakot munosabati bilan Qo‘ng‘irotdan ko‘chmoqchi bo‘lganida o‘n ming uyli qarindoshga murojaat etadi va oddiy fuqarolardan maslahat so‘raydi. Bu kengashda so‘zga chiqqan Yartiboyga «To‘rdan joy tegmay, piyoladan choy tegmay» yurar edi.
Xuddi shunday vaziyat Qalmoq elidagi alplardan Barchinni xotinlikka so‘rab sovchilar kelganida ham ro‘y beradi. Shuningdek, Barchin yigitlar tomonidan sovchilik munosabatlari bildirilganda, u shartini hammaga bir xil talab qo‘yib e'lon qiladi va o‘zidek oliy martabali qizga uylanishi uchun har bir mard, chavandoz, mergan, polvon yigit haqli ekanini ko‘rsatadi. (Yana alohida ko‘rsatib o‘tish mumkinki, qo‘yilgan shartlarni bajarishda faqat Alpomishgina g‘olib kelishiga qizning ishonchi ham komil edi, undan ko‘ngli to‘q edi, ammo odamlar ko‘ziga o‘zini xolis ko‘rsatishga urinardi.)
Alpomish dostonini e'tibor bilan o‘qir ekanmiz, shoir tomonidan aytilgan har bir ma'lumot tinglovchiga, bugungi vaziyatda o‘quvchiga jamiyat haqida muayyan xabar berayotgandek bo‘ladi. Bir-ikki misolga murojaat qilaylik. Hakimbek yetti yoshga yetganida Alpinbiy bobosidan qolgan o‘n to‘rt botmon birichdan bo‘lgan parli yoyidan o‘q uzib Asqar tog‘ining cho‘qqilarini uchirib yuboradi. O‘zbek tili izohli lug‘atida bir botmon yurtimizda har xil o‘lchovga ega ekani va ikki puddan o‘n bir pudgacha og‘irligi ko‘rsatilgan. Bu hisobdan kelib chiqsak, Hakimbek ko‘targan yoy eng kam hisob bilan 224 kilogrammni tashkil etadi. Tabiiyki, bunday og‘ir yoyni otish darajasida inson bandasi ko‘tara olmaydi. Lekin gap yoyni jismoniy kuch bilan ko‘tarish haqida borayotgani yo‘q. Shoir Hakimbekning yoyni ko‘tarishda ma'naviy huquqqa ega ekanini ta'kidlamoqchi. Alpinbiy Qo‘ng‘irot elida yirik bir davlatni vujudga keltirish rejasi bilan yashagan. Yoy turkiy xalqlarda hokimlik nishonasi hisoblanadi. O‘q esa tobe'lik belgisidir. Hakimbek uzoq kutib, tilab olingan farzand sifatida ota-bobolari yashayotgan jamiyatda yangi tuzum - davlat boshqarishini amalga oshirish imkoniga ega. Bu haqda filologiya fanlari doktori, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan murabbiy, ilmiy faoliyatining salmoqli davrini «Alpomish» dostonini o‘rganishga bag‘ishlagan professor Muhammadnodir Saidov ham asosli fikrlar bildirgan edilar. Ma'lum bo‘ladiki, yoyga ega bo‘lish, o‘q uzib Asqar tog‘ining cho‘qqilarini uchirish dostondagi keyingi voqealardan kelib chiqadigan «zakot»ga tayyorgarlik ko‘rish edi, xolos. Haqiqatan ham dostondagi zakot biz bugungi kunda tushunadigan islomiy tushuncha emas. Balki, davlat tomonidan fuqarolar zimmasiga yuklatiladigan daromad solig‘i ma'nosini beradi. Boybo‘ri o‘ylaydi: «Men o‘n olti urug‘ Qo‘ng‘irot elining ham boyi bo‘lsam, ham shoyi bo‘lsam, men kimga zakot beraman». Agar ko‘pchilik kitobxonlar o‘ylaganidek, «zakot» so‘zida islomiy ma'no bo‘lganida, Boybo‘ri «men zakotni kimga beraman», - deb xayol qilmas edi. Chunki odatda zakot iqtisodiy qiynalgan odamlarga beriladi. Boybo‘ri fikr qilgan zakot aynan davlat tomonidan belgilanishini nazarda tutsak, dostondagi o‘lchov ham izohini topadi. Chunki Boybo‘ri ukasidan zakot uchun bitta uloq so‘ramoqda. Hech ikkilanmay aytish mumkinki, aka ukasidan istagan miqdorda qo‘y, ot yoki boshqa qimmatbaho narsani shunchaki so‘raganida, ukasi Qalmoq yurtiga ko‘chib ketadigan darajada xafa bo‘lmas edi. Boybo‘ri undan aynan «zakot» deb so‘ragani uchun «Akamiz o‘g‘illi kishi bo‘lib, darrov bizning molimizni zakot qiladigan bo‘libdi-da!» deb hisob yuritishi bejiz emas. Professor M.Saidov bu lavhada davlat tuzumining paydo bo‘layotganini alohida ta'kidlagan. Taniqli olimlar V.M.Jirmunskiy va H.T.Zarifov o‘zlarining 1947 yili Moskvada nashr etilgan «O‘zbek xalq qahramonlik eposi»(«Uzbekskiy narodn?y geroicheskiy epos») kitobida ham «zakot» so‘zidan kelib chiqib, dostonda patriarxal-urug‘chilik tuzumining yemirilishi va davlatchilikning tug‘ilishi haqida fikr yuritilganini qayd etishgan.
Doston matnidagi keyingi voqealar: Boysarining ko‘chishi, Alpomishning Barchinning shartlarini bajarishi, ko‘chgan elni o‘z yurtiga qaytarishi, ikkinchi safarida Qalmoqshohni mag‘lub qilishi - hammasi Qo‘ng‘irot elida davlatning paydo bo‘lishini dalillaydi. Hatto Yodgorning Alpomishdan qolgan yoyni ko‘tara olmay faqat sudrashga kuchi yetgani ham, bizningcha, shu fikrning dalili hisoblanadi. Yetti yil zindonda yotgan Alpomish o‘z vataniga Qultoy qiyofasida qaytishni ma'qul ko‘radi. Ko‘pchilik uni o‘lgan deb hisoblardi. Uning o‘g‘li Yodgor yetti yoshda edi. Endi yoyni ko‘tarish navbati Yodgorga keladi. Ammo shoir Yodgorning yoyni yerdan to‘liq ko‘tarib olganini, ustiga ustak, undan o‘q o‘zganini tasvirlamaydi. Ko‘p o‘rinda «tortib» so‘zi qo‘llanadi. Lavha oxirida esa:
Do'stlaringiz bilan baham: |