Oshlovchi moddalarning tasnif (klassifikatsiya) reaksiyalari:
a) oshlovchi moddalarning qaysi guruhga mansubligini xlorid kislota va formalin ishtirokida olib boriladigan klassifikatsiya reaksiyasi (Stiasni reaksiyasi) yordamida aniqlash mumkin. Buning uchun 200–250 ml hajmli tagi tekis kolbaga o‘simliklardan tayyorlangan 10% li tanid ajratmasidan 50 ml solinadi va ustiga 10 ml konsentrlangan (1:1) xlorid kislota va formalinning 40% li eritmasidan 15 ml qo‘shiladi. So‘ngra kolbani tik turuvchi shisha nay bilan birlashtirib, elektr plitka ustida to qizil g‘isht rangli cho‘kma (tanidlarning kondensatsiyalanuvchi guruhi kondensatsiyalanishidan vujudga kelgan cho‘kma) hosil bo‘lgunga qadar asta-sekin qizdiriladi. Hosil bo‘lgan cho‘kma filtrlansa, filtratda gidrolizlanuvchi guruhning parchalangan mahsulotlari qoladi. Bu guruh mavjudligini aniqlash uchun 5 ml filtrat olib, ustiga 1 g kristall holdagi natriy atsetatdan asta-sekin solinadi va suyuqlikni chayqatmay, temir-ammoniyli achchiqtoshning 1% li eritmasidan 10 tomchi qo‘shiladi. Natijada kristall ustidagi neytral zonada filtratdagi tanidlarning gidrolizlanuvchi guruhi parchalangan mahsulotlari mavjudligini isbotlovchi ko‘k yoki zangori rangli to‘garakcha hosil bo‘ladi.
b) Kolbachaga o‘simliklardan tayyorlangan 10% li tanidlar ajratmasidan solib, unga nitrozometil uretan qo‘shib qaynaguncha qizdirilsa, kondensatsiyalanuvchi (pirokatexin guruh) oshlovchi moddalar to‘liq cho‘kadi. Cho‘kma filtrlanadi. Filtratda gidrolizlanuvchi (pirogallol guruh) oshlovchi moddalar borligini aniqlash uchun probirkada olingan 5 ml filtratga 1 g kristall holdagi natriy atsetatdan solinadi va suyuqlikni chayqatmay, temir-ammoniyli achchiqtoshning 1% li eritmasidan 10 tomchi qo‘shiladi. Pirogallol guruh oshlovchi moddalar bo‘lsa, filtrat binafsha rangga bo‘yaladi.
v) Kolbachaga o‘simliklardan tayyorlangan 10% li tanidlar ajratmasidan 5 ml solib, unga qo‘rg‘oshin atsetatning 10% li eritmasidan 5 ml va sirka kislotaning 10% li eritmasidan 10 ml qo‘shilsa, gidrolizlanuvchi (pirogallol guruh) oshlovchi moddalar cho‘kadi.
g) Kondensatsiyalanuvchi oshlovchi moddalarning asosiy qismi bo‘lgan katexinlarga vanilin bilan reaksiya qilinadi. Buning uchun oshlovchi moddalar ajratmasiga vanilin va konsentrlangan xlorid kislota (yoki vanilinning konsentrlangan xlorid kislotadagi 1% li eritmasi) qo‘shiladi. Agar ajratmada katexinlar bo‘lsa, aralashma qizil rangga bo‘yaladi.