Protokatex va gallat kislotalar biosintezi (sxema). Zaprometov ham maxsus o‘tkazilgan eksperimentlar yordamida choy o‘simligi to‘qimasida oldin gallat kislota, so‘ngra gallokatexinlarning shikim kislotadan sintezlanishini ko‘rsatib o‘tgan.
Reaksiya natijasida hosil bo‘lgan oksibenzoat kislotalarning keyinchalik qandlar molekulasi bilan birikishi tegishli koferment-A yordamida yoki atsiladenilat ishtirokida borishi mumkin.
Kondensatsiyalanuvchi tanidlarning o‘simliklar to‘qimasidagi biosintezi gidrolizlanuvchi tanidlarning biosintezidan farq qiladi.
Kondensatsiyalanuvchi tanidlarning asosiy qismi bo‘lgan katexinlar molonil – KoA va atsetil-KoA larning kondensatsiyasi orqali flavanoidlar biosinteziga o‘xshash usulda sintezlanishlari mumkin. Choy o‘simligi bilan o‘tkazilgan tajribalar asosida Kursanov bilan Zaprometovlar ham shu fikrga kelganlar.
O‘simliklarda birinchi navbatda oshlovchi moddalarning oddiy formalari sintezlanadi, so‘ngra ularning molekulalari murakkablashib, ma’lum tuzilishga ega bo‘lgan «haqiqiy» tanidraga aylanadi.
Kondensatsiyalanuvchi tanidlarning asosiy qismini «haqiqiy» tanidlar – -katexin (flavan-3-ol)lar va leykoantotsionidin (flavon-3,4-diol)larning o‘zaro yoki shu birikmalarga yaqin bo‘lganlari bilan kondensatsiyalanib hosil qilgan polimerlari tashkil etadi.
Katexinlar va leykoantotsianidinlar kondensatsiya (polimerizatsiya)si ancha murakkab jarayon bo‘lib, ko‘pdan beri turli olimlar tomonidan katta qiziqish bilan o‘rganilmoqda. Shunga qaramasdan hali ham aniq va tajribaviy dalillarga asoslangan yagona bir fikr yo‘q. Mavjud nazariyalar bu jarayonning turli sharoitda (ma’lum fermentlar, issiqlik, kislorod ta’siri va boshqalar) har xil yo‘llar bilan (katexinlar va leykoantotsianidinlar o‘zaro bir-biri bilan «boshi dumiga», «dumi-dumiga» va boshqacha tipda birlashish) borishini ifodalaydi.
Kondensatsiya jarayonining yanada chuqurroq borishi natijasida juda ham yuqori molekulali, qo‘ng‘ir rangli, suvda erimaydigan yoki yomon eriydigan mahsulot – flobafenlar hosil bo‘ladi.
Yuqorida ko‘rsatilganlarga asoslanib, o‘simlik to‘qimasidagi oshlovchi moddalar biosintezi quyidagi uch davr bo‘yicha boradi deyish mumkin:
1. Oldin oshlovchi moddalarning tashkil etuvchi eng oddiy komponentlari sifatida polifenollar va polifenol karbon kislotalar hosil bo‘ladi.
2. Keynichalik ular qandlar bilan birikadi yoki kondensatsiya va boshqa o‘zgarishlar orqali tanidlarning yuqori molekulali birikmalariga hamda murakkab mahsulotlarga aylanadi.
3. Oxirida yana ham murakkab va suvda erimaydigan oshlovchi moddalar hosil bo‘ladi.