Dono bobom (bo’lgan voqea)
Doniyor bobomni biz dono bobo deb o’rganib qolganmiz. Bobom baland bo’yli, ko’zlari o’tkir, oppoq soqollaridan nur taralib turardi. Juda mehribon, g’amxo’r inson edilar. Katta-kichik hammaga birdek muomala qilardilar. Dehqonchilikni yaxshi biladigan bog’bon edilar. Bog’larida mevalarning hamma xilidan bor edi. O’zlari parvarish qilib, mo’l- ko’l hosil olardilar.
Maktab binosi uyimizdan yuz metrcha narida edi. Katta tanaffusda g’izzilab borib uydan choy ichib kelardim. Hamma ishda bo’lgani bois, oyim mening tushligimni ertalab tayyorlab, stol ustiga bostirib qo’yardilar. Gohida dono bobom bilan birga ovqatlanishga to’g’ri kelardi. Bugun kayfiyatim yomon bo’ldi.Doska oldiga chiqib matematikadan masalani yechayotgan vaqtda, Kimdir avtoruchkamni perosini olibti. Ruchkam menga juda qadrli bo’lib qolgandi. Maktabga siyoh, rangdon ko’tarib yurmasdim. Bu ruchkada chiroyli yozardim. Bu avtoruchkani dadam Moskvaga ko’rgazmaga borganlarida olib kelgan edilar. ,, Bu ruchkani senga yanada yaxshiroq o’qishing uchun sovg’a qiliyapman. Asrab avaylab ishlatsang bir necha yil senga yaxshi xizmat qiladi”, - degandilar.
Sinfdoshlarimdan ruchkamning perosini kim olganligini qayta-qayta surishtirdim. Hech kimdan sado chiqmadi. Juda xafa bo’lib ketdim. Katta tanaffusda choy ichishga borishga ham oyog’im tortmadi. Bormasam, bobom xavotir oladilar deb ko’nglim xira tortdi.
-Bolam, xafa ko’rinasan yomon baho oldingmi? deb so’radilar bobom mening kayfiyatim yo’qligini sezgandek.
-Baholarim joyida, hammasi a’lo o’rtoqlarimdan kimdir ruchkamni perosini tortib olibti - ming’irlab gapira boshladim, - kim olganini topolmadik, muallimimiz ham surushtirdilar, natija bo’lmadi.
-Ruchkaning perosi topiladi, o’rtoqlaringni qaysisidir hazillashgandir. Maqtanchoqlik qilgan bo’lsang, atay seni sinamoqchi bo’lishgan. O’tir non-choyingni ichda, sinfingga borib o’quvchilarning qo’llarini tekshir, kimning qo’li siyoh bo’lsa, shundan so’ng mening oldimga olib kel, o’zim gaplashaman. Gapimni tushundingmi Shermat, bolam?
-Tushundim, bobojon!
Apil-tapil joyimni ichdimda sinfga yugurdim, sinfda tozalik komissiyasi rasi Dildora bilan o’quvchilarning qo’llarini tekshirdik. Mendan 2 parta orqada o’tirgan Samarning qo’lidan siyoh izi chiqdi. Negadir labida ham siyohning dog’i qolgandi. Sinfda shov-shuv qilmadik. Men Samarga darsdan keyin bizning uyga borishini, dono bobom uni so’rayotganlarini ayttim. U rozi bo’ldi, chunki bobomni yaxshi bilardi. Bobom ayrim paytlari unga meva-chevalardan chelakka solib berardilar. Otangga mendan salom ayt, deb tayinlardilar.
Bobomning saxovat qilishlariga qaramay Samar maktabdan uyga ketishdami, maktabga kelishdami bog’ning pasttak devoridan oshib, so’ramasdan olma, behi, shaftoli,o’rik,nok gilosdanmishapkasini to’ldirib olib ketardi. Bu odatini bobom bilsalar agar, hech yuziga solmasdilar. Samar esa, aksincha. Kecha bobo uzoqdan ko’rmaydilar deb, ora-sira shu odatini takrorlab turardi.
Bir kuni darsdan qaytayotganda Samarning olma yegisi kelib qoldi, shekilli, uyon –buyonga bir qarab oldida shartta devordan oshib, apil-tapil xom olmalarni uza boshladi. Chorpoyada yonboshlab qarab turgan bobomni Samar ko’rmadi. Shu payt girdob shamol esib, devordn oshayotgan Samarning yap-yangi qizil shapkasini bog’ning ichiga uchirib ketti. Qo’lidagi olmalar ham ,,duv etib devor tagiga tushdi.
Eh, zumrashalar-ey, bog’ning ichidan kirib qorningni to’yg’azib olsang birov gapirarmidi? – bobom afsuslandilar. Bobomning tovushini eshtib Smar shapkasini ham olmasdan juftakni rostladi. Ichida ,,Dono bobom ko’rmagan bo’lsinlarda, ilohim” , deb bog’dan tezroq uzog’lashishga harakat qildi. Uyga kelgach Samarning dadasi boshi ochiq kelgan o’glidan so’radi
-Kecha senga olib bergan shapkacha qani?
-Dada, shapkacha bor. Shamol uchirib ketmasin deb sumkamga tiqib qo’yganman, xavotir olmang.
-unday bo’lsa yaxshi.Tez panshaxani olib o’rilgan bug’doy to’dalarini g’aram qilmasak, shamol uchirib ketadi, chog’im.
-Xo’p bo’ladi, dadajon ! - qilgan gunohini xaspo’shlagan bo’ldi u.
Ertasi kuni Samar barvaqt turib, maktabga yo’l oldi. Yo’l- yo’lakay kecha shamol uchirgan shapkasini ham dono bobonikidan olib ketmoqchi bo’lib darvozadan bog’ga kirdi. Dono bobo qo’llarida ketmoncha bilan daraxtlar ostini yumshatayotgan edilar.
-Assalom alaykum, bobojon quvnoqlik bilan qichqirdi Samar
-Vaalaykum assalom! Katta bo’ling, doim sog’ yuring, o’g’lim! Xo’sh nima xizmat?
-Shu-shu kecha yo’ldan o’tayotganimda shamol shapkachamni uchirib bog’ingiz tomon olib ketgandi. Shuni topib olay, deb keluvdim,-dedi Samar hadiksirab gapirar ekan
-Qizil shapkacha senikimidi? Topib qo’ydim, daraxtga urilib 8-10 tacha xom olmani ham uzib yuboribti. Terib olib shapkachanga solib qo’ydim.Hu, anavi kravatning yonida, borib oling. Dono bobo Samarning qilmishini yuziga solmadi, aksincha, mehribonlik bilan dedi:
-Qachon meva yeging kelsa, kelaver bolam bog’ning eshigi ochiq. Sen mevaning birini yesang, xudo menga mingini beradi. Tortinib o’tirma dadanga salom aytib qo’y. Doniyor bobom so’radilar deign.
-Xo’p, bobojon, albatta aytaman!
Samar qilgan ishidan o’zi izza bo’lib, olma to’la shapkachani qo’liga oldiyu, qizarib- bo’zarib maktab tomon yo’l oldi.
Dars tugagach Samar bilan biznikiga keldik. Bobom kutib turgan ekanlar, bizlarni ko’rib bag’ri- dillari ochilib ketdi:
-Balli, shovvozlar! Kelib qoldilaringmi mening qadrdon qizil shapkacham ham keliptiku! Qani marhamat,, Qizil shapkacha”! O’tirib olinglarchi. Mevalardan olinglar, sizlar uchun atay uzib keldim, deb bobom meva solingan savatchani biz tomon asta surib qo’ydilar
-Dadangiz sog’-salomat yuriptilarmi, Qizil shapkacha? Mening salomimni yetkaziyapsizmi?
-Ha, albatta yetkaziyaman. Sizga ham dadam sog’lik tilab duo qilib turiptilar, dedi Samar.
-Rahmat, sog’ bo’lsinlar! Xo’sh qizil shapkacha o’rtog’ingni rosa sinovdan o’tkazibsanda, a? Shermat chiday olmay menga shikoyat qildi. Peroni olganingni darrov ayta qolmapsanda o’g’lim? Shermatboy juda xafa bo’lib ketti.
-Avtoruchkaning perosini men olganim yo’q,- duduqlandi Samar.
-Qani qo’lingni ko’rsatchi, shapkacha? Ana qo’lingda hammasini, labing ham pichirlab aytib turibdi, avto ruchkaning perosini qanday olganingni. Siz aytmasangiz men aytib beray. Shermat doskaga yozishga chiqqanida, ko’zing parta ustidagi avtoruchkaga tushadi. Keyin o’rningdan turib, ruchkani olib o’rningga o’tirding. Yashirsam, topishsa qo’lga tushaman ,,O’g’ri” deb nom qo’yishadi deb hadiksirading. Keyin avtoruchkaning perosini ana bunday qilib, ( bobom bosh barmoq bilan ko’rsatgich barmoqni birlashtirib), peroni sug’irib olishga harakat qildingiz. Pero joyidan qo’zg’almagach, tishingiz bilan sug’irib olib, peroni kissaga qo’ydingiz. Shermat partaga o’tirgach avtoruchkasini perosini yo’qligi uchun xafa bo’lib ketti. O’rtoqlaridan so’ragan edi ular bilmaymiz deyishdi. Sen esa, hech narsa bo’lmagandek darsingni yozaverding. Shunday bo’lganmidi, shapkavoy? – deb, bobom Samarga tikildilar. U qizarib ketgandi. Birdan uvvos solib yig’lab yubordi va kissasidan peroni olib menga uzatdi.
-Kechiring, bobojon men hazillashgan edim va menga qarab ,,Jo’rajon meni kechir, xafa qilganim uchun uzr so’rayman, “ – dedi Samar ko’z yoshlarini qo’llari bilan artarkan. Men pero topilganidan behat xursand edim. Samarga uni kechirganimni ayttim, uning labiga kulgi iymaladi. ,,Rahmat, do’stim”, deb javob qaytardi.
- Endi menga quloq solinglar: o’g’rilik, yolg’on gapirish katta gunoh, bolalarim. Bunday iflos ishni sira qilmanglar. Odamning shaniga dog’ tushiradi. Bir umr uni ketkizolmaysiz, vijdoningizni kemiradi. Eng yomoni odamlar orasida yura olmaysizlar, chunki o’g’ri va yolg’onchilarga hamma hadik bilan qaraydi. O’g’rilar, yolg’on gapirganlar qo’rqoq ham bo’lishadi. Qo’rqoq kishi xoinlik qilishdan, do’stini, vatanini sotishdan qaytmaydi. Vatanfurushlarga yer yuzida hech qayerda joy yo’q. Ular xor- zorlikda o’lib ketishadi. Bu haqida gapirish kerak bo’lsa, misollar ko’p. Yaxshisi gaplarimdan xulosa chiqarib, odobli, shirinso’z, bir-biringizga mehribon bo’lib, yaxshilik qilishga, izzat hurmatli bo’lishga harakat qilinglar. Sizlarning xayrli ishlaringizdan odamlar faxrlanib yurishsin! – Bobom suhbatlariga nuqta qo’ydilar.
Biz ham bobojonimning o’gitlariga amal qilishga qat’iy so’z berdik. Minnatdorchilik tuyg’usi bilan yaxshi o’qishga, yaxshi yashashga ont ichdik.
,,Dono bobom doim sog’ bo’lsinlar”, - deb yaxshi niyat qildik.
S. Samadov
Do'stlaringiz bilan baham: |