II BOB. BADIIY SAN’ATLAR – SHE’R NAFOSATI.
1-fasl.Shoirning ma’naviy san’atlardan foydalanish mahorati.
Ming yillik tarixga ega bo’lgan adabiyotimizda badiiyat masalasi hamisha she’r ahlining diqqat markazida bo’lib kelgan. U yoki bu san’atkor salohiyati haqida so’z borganda, uning nimalarni tasvirlagani emas, asosan, qanday tasvirlaganiga e’tibot qaratilgan. Jumladan, adabiy asarlarda she’riy san’atlardan foydalanish mahorati hamma davrlarda badiiy san’atkorlikning asosiy qirralaridan biri sifatida baholangan.
She’riy san’atlar badiiy asarda ifodalangan g’oyalarning hayotiyroq, ta’sirchanroq ifodalanishiga, lirik va epik timsollarning yorqinroq gavdalantirilishiga, misralar, baytlar, bandlarning lafziy nazokati, musiqiyligi, jozibadorligini ta’minlashga xizmat qilgan.
U yoki bu shoir ijodiga, u yoki bu asarga baho berilar ekan, ijodkor ifodalayotgan g’oya o’z aksini topgan ijtimoiy-siyosiy, falsafiy-axloqiy, ma’rifiy-tarbiyaviy muammolar mohiyati va ko’lami, badiiy timsollar jilosi bilan bir vaqtda qo’llangan she’riy san’atlarning rang-barangligi, mantiqiy asoslanishi, asar mazmunini ochishdagi o’rni va ahamiyati kabi masalalarga ham alohida e’tibot ilingan.
Adabiyotimiz tarixi yana shundan dalolat beradiki, she’riy san’atlar shoir badiiy iqtidorini namoyish qilish emas, balki ijodkor badiiy tafakkuri dahosining ko’lami, yuksak ijtimoiy-axloqiy g’oyalarni jilolantirish san’atkotligi ifodasi bo’lib kelgan.
Bobur - lirik san’atkor. Turli –tuman she’riy san’atlardan badiiylikka erishishda, tasvirning real va jonli bo’lishini ta’minlashda ustalik bilan keng foydalandi. U inson qalbidagi hayajon va quvonchlari, iztirob va orzularini butun ko’lami va nozikliklari bilan his etadi, ayniqsa, mo’jaz badiiy lavhalar, jonli sanalar yaratishda shoir katta mahorat namoyish qiladi.Umuman olganda, she’rda g’oyaviy butunlikka erishishni Bobur badiiylikning asosiy shartlaridan biri deb hisoblagan. “Bobur ruboiylari, - degan edi Oybek, -uning poeziyasining cho’qqisidir. Umar Xayyomning ruboiylari kabi uning ruboiylari ham falsafiy fikrlarga boy, shaklan mukammaldir”.2
Masalan, ruboiylarning birida uchrashuvga bora olmagan oshiqning ma’shuqa oldida o’zini oqlash sahnasi nihoyatda go’zal, esda qolarlik; oshiq kela olmaganligining sabablarini ham ma’shuqaga cheksiz muhabbati, uning ishqida o’rtanishi bilan izohlaydi, o’z gunohsizligiga “mantiqiy dalillar” keltiradi:
Hajringda but un ko’ngulda qayg’u erdi,
Vaslingga yetishmadim jihat bu erdi:
Ohim tutuni birla ko’zumning yoshidin
Yo’l bolchiq edi, kecha qorong’u erdi.
Bobur inson va uning go’zalligini, sevgi, sadoqat, vafo, do’stlik kabi insoniy fazilatlarni, ulug’lovchi, ezgu intilishlar va orzularni targ’ib etuvchi go’zal asarlari bilan, ona yurtga muhabbat, vatanparvarlik va hayotsevarlik g’oyalari bilan, o’quvchiga zavq-shavq baxsh etuvchi yuksak badiiy san’atko Sendin ayru naylagaymen ayshu sahbo xushlug’in
Ki, sening uchun tilarmen barcha dunyo xushlug’in, -
deya murojaat qildi ham uni umumga naf keltiruvchi xalqchil faoliyatga, ezgu ishlarga da’vat etdi:
Bori elga yaxshilik qilg’ilki, mundin yaxshi yo’q –
Kim degaylar dahr aro qoldi falondin yaxshilig’!
Sharq mumtoz adabiyotining, shu jumladan, o’zbek mumtoz she’riyatining o’ziga xosligini, milliyligini, latofatiyu nazokatini, rang-barangligini, estetik go’zalligini, jozibadorligiyu ta’sirchanligini namoyon qiluvchi vasitalardan biri bu badiiy san’atlardir. She’r san’atlari o’zbek mumtoz adabiyotida shu qadar ko’p va rang-barangki, ularning umumiy miqdorini aniqlash qiyin. Shuni aytish lozimki, barcha she’rlarda qo’llangan she’r san’atlarining umumiy bo’g’liqlik jihatlari ko’p, ammo arab, fors-tojik va turkiy she’r san’atlarining mushtarak jihatlari ko’p. Sharq poetikasiga oid tadqiqotlarda arab va fors she’riyati san’atlari tahlil qilingan bo’lsa-da, ular o’zbek she’riyatidagi badiiy san’atlarni o’rganishda ham qo’l keladi. Chunki, yuqorida qayd etilganidek, she’r san’atlari borasidagi kuzatishlar , umumiy qonuniyatlar Sharq xalqlari uchun bir xildir. O’zbek she’r san’atlari hali atroflicha tahlil qilingani yo’q, lekin ayrim ilmiy kuzatishlar mavjud. Masalan, V.Rahmonovning “She’r san’atlari” o’quv qo’llanmasi, M.Shayxzoda, A.Rustamov, N.Mallayev, A.Hayitmetov, YO.Ishoqov, B.Sarimsoqov, U.To’ychiyev va boshqa olimlarning qilgan ishlari mavjud. Ammo, bular kam. Chunki, she’r san’atlarini ham nazariy, ham amaliy jihatdan bilmasdan o’zbek adabiyotini, ayniqsa, she’riyatinini o’rganib bo’lmaydi. Biz ham mana shuning uchun ham Bobur ruboiylaridagi badiiy san’atlarni o’rganishga jazm etdik. Zahiriddin Muhammad Bobur she’riyatida badiiy san’atlar shu qadar o’rinli va chiroyli qo’llanganki, she’rlarining ta’sirchanligini oshirishga katta hissa qo’shgan.Misol:
Kopdin berikim yoru diyorim yo’qtur,
Bir lahzayu bir nafas qarorim yo’qtur.
Keldim bu sori o’z ixtiyorim birla,
Lekin borurimda ixtiyorim yo’qtur.
Bu ruboiyning g’oyaviy negizida ayriliq, hijron tuyg’usi yotadi, unda ijtimoiy rang quyuq, ya’ni yor bilan barobar diyor qayg’usi asosiy planda talqin etilgan.
Mumtoz poetikada nido degan san’at bor. Agar shoir o’zining sub’yektiv fikru tuyg’ularini insonga, tabiatdagi biror narsa yoki predmetga murojaat qilish yo’li bilan ifoda etsa, o’sha nido san’atini amalda qo’llagan bo’ladi. Bobur bu san’atni ruboiylarida ko’p qo’llagan.Masalan, shoir ba’zi she’rlarida o’z kechinmalarini “ bodi sabo”, “yel”, “ subh”, ”ko’ngil” kabilarga to’g’ridan-to’g’ri murojaat qilish orqali tasvirlab :
Ey bodi sabo, ayla Xurosong’a guzar,
Mendin degil ul yori parishong’a xabar.
Necha safar o’z ko’nglung uchun qilg’aysen,
Endi bizning uchun ayla bu yong’a safar.
Bobur bu she’rni yozishda nido san’atini qo’llagan, ya’ni she’rni “Ey bodi sabo” degan xitob so’zlari bilan boshlagan. Bu bilan shoir badiiy tasvir vositalaridan hayotiy real kechinmalar tasviri uchun foydalangan.
Bobur qaysi mavzuda ruboiy yozmasin, albatta, uning o’ziga xos va betakror ohangini topgan. Boshqacha qilib aytganda, shoir ruboiylarida mazmun va shakl birligi bor.
Badiiy (she’riy) san’atlar Sharq mumtoz adabiyotining, shu jumladan, o’zbek adabiyotining o’ziga xosligi, milliyligi, latofati, nazokati, rango-rangligi, jozibadorligi, va ta’sirchanligini ifodalovchi vositadir. Badiiy sa’natlar uch guruhga bo’linadi:
-
Ma’naviy (ma’noga tegishli) san’atlar.
-
Lafziy (shaklga oid) san’atlar.
Ma’naviy va lafziy san’atlar. Zahiriddin Muhammad Boburning bir ruboiysi sevimli zavjalari Mohim begim va Gulrux begimlarga, bir ruboiysi Komron mirzoga, bir ruboiysi Humoyun mirzoga, bir ruboiysi hofizi Ruhdamga, bir forsiy ruboiysi Bajavr qal’a-sining olinishi haqida, ayrim qit’alari Xoja Kalon va Fo’lod sultonga bag’ishlagani ma’lum. Ayniqsa, uning quyidagi sirli ruboiysi adabiyotshunoslarni lol qoldiradi:
Hijronda, sabom yetti falakka ohim,
Gar ul sori borsang, bu durur dilxohim:
Kim arzi duo niyoz ila qilg’aysen,
Gar so’rsa man xastani gulrux Mohim.
Darhaqiqat, bu badiiy matn shu holatida ham juda o’qishli, go’zal, shinam: mazmunli, ta’sirchan.
Biz “Boburnoma”, “Humoyunnoma”, Bobur “Devoni”va boshqa manbalarni sinchiklab o’qish natijasida bu she’rning yaratilish tarixini taxmin qilib ko’rdik. Bu ruboiy Boburning Hirot safari vaqtida bitilganmi yoki Hindiston uchun besh marotaba yurishlarning birida yozilganmi?
Bizningcha, she’r shoh va shoir xonadoni Kobulda ekanida, o’zining safardalik paytida yaratilgan va oilaviy maktubga she’riy ilova bo’lgan. “Ul sori” deb ijodkor “Kobul tomon” ni nazarda tutgan. Biz ruboiyni quyidagicha uch xil o’qishga moyilmiz. To’g’rirog’i, she’rning to’rtinchi misrasini yana uch xil yangi mazmun ilovasi bilan o’qiymiz. Birinchisi:
Hijronda, sabom yetti falakka ohim,
Gar ul sori borsang, bu durur dilxohim:
Kim arzi duo niyoz ila qilg’aysen,
Gar so’rsa man xastani gulrux Mohim.
Bunga ko’ra rubioy Boburning jufti xaloli gulyuzli Mohim begimga atalgan.
Ikkinchisi:
Hijronda, sabom yetti falakka ohim,
Gar ul sori borsang, bu durur dilxohim:
Kim arzi duo niyoz ila qilg’aysen,
Gar so’rsa man xastani Gulrux mohim.
Bu holatda to’rtlik shoirning xotini oyday Gulrux begimga bag’ishlangan.
Uchinchisi:
Hijronda, sabom yetti falakka ohim,
Gar ul sori borsang, bu durur dilxohim:
Kim arzi duo niyoz ila qilg’aysen,
Gar so’rsa man xastani Gulrux, Mohim.
Boburning bir ruboiysining bir misrasini to’rt xil talqin qilishning o’ziyoq uning mahorati yetuk shoir ekanligidan dalolat berib turibdi. Mumtoz Sharq poetikasida “iyhom” nomli badiiy san’at bo’lib, buning lug’aviy ma’nosi “gumonsiratish” dir. Iyhom o’ta nozik san’at bo’lgani uchun Alisher Navoiy bu san’atni “xossa ma’no” (eng nozik ma’nolar) ni ifodalaydigan san’at ekanligini uqtirgan:
Agar xossa ma’no gar iyhom erur,
Aning kunda yuz bayti havlom erur,
deya daho shoirimiz o’z cheksiz imkoniyati bilan faxrlangan edi. Bobur ana shu san’atda qayta-qayta kitobxon qarshisida ma’no-mazmun rang-barangligini namoyishkorona uyushtiradi. Quyidagi dilkash, jozib baytni o’qib, zukkolarcha idrokini ishga sola olgan kitobxon “so’rorim bor” birikmasini “so’ramoqchiman” va “so’rmoqchiman” ma’nolarida fahmlay oladi:
Labing bag’rimni qon qildi, ko’zimdin qon ravon qildi,
Nega holim yomon qilid, men ondin bir so’rorim bor.
Ushbu san’atda Alisher Navoiygacha yashagan mumtoz shoirlarimiz orasida eng ko’p baytlar yaratgan shoirimiz Mavlono Lutfiy Shoshiy (Toshkandiy) bo’ladilar.
Bobur mahorati tafre’ san’atini qo’llashda ham yaqqol namoyon bo’ladi. Bu badiiy san’atni qo’llagan san’atkor ko’rinib turgan narsani “bu emas” deydida, “mana bu” deb boshqa bir o’xshash narsani aytib, ajoyib mubolag’ali, o’ta ta’sirchan badiiy voqelikni yaratadi:
Sel emasdir yer yuzin tutqan – ko’zumning yoshidur,
Ra’d emasdur ko’kka chirmashqon – ko’ngul afg’onidur.
Mazmuni: Yer yuzini tutib ketgan sel emas, balki ko’z yoshlarimdir. Osmonga qasirg’alar tashlayotgan momoqaldiroq emas, balki ko’nglim faryodidir.
“Tafre’” san’atining ta’sirchanlik imkoniyatlarini Alisher Navoiy Sa’diy Sheroziydan kuzatgan bo’lsa ham ajab emas:
Nest on lolaho, ki dar bodiyaho jilvagarand,
Kushtagonand, ki zi xok barovardi sarand.
Mazmuni: Dashtlarda jilvalanayotgan lolalar emas, so’yilgan odamlar boshlarini tuproqdan chiqarib turibdilar.
Bobur harfiy san’atlar qo’llashda ham Alisher Navoiy bilan bellasha oladigan san’atkor shoir. Uning kitobat qo’llagan ushbu bayti sodda va tushunarli, ayni paytda nafis va jozibaligi bilan diqqatga sazovor. Qadni “alif”, qoshni “yo” harfiga o’xshatish an’anaviy eski gap. Ma’shuqani oyga tashbeh berish ham ming marotaba uchragan. Ammo “alif” va “yo” ni qovushtirib, bular yig’indisidan “oy” so’zini keltirib chiqarish yangi fikriy kashfiyot – nuqtasidir :
Qadding chu “alif”, qoshing erur “yo”,
Desam, ne ajab, agar seni “oy”?
Ulug’ so’z san’atkorlari harfiy san’atlardan kitobat matnda harfni nomlash va istixroj (so’z keltirib chiqarish)ning riyoziy murakkab namunalarini ham yaratadilar. Chunonchi, “riyoziy ixtiroj” san’atini qo’llaganda baytda harf nomlanmay, aytilmasdan so’zlar ifodalangan harflar yig’indisidan biror so’z yasalgan bo’ladi. Masalan, quyidagi baytni tahlil etaylik:
Og’ziyu ikki zulfu qadi bo’lmasa manga,
Rayhonu sarvu g’uncha ko’kardin maloldur.
Mumtoz adabiy an’anaga ko’ra og’iz – “mim”(m), ikki zulf – ikki “lom”(ll) va qad - “alif”(o) dir. Holbuki, matnda bu harflar aytilmagan. Sehrgar Bobur “Aqling yetsa, kashf etib maza qil!” deb jilmayib qo’ygan. Chunki u baytdagi “malol” so’zini og’zi, ikki zulfi va qaddidan (m+l+o+l) yasagandir. Eski yozuvda malolda “a” harfi yozilmaydi. Bunday baytni riyoziy kashf etishga ancha –muncha kitobxongina emas, hozirgi paytda ayrim olimlar ham qodir emaslar.
Nega bu ishni qiyin dedik? Chunki sehrgar Bobur olim ko’zini avval laff va nashr san’ati bilan bog’lagan. Adabiyotshunos baytdan san’at kuzatganda birinchi misrada tuzilgan so’zlar: og’zi, zulf va qadga ikkinchi misradan o’xshatishlar izlaydi: og’iz – g’uncha, rayhon – zulf, qad – sarv. Ana shu holat laff va nashrdir.
Baytda istixroj borligi “ikki” so’zidan biroz seziladi.
Boburning bu sohadagi ulkan kashfiyoti mo’jizasi istixrojda “Olloh” so’zini ifodalagan tubandagi baytaddir:
Qaddi bila ikki zulfu og’zi,
Jonimg’a balo bo’lubtur, Olloh!
Istixrojda yozilmay nazarda tutilgan harflar qad – “alif”, ikki zulf – ikki “lom” va og’iz – “xo”dir. Ushbu harfalr yig’indisi Ollohdir. Bu undov so’z ulkan hayratni ifodalamoqda.
Bobur she’riyati mavzulari rang –barangligi bilan ham e’tiborga molik. Sharqona madaniyat – yaxshilik haqidagi ta’sirchan g’azal ham, xazon yaprog’i singari yuzi sarg’aygan oshiq ohu zorlari talqini bo’lgan she’r ham, madaniy dam olishning ajib to’kislikdagi ifodasi bo’lmish:
Yoz fasli, yor vasli, do’stlarning suhbati,
She’r bahsi, ishq dardi, bodaning kayfiyati
matla’li she’r ham, g’ij-g’ij badiiy san’atlar qorishgan, ayni paytda ma’shuqa yuz timsolining jozib tajassumi bo’lgan
Gul jamolin yopqon ul gulning ikki rayhonidur,
G’uncha sirrin ochqon ul ikki labi xandonidur,
deb boshlanadigan g’azal ham Zahiriddin Muhammad Bobur inja she’riyati to’plami “Devon”idadir.
Rubobiy timsollarning tabiiy – voqelikka mos xatti-harakatlari, oshiq va ma’shuqalarning birining lobar sernozu ishvaligiyu ikkinchisining Farhodsifat ishq mashaqqatlarini tortish va Majnun kabi shaydoligi ishonarli ifodalangan. Shuning uchun Bobur lirik qahramoni o’zini Farhodu Majnundan, mahbubasini Shirinu Laylidan yuqori qo’yadi:
Qani Shirin bila Layliki, sendin noz o’rgansa?
Qani Farhodu Majnunkim, alarg’a ishq o’rgatsam.
“Ishq” shu darajada ajoyib hissiyotki, oshiqlar uchrashganda ham baxtiyor bo’lishlari amri mahol. Nozik hissiyot ikkalasini ham jizzaki holatga solganday. Biror shoir Boburday bu “ziddiyat voqeligini” idrok etolmagan bo’lsa kerak. Har ikki yosh sabr-toqatlari tugab bir-biriga zoru, uchrashganlarida esa har lahzada achchiq-tiziqqa asoslar topilib qoladi. Ayriliqda o’rtanib visolga zoriqqanlar-u, biroq uchrashuvda ham ular o’zaro yaxshi chiqisholmaganliklariga nima deysiz:
Agarchi sensizin sabr aylamak, ey yor, mushkuldur,
Sening birla chiqishmoqlik dog’i bisyor mushkuldur.
Mijozing noziku sen – tundu, men – bir beadab telba,
Sanga holimni qilmoq, ey pari, izhor mushkuldur.
Bobur she’riyati Sharq poeziyasining go’zla va betakror namunasi sifatida she’r ixlosmandlarini o’ziga rom etib kelmoqda.
Ma’naviy san’atlar. She’r san’atlarinig bu guruhiga she’r ma’nosi, g’oyasi bilan bog’liq bo’lgan san’atlar kiradi. Ma’naviy san’atlar ham rang-barang ko’rinishlarga ega: tavjih, iyhom, lutf, istibto’, idmoj, ta’liq, tajohuli orifona, talmeh, irsoli masal, tafri’, jam’, tafriq, taqsim, takrir, ruju’, tafsir, iltifot, savolu javob, muammo, lug’z, tashbeh, tamsil, kinoya, tazod, talxis, istiora, taajjub, ta’rix, muvashshah, chiston va boshqalar.
Iyhom ( Shubhaga solish, adashtirish) – she’r misralarida muayyan bir so’zni ikki yoxud undan ortiq ma’nolarda qo’llash usuli.
Bunda so’zning bir ma’nosi yuzaroqda bo’lib, boshqa ma’nosi (asosiysi) yashirin (botin) bo’ladi. O’quvch bu so’zning yuzakiroq ma’nosini tezda anglaydi, shundan so’ng uning yashirin ma’nosi ham borligi haqida o’ylaydi va fahm-farosat bilan uning botiniy ma’nosini ham topadi (shoirning maqsadi so’zning na shu ma’nosida ekanligini anglaydi). Iyhom nozik fikrlarni pardali ifodalashda juda qo’l keladi.
Zahiriddin Muhammad Bobur lirikasidan olingan quyidagi baytda ishlatilgan “so’rorim” so’ziga e’tibor qilaylik:
Labing bag’rimni qon qildi, ko’zimdin qon ravon qildi,
Nega holim yomon qildi, men andin bir so’rorim bor.
Endi bu baytni sharhlab ko’raylik: “So’rorim” so’zining ikki ma’nosi bor: 1) bag’rim “qon” bo’ldi, ko’zimdin “qon” keldi. Buning sababini undan bir so’rashim bor; 2) uning lablari totidan ahvolim juda g’alati bo’ldi – men u lablardan yana bir so’rorim bor. Shoirning muddaosi “so’rorim” so’zining mana shu ma’nosida, ya’ni, so’zning botiniy ma’nosida. Demak, shoir lirik qahramonning chuqur intim his-tuyg’ularini yalang’och holda bayon qilmaydi, aksincha, nozik tuyg’uni nafis ifoda vositasida latofat bilan ibo bilan tasvirlaydi. Iyhom san’ati shoirdan qanchalik san’atkorlikni talab qilsa, o’quvchidan ham shunchalik fahm-farosatni, zehni o’tkirlikni, topqirlikni talab etadi.
Keldim sanga yuz birla, ey moh,
Lekin, bordim yuzingni ko’rmay, yuz oh,
Hamsuhbatiki hamrohni netay bu yo’lda?
Darding menga hamsuhbatu ishqung hamroh.
Ushbu ruboiyni birinchi va ikkinchi misralarida “yuz” so’zi qo’llangan. Birinchi misradagi “yuz” so’zi yuz marta, ya’ni sanoq ma’nosida, ikkinchi misradagi “yuz” so’zi esa “insonning yuzi” ma’nosida qo’llangan.
Davlat bila shodu shodmon bo’lg’aysen,
Shavkat birla mashhuri jahon bo’lg’aysen.
Ko’nglungdagidek dahr aro kom turib,
Bu dahr boricha komron bo’lg’aysen.
Bu ruboiyda “komron” so’zida iyhom qo’llangan. Birinchi ma’nosi “Baxtli, saodatli, bekamu ko’st”, ikkinchisi esa Bobur o’g’lining nomidir.
Qosidki,yubording, ayladi shod meni,
Doim bu yusunliq aylagil yod meni.
Ozodingga qul bo’layki, xating keturub,
Hajring g’amidin ayladi ozod meni.
Bu ruboiyda ozod so’zi ikki ma’noda qo’llangan: birinchisi erkin ma’nosida; ikkinchisi yor bo’yi ma’nosida kelgan.
Tazod (qarshilantirish) – zid tushunchalarni ifoda etuvchi so’zlarni (ma’lum maqsadda) bir-biriga bog’lab ishlatish usuli.
Tazodda bir-biriga zid narsa va tushunchalar to’qnashtiriladi, ayni choqda, bir-biriga zid tushunchalarni o’zida mujassamlashtirgan ob’yektning mohiyatini g’oyatda ochish va unga nisbatan kishi qalbida faol munosabat uyg’otish ko’zda tutiladi. Tazod qisman antiteza usuliga ham o’xshaydi – ularning har ikkalasida ham bir-biriga zid tushunchalar yuzlashtiriladi, ayni choqda, ularning bir-biridan farqli jihatlari bor: antitezada to’qnashuvchi bir-biriga zid narsalar ikki mustaqil manbadan kelib chiqsa, tazoddagi to’qnashuvchi bir-biriga zid narsalarning kelib chiqish manbai yagona: bir narsa ham yaxshilikning, ham yomonlikning kelib chiqishini o’z ichiga qamrab oladi. Chunonchi, ma’shuqa mujgonlaridan o’q otib oshiqni halok etsa, la’l lablari bilan unga hayot baxsh etadi, deylik. Demak, yomonlik (o’ldirish) va yaxshilik (hayot baxsh etish) bir-biriga zid tushunchalr to’qnashadi, ammo, ayni paytda, har ikkala xislatning ham manbai bir – ma’shuqa. Tazod mana shudir. Tazod she’riyatda ham, nasrda ham keng qo’llaniladi. Misol:
Har kimki vafo qilsa, vafo topqusidir,
Har kimki jafo qilsa, jafo topqusidir.
Yaxshi kishi ko’rmagay yomonlik hargiz,
Har kimki yomon bo’lsa, jazo topqusidir.
Bu ruboiyda “vafo-jafo”, “yaxshi-yomon” so’zlari bir-biriga zid ma’noni ifodalaydi.
Keldi ramazonu men taqi bodaparast,
Iyd o’ldi-yu, zikri, may qilurmen payvast.
Ne ro’za-yu ne namoz yillar, oylar,
Tun-kun mayi ma’jun bila devonayu mast.
Ushbu ruboiyda tazod qo’llangan bo’lib, bu san’atni “tun-kun” so’zlari tashkil etgan.
Quyidagi ruboiyda esa, gul va tikon, hazil va jiddiy, yaxshi va yomon so’zlari orqali bu san’at yuzaga keltirilgan:
Har yerda gul bo’lsa, tikon bo’lsa ne tong,
Har qaydaki may durdidan bo’lsa netonga,
She’rimda agar hazil, agar jiddiy kechiring,
Yaxshi borida agar yomon bo’lsa ne tong.
Irsolu masal (maqol qo’llash) – she’rda maqol, matal, hikmatli so’zlarni muayyan maqsadda tamsil yo’li (tamsil – maqol keltirish san’ati) bilan ishlatish usuli. Irsolu masal nazmda ham, nasrda ham qo’llaniladi
She’riyatga oid ilmiy asarlarda ta’kidlanganidek, adabiy asarlarda maqol, metal va hikmatli so’zlar, asosan, quyidagi uch yo’l bilan qo’llaniladi: 1) qo’llanilgan maqol, metal va hikmatli so’zlar shoirning aniq ishorasi bilan (derlar, aytibdurlar, masaldur, masaldurkim) beriladi. Misol:
Ulkim, anga ilm ichra g’olib yo’qtur,
Derlarki, beri kelurg’a rog’ib yo’qtur.
Dedimki, bu so’z rost emastur, negakim,
Tolibni tilar andaki, tolib yo’qtur.
Ruju’ (qaytish) – tasvir ob’yektining dastlabki obrazli ifodasi (go’yo bu ifodaga ko’ngil to’lmagandek)dan qaytib, undan ma’noliroq, ta’sirliroq, kuchliroq, obrazli ifodaga o’tish usuli.Misol:
Yod etmas emish kishini g’urbatda kishi,
Shod etmas ko’ngilni mehnatda kishi,
Ko’nglim bu g’ariblikda shod o’lmadi, oh,
G’urbatda sevunmas emish albatta kishi.
Bu ruboiyda ruju’ boshqacha usulda yuz bergan: birinchi misraga nisbatan ikkinchi misra, ikkinchi misraga nisbatan uchinchi misra va uchinchi misraga nisbatan to’rtinchi misra ruju’ vazifasini o‘taydi.
Tajohuli orifona (bilib – bilmaslikka olish san’ati). Bunda shoir barcha narsani bilib turadiyu, ammo o’zini bilmagandek ko’rsatadi.
Misol:
G’urbat tug’i yopqon ruhi zardimnimu dey?
Yo hajr chiqargan ohi sardimnimu dey?
Lirik qhramonning ahvoli o’ziga ma’lum: g’urbat ko’raverib ranglari sarg’aygan, oh-fog’on chekaverib qalbi ozurda. Buni bilib bilmaslikka olish badiiy san’atini qo’llash orqali yanada ta’sirli chiqishini ta’minlagan.
Talmeh ( nazar solmoq, ishora qilmoq) – she’rda mashhur qissa, mashhur bayt yoxud mashhur maqolga ishora qilish usuli. Bu san’at mumtoz adabiyotimizda keng qo’llanilgan, xususan, Bobur ruboiylarida ham ko’plab uchraydi. Misol:
Konglumda nechaki sayr matlub o’lsa,
Ahbobni so’rmoq dog’I marg’ub o’lsa.
Gar hajring imtidodi mundin o’tar,
Qolmas manga sabr – sabri Ayub o’lsa.
Ruboiyda mumtoz adabiyotimizda sabr timsoli sanalgan Ayub payg’ambarga ishora qilinmoqda. Lirik qahramon yor hajrida cheksiz azob-uqubatlar ni boshidan o’tkazdi, bu sitamlardan jonidan to’ydiki, endi sabrning chegarasi ko’rinib qoldi.
Quyidagi ruboiyda esa tarixiy shaxs Sulton Mahmudga ishora qilinmoqda:
Bo’ldim meni oshuftayu hayron mardud,
Qilg’il madadeki, bo’ldi imkon nobud.
Dunyo bila uqboda rujum sandadur,
Ey ikki jahonni shahi Sulton Mahmud!
Bobur juda ko’p o’rinlarda talmeh san’atidan foydalangan. Masalan, quyidagi ruboiyda ham talmeh juda o’rinli qo’llangan:
Yuz shukr de, Boburki Karimi g’affor
Berdi menga Hindu, Sindu mulkidin bisyor!
Issiqlig’iga gar senga yo’qtur toqat,
Sovuq yuzin ko’ray desang, G’azni bor.
Ruboiyda Hind, Sind, G’azni kabi shahar nomlari keltirilganki, bu nomlar Bobur hayotida hal qiluvchi ahamiyatga ega hisoblanadi.Chunki Boburning umri o’zga yurtlarda kechganligi ma’lum. Bundan tashqari bu ruboiyda tazod san’ati ham qo’llangan. Tazod san’atini “issig-sovug’” so’zlari tashkil etgan.
Mubolag’a arab tilida “kattalashtirish”, “kuchraytirish” ma’nosini bildirib, adabiy asarda tasvirlanayotgan badiiy timsol holati yoki harakatini bo’rttirib, kuchaytirib ifodalash san’ati demakdir. Bu xil tasvirda badiiy timsol xususiyatlari yaqqolroq namoyon bo’ladi, o’quvchi ko’zi oldida yorqinroq gavdalanadi. Misol:
Hajringda but un ko’ngulda qayg’u erdi,
Vaslingga yetishmadim – jihat bu erdi:
Ohim tutuni birla ko’zumning yoshidin
Yo’l balchiq edi, kecha qorong’i erdi!
Ruboiyning ikkinchi va to’rtinchi misralariga e’tibor qarataylik. Lirik qahramon aytmoqdaki, uning ohining tutunidan kun qorong’ bo’ldi, ko’zining yoshidan esa, yo’llar loy va balchiq bo’ldi. Bunday bo’lishi mumkinligi gumon albatta. Baytdagi mubolag’a ma’noni judayam kuchaytirgan.
Hajringda ne qon qoldiki, yutmaydurmen?!
Ko’z yoshini bir lahza qurutmaydurmen.
Diydoringning haqini, ey yuzi quyosh,
Tengri haqi, bir zarra unutmaydurmen.
Bu ruboiyda mubolag’a qo’llangan bo’lib, unda shoir aytmoqchi bo’lgan holat shuki, yor hajrida bir dam bo’lsin uning ko’z yoshlari qurigani yo’q. Bu oshiqning iztirobli holatinin yanada chuqurroq, bo’rttiribroq ifodalagan.
Nomangki, tirikligim nishone erdi,
Har satri hayotu jovidoni erdi.
Har lafzida oshkor yuz harfu vafo,
Har harfidin yuz mehri nihoniy erdi.
Bu ruboiyda yordan kelgan noma oshiqning tirikligi, hayotiga mengzaladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |