HARAKATLAR STRATEGIYASI – davlatning ma’lum muddatga yoki uzoq yillarga mo’ljallangan rivojlanish dasturi.
HISOB PALATASI – davlatdagi oliy moliyaviy (moliyaviy-iqtisodiy) nazorat organining dunyoda eng keng tarqalgan nomi. Xuddi shu nomda Vengriya, Gretsiya, Ispaniya, Portugaliya, GFR, RF va qator boshqa mamlakatlarda ishlatiladi. AQShda bosh hisobot boshqarmasi, Braziliya, Jazoir, Fransiya, Ruminiyada – hisob sudi deb ataladi. O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2002 yil 27 iyunda “Hisob palatasini tashkil etish to’g’risida”gi Farmoni qabul qilindi. Bu farmonga ko’ra, Hisob palatasi o’zining faoliyati to’g’risida O’zbekiston Respublikasi Prezidenti va Oliy Majlisga hisobot beradi. Hisob palatasining asosiy vazifasi davlat budjeti ijrosini nazorat qilish, davlat aktiv va passivlari holati va harakatini nazorat qilish kabi vakolatlarni amalga oshiradi
HOKIMIYATLAR BO’LINISHI – davlat nazariyasining asosiy prinsiplaridan biri bo’lib, unga ko’ra yagona davlat hokimiyati mustaqil va bir-biriga bo’ysunmaydigan qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi va sud hokimiyatiga bo’linadi (ular bilan bir qatorda ba’zan ta’sis etuvchi, saylovchi va nazorat hokimiyati ham ajratiladi).
HUKUMAT – davlatning oliy kollegial ijro etuvchi organi. Hukumat turli mamlakatlarda turlicha nomlanishi mumkin: Vazirlar kengashi (Fransiya, Italiya, Polsha), Vazirlar Mahkamasi (Buyuk Britaniya, O’zbekiston), Davlat kengashi (XXR) va boshqalar. Hukumat partiyasiz, bir partiyali va koalitsion bo’lishi mumkin. Prezidentlik respublikalarida (shunday organ konstitutsiyada nazarda tutilganlarida) Hukumatni prezident tuzadi, bunda u tayinlagan Hukumat a’zolaridan har biri qator mamlakatlarda (Belarus, Qozog’iston, O’zbekiston, Qirg’izistonda) parlament tomonidan tasdiqlanishi kerak.
HUQUQ - davlat qonunlari bilan beriladigan erkinlik, harakat qilish imkoniyati, nimanidir amalga oshirish yoki nimadandir foydalanish, nimagadir egalik qilish; jamiyatdagi munosabatlarni, kishilar va ularning harakati va xulqini muvofiqlashtirish, davlat va jamiyat organlarini yashashini ta’minlashga imkoniyat berish maqsadida davlat tomonidan o’rnatilgan va himoya qilinadigan umummajburiy ijtimoiy me’yorlar va qoidalar.
HUQUQIY DAVLAT – huquq, Konstitutsiya va qonun hukmronlik qiladigan davlatdir. Davlat va uning institutlari, mansabdor shaxslar jamiyat va fuqaro oldidagi o’z ma’suliyatlarini his qilishlari, o’z navbatida jamiyat va fuqaro, uning tashkilotlari davlat oldidagi ma’suliyatlarini his qilishlari kerak. Bu ma’suliyatni oshirish orqali huquqiy demokratik davlat shakllantiriladi va rivojlantiriladi hamda bu jarayon uzoq muddatni talab etadi. Huquqiy davlat- davlat konstitutsiyaviy-huquqiy maqomining tavsifi sifatida amal qiladi va davlatning quyidagi tamoyillarga so’zsiz bo’ysunishini nazarda tutadi: xalq suvereniteti, inson huquqlari va erkinliklarining davlat tomonidan buzilmasligi, davlatning konstitutsiyaviy tuzum bilan bog’liqligi, konstitutsiyaning boshqa barcha qonunlar va qonunosti hujjatlaridan ustunligi, hokimiyatlarning bo’linishi, huquqiy davlatning tashkiliy negizi bo’lgan hokimiyatning organlari va davlat xizmatchilarining javobgarligi instituti, milliy huquq normalaridan xalqaro huquq normalarining ustunligi.
Do'stlaringiz bilan baham: |