Terrorizm. Uning kelib chiqishi, jamiyat osoyishtaligiga soladigan xavfi
Terrorizm (lotincha - «qo’rqitish», «vahimaga solish», “daxshat”) – aholining keng qatlamlarida vahima va qo’rquv uyg’otish, jamiyatda beqarorlik keltirib chiqarish orqali davlat hokimiyatini egallash maqsadiga qaratilgan jinoiy faoliyatdir.
Terror - ommaviy va siyosiy maqsadlarga erishish uchun zo’ravonlikdan hamda zo’ravonlik qilish bilan tahdid solishdan muntazam foydalanishdir. Shunday qilib, «terror» dushmanni jismoniy zo’ravonlik yo’li bilan qo’rqitish, hatto uni jismonan yo’q qilishni anglatadi. «Terrorizm» esa terror amaliyotidir.
XX asrning 60-yillaridan boshlab, terrorizmning mojarolarni keltirib chiqaruvchi hodisa sifatidagi salohiyati, butun-butun mintaqalar yo’nalishi turlicha bo’lgan terrorchi tashkilotlar va guruhlar faoliyat ko’rsatgan joylarga aylanib qoldi. Buning natijasida, terrorchilik harakatining ko’lamigina emas, balki metodlari ham o’zgardi. Uning eng dahshatli ko’rinishlaridan biri - o’zini avvaldan o’limga tayyorlagan terrorchi-kamikadzelar tomonidan amalga oshirilayotgan harakatlarni keltirish mumkin.
Musulmon mamlakatlarida terrorchi uyushmalar ommaviy bo’la olmagani uchun aholining keng qatlamlari nomidan harakat qilish taassurotini uyg’otish maqsadida diniy shiorlardan niqob sifatida foydalanadilar.
Demak, terror, terrorchilik faoliyati, terrorchi birgalikda bir butun hodisa sifatida terrorizmni tashkil etadi. Hozirgi davrda u global miqyos kasb etib, xalqaro terrorizm shaklini oldi.
«Xalqaro terrorizm» tushunchasi davlatlar, xalqaro tashkilotlar, siyosiy partiya va harakatlarni beqarorlashtirishga qaratilgan siyosiy qo’poruvchilik faoliyatini ifodalaydi. U og’ir jinoyatlardan bo’lib, uzoq davom etgan jarayonlarning hosilasi hisoblanadi.
Xalqaro terrorizm fenomeni, ayniqsa, XX asr boshlarida avj ola boshladi, ya’ni xalqaro terrorizmga qarshi kurashda davlatlararo hamkorlikni yo’lga qo’yilishi o’tgan asrning 30-yillaridan boshlangan. 1937 yilda 20dan ortiq davlat terrorizmning oldini olish va bunday harakatlar uchun jazolash haqidagi Konventsiyani imzoladi.
Terrorizmni turlarga bo’lishda terakt jarayonida ishlatiladigan vositalarga asosiy mezon sifatida qaraladi. Shunga ko’ra terrorizm ikki turga: an’anaviy va zamonaviy (texnologik) terrorizmga ajratiladi. Odamlarni xalok qiluvchi azaldan ma’lum vositalar (sovuq qurol, o’q otuvchi qurol, portlovchi moddalar va hokazolar)dan foydalanib siyosiy maqsadlar yo’lida amalga oshiriladigan terror an’anaviy terrorizmga xos xususiyatdir.
Zamonaviy (texnologik) terrorizm esa radioaktiv materiallar, o’ta zaharli gazlar, kimyoviy va biologik moddalar kabi vayron qilishning yangi vostalarini qo’llashni afzal ko’radi, nisbatan katta hududni qamrab olishi va ko’plab aholining qurbon bo’lishiga olib kelishi jihatidan o’ta xavfli jinoyat turiga kiradi.
Zamonaviy (texnologik) terrorizmning ko’rinishlari:
Yadroviy terrorizm - yadroviy portlovchi qurilmalarni portlatish yoki portlatish tahdidi, radioaktiv materiallar bilan zaharlash, yadroviy ob’ektlarni bosib olish yoki di- versiya uyushtirishni ifoda etadi. Hozir dunyoning 30 mamlakatida 450 ga yaqin yadroviy sanoat ob’ektlari, yuzlab yadro reaktorlari, o’n minglab yadroviy qurilmalar mavjudligi e’tiborga olinsa, terrorizmning bu ko’rinishi insoniyatga nisbatan qanchalik katta tahdidga aylanganini tasavvur qilish mumkin
Xaydjeking - yirik transport vositalari: samolyot, poezd, avtomobil va kemalarni o’g’irlashni ko’zda tutadi. 2001 yil 11 sentyabrda AQSH hududida mamlakat aviakompaniyalariga qarashli uch yirik samolyotning passajirlar bilan birga olib qochilganligi, amalga oshirilgan terakt natijasida ko’plab fuqarolarning halok bo’lganligi katta fojia bo’lgan edi.
Kiberterrorizm — maxsus xaker dasturlari orqali kompyuter boshqaruvi tarmoqlarini egallab olish, kompyuter viruslari yordamida internet tarmog’ida terakt sodir etish, internet tarmog’ini ishdan chiqarishni ko’zda tutadi
Do'stlaringiz bilan baham: |