Fan:Dinshunoslik
Guruh:19-22
Bajardi:Abdusamatova Ma’mura
Tekshirdi:Doniyev Sardor
1-Topshiriq
“Dinshunoslik” faning asosiy maqsadi?
Talabalarga buddaviylik, xristianlik, islom kabi jahon dinlari bilan bir qatorda urug‘-qabila dinlari va alohida millatlarga xos milliy dinlar tarixini zamonaviy ilmiy konsepsiyalar asosida chuqurroq o‘rgatish.Mustaqillik yillarida O‘zbekistonda dinga nisbatan munosabatning tubdan o‘zgarganligi, diniy qadriyatlarni tiklash, diniy bag‘rikenglik madaniyatini shakllantirish yo‘lida qilinayotgan muhim o‘zgarishlar, yangiliklar haqida ma’lumotlarni berish ko‘zda tutilgan
Din-- ishonmoq tuyg‘usidir. Ishonmoq tuyg‘usi insoniyatning eng teran va go‘zal ruhiy-ma’naviy ehtiyojlaridandir. Dunyoda dini, ishonchi bo‘lmagan xalq yo‘q. Xalq dinsiz, e’tiqodsiz biror-bir narsaga ishonchsiz holda yashay olmaydi. Sotsiologik nuqtai nazardan qaraganda din jamiyat uchun zaruriy narsa, ijtimoiy hayotning ajralmas qismidir. U ijtimoiy munosabatlarni yuzaga keltiruvchi va amalga oshiruvchi omil sifatida namoyon bo‘ladi. Bu esa dinni jamiyatda bajargan vazifalariga ko‘ra o‘rganish mumkin.
Dinning vazifalari uning alohida shaxs va jamiyatga ta’siri va tabiatidan kelib chiqadi. Dinning vazifasi yoshlarga shaxs, oila, jamiyat hayotiga kirib borishi, madaniyat va ma’naviyatni boyitishga qo‘shgan hissasini ko‘rsatib berishdir.
Din – e’tiqod va u har bir kishining shaxsiy ishi hisoblanadi. Diniy nuqtai nazarga ko‘ra, din – muayyan diniy e’tiqodlarga, ya’ni ilohga, uning tomonidan insonlarga xabar etkazuvchilarning g‘ayrioddiy salohiyatga ega ekaniga (payg‘ambarlik), insonlar atrofida unga ko‘rinmaydigan ammo undan ancha yuqori darajada turuvchi mavjudotlar borligiga (farishtalar, jinlar) inson ideal hayot kechirishi uchun azaldan belgilangan qonuniyatlar mavjudligiga (muqaddas kitoblar), inson hayoti muntazam nazorat ostida ekaniga, qilingan barcha yaxshilik va yomonlik uchun mukofot yoki jazo muqarrarligiga (oxirat, hisob-kitob qilinish), inson qismati avvaldan belgilanishiga (taqdir) va shu kabi qarashlarga ishonish, ularni aqida sifatida qabul qilishdan iborat
Dinning jamiyatda bajaradigan ijtimoiy, ma’naviy, ruhiy vazifalari quyidagilardan iboratdir:
Birinchidan, har bir din o‘z e’tiqod qiluvchilari uchun to‘ldiruvchilik, tasalli beruvchilik – kompensatorlik vazifasini bajaradi. Masalan, insonda doimiy ehtiyoj hosil qilish hodisasini olaylik. Inson o‘z hayoti, turmush tarzi, tabiat va jamiyat bilan bo‘lgan munosabatlari jarayonida hayotiy maqsadlariga erishishi ilojsiz bo‘lib ko‘ringanida, unda qandaydir ma’naviy-ruhiy ehtiyojga zaruriyat sezadi. Bu diniy ehtiyoj bo‘lib, u ma’naviy-ruhiy ehtiyojni qondiruvchi, tasalli beruvchilik vazifasini bajargan va bajarmoqda.
Masalan, buddaviylik dini rohiblikni targ‘ib qiladi, xristianlikda esa, har bir xristian Iso masihning qaytishiga umid qilib, sabr-bardosh bilan hayot kechiradi. Islom dinida har bir musulmon dunyoda erishmagan moddiy yoki ruhiy orzu-istaklariga oxiratda erishishga ishongan holda yashaydilar.
Ikkinchidan, din o‘z ta’limot tizimini vujudga keltirgach, o‘ziga e’tiqod qiluvchilar jamoasini, shu ta’limot doirasida saqlashga harakat qilgan va hozir ham shunday. Bu dinning birlashtiruvchilik – integratorlik vazifasi deb ataladi. Din doimo ijtimoiy, etnik, ijtimoiy va ma’naviy hayotda uzviylik, muntazamlilikni ta’minlash maqsadida u xalqlarning ijtimoiy hayotiga, axloqiy munosabatlariga, adabiyoti va san’atiga bog‘langan. Masalan, yahudiylikda mazkur din vakillari bir mafkura atrofida bir millat va yagona maslak egalari bo‘lib, yagona xudo Yahvening sevimli bandalari ekanligi uqtiriladi.
Uchinchidan, har bir din o‘z qavmlari turmushini tartibga solib nazorat qiluvchilik – regulyatorlik vazifasini bajaradi. Dinlar o‘z urf-odatlari, marosim va bayramlarining qavmlari tomonidan o‘z vaqtida, qat’iy tartibda amal qilishini shart qilib qo‘yadi. Masalan, islomda kuniga besh mahal namoz o‘qilishi, har hafta juma namozini jome’ masjidlarida ado etish va hokazolar.
To‘rtinchidan, din aloqa bog‘lashlik – kommunikativlik vazifasini ham bajaradi, ya’ni har bir din o‘z qavmlarining birligi, turli dindagi kishilarning o‘zaro aloqalari, o‘zaro huquq va burchlarining borligi, urf-odat va ibodatlarni jamoa bo‘lib bajarilishi lozimligi nazarda tutiladi.
Beshinchidan, din qonunlashtiruvchilik – legitimlovchilik funksiyasini ham bajaradi. Dinning bu funksiyasi nazariy asosini amerikalik sotsiolog T.Parsons ishlab chiqqan. Uning fikricha, “har qanday ijtimoiy tizim muayyan cheklovlarsiz mavjud bo‘la olmaydi. Buning uchun u qonun darajasiga ko‘tarilgan axloq normalarini ishlab chiqishi kerak. Din bunday normalarni qonunlashtiribgina qolmay, ularga bo‘lgan munosabatni belgilaydi”.
Oltinchidan, din vazifalarining falsafiy, nazariy jihatlari mavjud. U insonga yashashdan maqsad, hayot mazmunini, dorulfano va dorulbaqo dunyo masalalariga o‘z munosabatlarini bildirib turishdan iboratdir.
Do'stlaringiz bilan baham: |