Dinning kelib chiqishi haqidagi qarashlar. Dunyoda dini, diniy ishonchi bo’lmagan xalq, millat yo’q. Chunki muayyan xalq dinsiz, e’tiqodsiz, biron-bir narsaga ishonchsiz holda yashay olmaydi. Din qanday paydo bo’lgan degan savol hammani qiziqtiradi. Bu masalaga javob berishda avvalo, odamning kelib chiqishi, uning ongi, tafakkurining shakllanish jarayoni va u bilan birga diniy tasavvurlarning kelib chiqishi jarayoni ancha murakkab va ziddiyatlarga to’la muammo ekanligini e’tiborda tutmoq lozim. Bu kabi muammolarni yechish, unga to’g’ri javob berish maqsadida ko’plab mutafakkirlar fikr yuritib, turli ta’limot va qarashlarni yaratganlar. Keyingi bir necha asr davomida olimlar o’rtasida ilmiy ijobiy bilimlar oldin paydo bo’lganmi yoki diniy, xurofiy tasavvurlar yuzaga kelganmi, diniy qarashlar abadiymi yoki insoniyat tarixida din bo’lmagan davrlar ham bo’lganmi degan savollar atrofida jiddiy tortishuvlar bo’lib kelmoqda. Chunonchi, g’ayriilmiy ta’limotga berilgan G’arb dinshunoslari, ayniqsa ilohiyotchilar diniy tasavvurlar inson paydo bo’lishi bilan uning qalbi va ongiga singdirilgan, ya’ni tug’ma qarashlar deb isbot qilishga harakat qilmoqdalar. Ular dinning dastlabki shakllari, umuman din butun davrlarga va barcha xalqlarga xos universal holat, din inson bilan paydo bo’lgan, u bilan abadulabad yashaydi, diniy tasavvurlar tug’madir degan g’oyalarni isbotlashga urinmoqdalar.Dinning kelib chiqishi haqidagi bunday noto’g’ri qarashni isboti tariqasida Boburning nabirasi Akbarshoh, garchi g’ayriinsoniy bo’lsada o’tkazgan g’alati bir tajribani misol qilib keltirishni lozim topdik. U har xil dinga e’tiqod qiluvchi kishilarning endi tug’ilgan 12 ta farzandini tortib olib, ularga qarab turuvchi gung enagalari bilan birga baland devorlik ayrim qasrga qamab qo’yishni buyuradi. SHu tariqa bolalar tashqi dunyodan ajralgan holda 12 yil davomida qasr ichida yashaydilar. Bolalar 12 yoshga to’lgach, shoh huzuriga turli irqdagi va dindagi mashhur olimu ulamolar to’planishadi. Ularning deyarli hammasi diniy tasavvurlar tug’ma, inson muayyan dinga mansub bo’lib tug’iladi, degan fikrni himoya qilganlar. Akbarshoh bunday fikrga qarshi chiqib, inson kamolotida ta’lim-tarbiya, u yashaydigan muhit hal qiluvchi omil ekanligini aytadi va gunglar tarbiyasida bo’lgan bolalarni keltirishni buyuradi. 12 yil mobaynida jamiyatdan, odamlardan ajratib qo’yilgan bolalar na bir tilni, na bir dinni bilmaganlar. Ular qandaydir noaniq tovushlar chiqarib, o’z fikrlarini imo-ishoralar bilan tushuntirishga harakat qilganlar. Shu bilan birga, din abadiy tug’ma, doimiy zarur hodisa bo’lmasdan, u inson va jamiyat taraqqiyotining muayyan bosqichida vujudga kelgan degan qarash, g’oya ilmiy dinshunoslikning asosiy tamoyili ekanligini olg’a suruvchi qarashlar ham mavjud. Bunday qarash kishilik jamiyati tarixida din bo’lmagan davrlar ham bo’lganligini ko’rsatadi. Hozirgi ilmiy dinshunoslik tarix, arxeologiya va boshqa fanlar bergan ma’lumotlarga asoslanib diniy qarashlar bundan 30-40 ming yil ilgari, ibtidoiy jamoa tuzumi davrida yuzaga kelgan degan xulosaga asoslanadi. Dinning kelib chiqishiga sabab esa ibtidoiy odamlarning tabiatning ko’pgina hodisalari oldida ojiz ekanliklari, ularning sabablarini bilmganliklari, ularni qandaydir ko’zga ko’rinmas ilohiy kuchlar boshqaradi va ular kishilar hayotiga ta’sir qiladi degan tasavvurlarga asoslanganliklaridir. Bular momaqaldiroq gumburlashi, chaqmoq chaqishi, zilzilalar, suv toshqinlari, dahshatli dovullar, kasallik, uyqu, tush ko’rish, o’lim, quyosh tutilishi, vulqon otilishi, ochlik, qashshoqlik va boshqalar.Xulosa shuki, din hamisha bo’lmagan; u urug’chilik-qabilachilik tuzumida, bundan taxminan 30-40 ming yillar oldin paydo bo’la boshlagan.
Do'stlaringiz bilan baham: |