"Dilga sigʻmas suhbatlar yoxud buvim hali qaytadi" Hikoya Endigina boshlangan yangi oyni oʻzgacha kayfiyatda qarshi olgan, yaqinda oliygohning birinchi bosqichiga qabul qilingan talaba ayni vaqtda hikoyaning bosh qahramonidir.
Erta tongdan qishloqdan ijarachi talabaga kelgan xabar hali uyqusi tarqamagan talabani kuchli xayolga choʻmishiga sabab boʻlib qoldi. Qoʻngiroq orqali yigʻi toʻla soʻzlar bilan aytilgan xabarga koʻra talabaning buvisi oʻta oʻgir axvolda yaqin shahardagi shifoxonalardan biriga olib keltilgani, bir ilojini qilib shoshilinch yetib kelishi kerakligi aytildi. Qoʻngiriq tugadi... Bunda eng achinarli vaziyatlardan biri esa boshqa ijarachi bolalarning savoli boʻldi.: - "Doʻstim, tinchlikmi?" Bir marta berilgan savolda javob olinmagan va qayta-qayta berilgan savol va nihoyat oʻz javobini topdi, ammo bu javob qanday aytib yuborilganligi oʻzgacha edi: " Hm-m... Janoza boʻlib qolibdi." Shoʻrlik bola yoshlik qildimi yoki eʼtiborsizlikmi, hali aniq aytilmagan xabarni sovuq koʻrinishga olib keldi.
Kuz havosiga ham parvo qilmasdan oʻzini bilmay, shoshilib mashinaga oʻtirgan talaba chang yopishgan mashina oynasini barmoq bilan tartibsiz artib tezlik bilan oʻtib ketayotgan boshqa mashinalarni kuzatib koʻzi toliqdi.
Telefon yana tebrana boshladi. Soddagina qishloq shevasida soʻz boshlandi: "Oʻgʻlim, shoshilib yurma. Hech boʻlmasa sen tinch boʻlgin.” Shu daqiqadan boshlab toliqishlar oʻgʻriqqa, kuzning sovuq ob-havosi esa butun tananing qizishiga olib keldi. Talabaning eʼtibori qoʻngiriq orqali aytilgan soʻzlardan emas, uzoqdan kelayotgan yigʻi ovozidan tushdi. Qoʻngʻiroq tugaganidan keyin esa mashina saloni yoʻlovchi talabani yuta boshlagandek boʻldi.
Old oʻrindiqda oʻtirgan kattaroq yoshdagi kishi talabani tanib savol berdi: "Bira toʻla togʻangning uyiga yaqinroq joyda tushasanmi?" Tezda javob qaytarildi: " Ha, shunday qilganim ham yaxshi chamamda." Shunda usha kishi haydovchiga manzilga yaqinroq joyni tushuntira boshladi.
Mashinadan tushib koʻp yurmasdan keng ochilgan darvoza va darvoza atrofida toʻplanib turgan bir necha kishi koʻrina boshladi. Qadamlari tezlashishi bilan bir zumda oʻsha darvozaga yetib borgan talabaning yelkasiga yopib ketilgan toʻn va belbogʻ, qoliga berib ketilgan doʻppi va uni olib kelgan qoʻshni ayol talaba bolaning boshqacha seskanishiga sabab boʻldi. Hovliga kirib borishi bilan farzandi oldiga yugurib chiqqan ona yigʻi aralash soʻz boshladi. Ammo bu soʻzlar bolaga sira ham taʼsir etmasdi, u parda ortidan kelayotgan yigʻi ovozidan oʻzini torta olmadi. Sekinlik bilan xonaga kirib borgan talabaning koʻzi yigʻidan qizargan koʻzlarga tushdi. Xona toʻrida oppoq yopinchiqqa oʻralgan tanish chehra edi.
Koʻz yoshlar, yigʻi va nolalar bilan oʻtayotgan daqiqalar qahramonimiz koʻzlarini tulgʻanishiga sabab boʻldi.
Hovli chetidagi yoʻlakcha boʻylab butalarning ortidan kelayotgan 2- 3 yoshli bolakay hikoyamizning begʻubor qahramoni boʻlib qolganini oʻzi bilmasdi. Ayni daqiqalarda boʻlayotgan ishlardan bexabar boʻlib oʻz ixtiyori bilan kelayotgan goʻdak yigʻi ovozi tufayli eshik yaqinida toʻxtadi. Barcha musulmonchilik shartlar ado etiliahiga oz fursat qolgan bir paytda shu bolakayning otasi bilan birga xonaga kirib borishi, uning beboshlarcha berayotga savollari hech kimni eʼtiborsiz qoldirmagani aniq edi: "Buvim yana kasal boʻldimi?"...
...Barcha amallar ado etilib marhumani soʻngi manziliga kuzatilganidan soʻng ham oradan bir necha oy oʻtdi. Ammo hali oʻlim nima, hayot nima degan tushunchalarni maʼnosiga yetmaydigan bolakay buvisini kutar edi. Goʻdak injiqliklarida, suhbat va yigʻilatida aks etadigan bu sogʻinch oʻtgan muddat davomida barchaning koʻziga yoshlarni joylar edi. Uning ota-onasiga yuzlanib "Buvim qani, nega hali ham olib kelmayapsizlar?" degan savoliga javobning berilmay qolishi yoki bolalikni aldashga urinishlar bu yarani yana ham yangilagandek goʻyo. Uning bolalarcha soddalik va erkalik bilan sugʻorilgan harakatlarini maqsadsiz deya olmaymiz. Chunki, bir necha bor betob boʻlib qolgan marhuma buving oyoqqa turishiga ham ayrim jabhalarda shu goʻdakning erkaliklari ham taʼsir etgan edi.
Bolakayning bu kabi soʻzlariga kam kishidan iborat yangi yil dasturxoni atrofidagilar yana bir bora guvoh boʻlishdi. Davrada hammaning koʻzini quvnatib yurgan bolakay beboshlarcha duoga qoʻl ochdi: "Buvim tezroq tuzalib ketsin lar. Tezroq kelsinlar". Yaqin bir necha daqiqa ichidagi sukunat inson zotining qanchalik ojiz ekanligini isbotladi nazarimda.
Ukasining gapini boʻlib qizaloq soʻz boshladi: "Buvim juda uzoq qishloqqa ketganlar, endi kelmaydi. Ular oʻlib qolganku?! " Buvim qaytmaydi degan soʻzlardan ranjigan goʻdakning jahli chiqib, oʻrnida oʻtirgancha koʻzi toʻla yosh bilan dedi: "Buvim hali qaytadi."