Turkan qatun qutinga,
Tegur mendin qo’shig’.
Ayg’il sizning tabug’chi,
O’tnur yangi tabug’. I. 357
Turkan xotin qoshiga,
Мendan yetkur she’r.
Xizmatga xodimingiz,
Rost, deb payom ber.
Qadimgi turkiy adabiyotshunoslikda she’riy asarlarni qo’shiq deb nomlash natijasidirki, professor B.To’xliyev ham «O’zbek adabiyoti» (9-sinf) darsligida «Devonu lug’otit turk»dagi barcha she’riy parchalarni «Qadimgi qo’shiqlar» nomi bilan umumlashtiradi. Albatta, qadimgi adabiyotshunoslikdagi qarashlar nuqtai nazaridan bu ta’rif to’g’ridir. Shu bilan birga she’riy asarning kuyga solib ijro etilishi ham qadimgi turkiylarda qo’shiq nomi bilan yuritilgan. Devondagi quyidagi parchalar odamlarning quvnoq o’tirishlari, o’yin-kulgisi, kuy va she’rning vobastaligi ifodasi bo’lib, u ijro etishga, ya’ni qo’shiqqa mo’ljallanganligi aniqdir.
Ko’glar qamug’ tuzuldi,
Ivriq izish tizildi.
Sensiz uzum uzaldi,
Kelgil, amul o’ynalim. III. 145
Ivriq bashi qazlayu,
Sag’raq tulu ko’zlayu.
Saqinch ko’zi kezlayu,
Tun kun bila sevnalim. I. 126
Kuylar ajab tuzildi,
Мay idishi tizildi.
Sensiz ko’nglim ezildi,
Kel, shodlanib o’ynaylik.
Мay idishi g’oz bo’lsin,
Tubi ko’z kabi to’lsin.
G’amni ko’maylik, o’lsin.
Tun kun o’ynab kulaylik.
Bundan tashqari, o’quv darsliklarimizda qadimgi xalqlarimizning mehnat va marosimlari bilan bog’langan ko’plab she’rlar keltirilganki, ular ham qadimgi qo’shiqlarning nodir namunasi hisoblanadi.
YIR
YIR- kuy, maqom. Ko’pincha bu so’z she’rga nisbatan qo’llanadi.Bu so’z ir tarzida ham talaffuz qilinadi (III., 9). Bu atama boshqa sahifada «g’azal, maqom, kuy» (III., 159) shaklida izohlangan. Demak, yir qadimgi musiqaga ham tegishli atama bo’lib, lekin ko’proq she’rga nisbatan ishlatilgan. Yir adabiy atama sifatida ko’pgina turkiy xalqlarda hozirgacha ham saqlangan. Yir Alisher Navoiy asarlarida ham uchraydigan so’z bo’lib, u ashula, qo’shiq, jir ma’nolarini ifodalaydi. Jir – yirning turkiylar «j»lashgan shevalariga xos o’zgargan shaklidir. Yirlamoq deyilganda ham jirlamoq – ashula qilmoq tushunilgan. Hozirgi davrda tatarlarda, umuman, xalq qo’shiqlari, qozoq va qoraqalpoqlarda esa syujet asosida qurilgan xalq she’riyati, ko’proq dostonlar jir deb ataladi. Jir aytgan ijodkor jirov deb nomlangan. Qadimdan hozirgacha o’zbek, qozoq va qoraqalpoqlarda xalq dostonlari hamda tarixiy qo’shiqlarni kuylagan xalq shoirlari jirovlar deb yuritilgan. O’zbeklarda xalq dostonlarini kuylagan shoirlar asosan baxshi deyiladi. Lekin qoraqalpoqlarda jirov va baxshi farqlanadi. Xalq qahramonlik dostonlari va tarixiy qo’shiqlarni qo’biz bilan kuylovchi shoir jirovdir. Romanik dostonlarni do’mbira yoki dutor bilan aytuvchilar baxshi hisoblanadi.
Demak, yir –jir turkiy adabiyotdagi qadimiy janrlardan biri bo’lib, ularga xos xususiyat she’r va kuyning uzviy tarzda ijro etilishidadir.
KO’G
Мahmud Koshg’ariy ko’g so’zini uch xil ma’noda qo’llaydi (DLT., III., 144-145 betlar).
1. Ko’g – she’rning vazni, o’lchovi. Bu jir ne ko’g o’za o’l- bu she’r qaysi vaznda.
2. Ko’g- kuy, maqom, ashulada maxsus qoidaga muvofiq baland – past qilish. Er ko’glandi – odam ovozini baland-past qilib, ma’lum maqomda ashula aytdi.
Devonda ko’g atamasiga berilgan ikki ta’rif mantiqan bir-biriga bog’lanadi. Birinchisi she’r, ikkinchisi musiqaga oiddir. Ikkinchi ta’rifda adabiy matn – qo’shiq qilib ijro etiladigan she’rning musiqaga moslashtirilishi, ijrochining musiqaga mos tovush chiqarishiga urg’u berilgan. Demak, ko’g – she’r va musiqa mujassamligidagi janr hisoblangan. Ko’g she’rning vazni va o’lchovi deyilganda misralardagi tovushlarning musiqa ohangiga mos kelishi nazarda tutilgan. Birinchi ta’rifda «Bu she’r qaysi vaznda?» gapi keltirilgan. Qadimgi turkiy she’riyatda yetakchi vazn barmoq hisoblangan bo’lishi mumkin. Shu sababli bu tushunchani she’r qaysi vazn (barmoq, aruz, erkin, sarbast kabilar)da yozilganligini aniqlash ma’nosida emas, balki she’r musiqaning qaysi ohangi, o’lchoviga to’g’ri kelishini belgilash maqsadida anglash haqiqatga yaqindir. «Devonu lug’otit turk» noshiri S.Мutallibov Alisher Navoiy ijodida ham ko’g so’zi musiqaga tegishli atama sifatida uchrashini eslatadi.
1. Soqiyo, may to’lakim arbada istar ko’ngil,
Ey qalandar, chala boshla o’kurur ko’kta qo’buz.
2. Dedim, taronayi jonbaxsh mutribo, sen xud,
Firoq sori tuzub o’lturur ko’ki cholding.
Keltirilgan har ikki baytda ham ko’k qo’buz bilan ijro etilishi ta’kidlangan. Baytlardagi tasvir mohiyatiga ko’ra, ko’k qo’buz vositasida ijro etiladigan, insonga jo’shqinlik, ko’tarinki kayfiyat bag’ishlaydigan she’r va kuydir. «Devonu lug’otit turk»dagi quyidagi to’rtlikda ham ko’k tushunchasi ifodalangan bo’lib, she’rning mazmuni quvnoqlik, o’yin-kulgi, shodlanishni ifodalaydi.
Ko’glar qamug’ tuzuldi,
Ivriq izish tizildi.
Sensiz uzum uzaldi,
Kelgil, amul o’ynalim. III. 145
Kuylar ajab tuzildi,
Мay idishi tizildi.
Sensiz ko’nglim ezildi,
Kel, shodlanib o’ynaylik.
3. KO’G. Мahmud Koshg’ariy ko’gning uchinchi ma’nosini shunday izohlaydi:
«Bir xil kulgiki, har shahar xalqi orasida mashhur bo’lib, aytib yuriladi. Bu yil bu ko’g keldi – bu yil bu kulgi chiqdi, deyilishi kabi». Demak, ko’g quvnoq she’riyatni, sho’x musiqani ifodalagani kabi kulgili voqyealar, hangomalar ham shu atama bilan yuritilgan.
«Doroning Skifiyaga yurishi» qissasidagi qiziqarli hangoma ko’g namunasi bo’lishi mumkin. Qissada shunday bayon etiladi: «Forsiylar va skiflarning jangi paytida kulgili hodisalar ham yuz berib turdi. Doro suvoriylari eshak va xachirlarini ham urushga jalb etgan edi. Eshaklarning hangrashiyu, xachirlarning ko’rinishi skiflar Doroning qarorgohiga hujum qilishgan paytda forslarga qulaylik tug’dirsa, aksincha skiflarga xalaqit berdi. Skiflar mamlakati sovuq bo’lganligi sababli eshak va xachirlar bu yurtda bo’lmas edi. Eshak nima ekanligini bilmagan skiflar ularning baqiroqli ovozlarini eshitib, esankirab qoldilar. Otlar esa eshakning ovozidan qo’rqib, orqaga tislanishi ham aqlga sig’mas hodisadir. Otlar eshaklarning hangrashidan quloqlarini dikkaytirishdi. Ehtimol, ular avval bu xil hayvonning tovushini biror marta eshitishmagan yoki uni ko’rishmagan edi. Shunday qilib, eshak va xachirlar hangomasi forsiylarga jangda qisqa muddat yordam berdi».
Do'stlaringiz bilan baham: |