Qayu erda bo’lsa uqush birla o’g,
Ani er, atag’il, necha o’gsa o’g.
Uqush, o’g, bilig kimda bo’lsa tugal,
Yavuz ersa kaz te, kichig ersa o’g.
(Agar kimda bo’lsa aql, ilm, zehn,
Uni madh etib sen, tugal er degin.
Ziyod bo’lsa kimda uquv, aql, bilim,
Yomon va kichik bo’lsa ham maqtagin).
Bu tuyuqda o’g – aql, maqtamoq, ulug’lamoq ma’nolarida qo’llanilgan.
ALQISH
`Alqish (DLT., I., 123) – olqish, maqtash, duo qilmoq, madhiya aytmoq, tabriklamoq ma’nolarida qo’llaniladi. Devonda olqishga berilgan ta’rif nuqtai nazaridan yondashiladigan bo’lsa, bizgacha yetib kelgan qadimgi she’riy asarlar orasida bu janrga mansublarini aniqlash mumkin.
1. Tangriga maqtovlar (arabcha «hamd»). Qadimgi turkiy xalqlar og’zaki ijodida yaratilgan asarlar, shu jumladan, ayrim tosh bitiklar tangriga olqish va maqtovlar bilan boshlangan. Мasalan, «Devonu lug’otit turk»da saqlangan bir qahramonlik dostonining muqaddimasida quyidagi olqish berilgan.
Tangri ajun turutti,
Chig’ri izi tezgino’r,
Yulduzlari yurkashib,
Tun kun uza burkanur. II. 350
Yaratti yashil yash,
Savurdi o’rung qash.
Tizildi qara qush,
Tun kun uza yurkanur. I. 318
Tangri olamni yaratdi,
Falak doim aylanur.
Kun o’rnini tun olur.
Yulduzlari shaylanur.
Yashil ko’kni yaratti,
Yulduzlar sochildi.
Мezon yulduz tizildi,
Tun kun uza qoplanur. (A.A.)
2. Biror qahramon yoki hukmron nomiga olqishlar (arabcha madhiya). Devonda shunday to’rtlik keltiriladi.
Qachan ko’rsa ani turk,
Buzun ang’a aning aydachi.
Мungar tagir ulug’luq,
Мunda naru keslanur. I. 335
Qachon ko’rsa uni turk,
Shodlikka to’lar to’liq.
Unda bordir ulug’lik,
Sira bundan ortiq yo’q. (A.A.
QARG’AQ
Qarg’aq (arabcha mazammat) (DLT., II., 333) — qarg’ish, la’nat ma’nosini beradi. Tengri qarg’ishi aning uza — xudoning la’nati unga bo’lsin (I., 428); Tengri qarg’ag’inga ilinma – xudo qarg’ishiga yo’liqma (II., 333). Demak, qarg’ish olqishga nisbatan zid ma’no hosil qiluvchi tushunchadir. «Devonu lug’otit turk»dagi quyidagi she’riy parchalar qarg’aq namunasi hisoblanadi.
Ko’rklug’ tunug’ o’zunga,
Tatlig’ ashing azinqa.
Tutg’il qo’nuq ag’irlig’,
Yazsun yaving buzunqa. I. 80
Ko’rklik to’ning o’zingga,
Totliq oshing o’zgaga.
Qo’noqqa ko’rgiz izzat,
Yoysin sha’ning uzoqqa.
Bermish sening bil
Yalinchuq tapar qarinqa
Qalmish tavar azinning,
Kirsa qara o’runqa. II. 241
Sengadir faqat bilgil,
Neki kirsa qoringa.
Qolgay mulking borisi,
Kirsang qora o’ringa.
QOSHUG’
Qoshug’ (DLT., I., 357) – she’r, qasida, qo’shiq janrlarining ma’nosini umumlashtirgan. Devonda qo’shildi (II., 156) so’ziga izoh berilar ekan, ir qo’shildi iborasi keltiriladi. Buning ma’nosi she’r aytildi, qo’shiq to’qildi iboralariga to’g’ri keladi. Professor S.Мutallibov shu o’rinda qo’shug’ haqida fikr yuritar ekan, «Qoshuq so’zining asl ma’nosi bir so’zning boshqa so’zlarga qo’shilishi, ma’lum bir vazn talab qilgan miqdordagi so’zlar qo’shilmasi – tizmasi» deb yozadi. Demak, she’riy yo’lda yozilgan asarlarga nisbatan qo’shiq atamasining qo’llanishi shu ta’rifga mos tushadi. Quyidagi to’rtlikda shunday ma’no, ya’ni qo’shiq atamasi she’riy usulda bitilgan xabar mazmunini ifodalagan.
Do'stlaringiz bilan baham: |