Ikkinchi «Irq bitigi» Urxun-Enasoy yozuvlari guruhiga mansub asardir. U runiy yozuvda bitilgandir. Toshga emas, qog’ozga yozilgan. Asar qo’lyozmasini XIX asrning oxirida arxeolog A.Steyn Sharqiy Turkistonning Dunxuan degan joyidan topgan. Qo’lyozmani V. Tomson ingliz, S.Ye.Мalov esa rus tiliga tarjima qilgan. «Irq bitigi» eramizning IX asri boshlarida moniy jamoasidagi Isig Sangun va Itechuq nomli ikki bolaga bag’ishlab yozilgan. Unda tush ko’rish va uning ta’biri bayon etiladi. «Irq bitigi»da turkiy xalqlarning o’ziga xos turmush tarzi, axloqiy munosabatlari aks etgan. Asarning asosiy g’oyasi yaxshilik va yomonlik munosabatlarini anglab yetishga qaratilgan. «Irq bitigi» 65 ta mustaqil she’rlardan tashkil topgan turkum bo’lib, ular bir g’oyaga asoslanadi. «Irq bitigi»da nima yaxshiyu nima yomonligi haqidagi axloqiy qarashlar turkiylar uchun muqaddas sanalgan ilon, bo’ri, burgut, yo’lbars, ot va boshqa hayvonlar, jonivorlar orqali gavdalantiriladi. «Irq bitigi»ga ikki nuqtai nazardan – tush ta’biri va, eng qimmatlisi, badiiy asar sifatida yondoshish kerak. Inson shunday tush ko’radi:
Katta uy yondi,
Uning tubigacha hech narsa qolmadi.
Devorlarigacha qolmadi.
Xo’sh, bu nimaning belgisi? Tushning ta’biri –
yomonlik, inson boshiga keladigan musibat belgisi.
«Irq bitigi» qadimgi turkiy adabiyotdagi ilk ramziy-majoziy xususiyatli asardir. Unda inson hayotidagi yaxshilik va yomonlik ramziy obrazlar misolida beriladi. Bo’ri va qo’y haqidagi masallar jahon adabiyotida ko’p uchraydi. Qo’y – ojizlik, Bo’ri – zo’ravonlik timsolidir. «Irq bitigi»dagi quyidagi she’r bunday xususiyatli masallarning qadimgi namunalaridan hisoblanadi:
Boy kishining qo’ylari hurkib ketibdi,
Ular bo’riga duch kelibdi.
Bo’ri uning suti bilan og’izlanibdi
(yoki bo’rining og’zi kasallanibdi, — ya’ni og’ribdi)
Qo’ylar salomat va tugal qolibdi,
deyishdi,
Bilib qo’ying: bu – yaxshi.
Xalqimiz urush va halokatlardan cho’chib yashagan. Har qanday urushning bir bahonasi bor. Ikki zo’ravon kuchlarning to’qnashuvi katta falokatlarga asos bo’ladi. Ayiq va To’ng’iz to’qnashuvi ifodalangan she’rda shunday ma’no ifodalanadi:
Ayiq bilan To’ng’iz
Dovon ustida to’qnashibdi.
Ayiqning qorni yorilibdi
To’ng’izning oziq (tish)i sinibdi, deyishdi.
Bilib qo’ying: bu – yomon.
«Irq bitigi»da allegorik xususiyatga ega bo’lgan she’rlar anchagina. Shu sababli ham bu asarga tush ta’biri nuqtai nazaridan emas, ko’proq badiiy ijod namunasi sifatida yondoshish kerak.
Do'stlaringiz bilan baham: