Vaziyat №3.
Bolangiz qaerda «yashaydi»?
Komp‘yuter bolalarga «enagalik» qilmoqda! Go‘dak e‘tibor talab bo‘ladi.
Onasi u bilan doim birga bo‘lishini xohlaydi. Biroq hamma onalar ham buning
uddasidan chiqolmaydi. Bolasining yig‘lab xarxasha qilishiga toqat etolmay,
komp‘yuter yoki ulkan plazmali ekranga qaratib ovuntiradi. Hali o‘zining
kimligini bilmaydigan go‘dak ekranda faqat mul‘tfil‘m ko‘radi deb
o‘ylaysizmi? Yo‘q, u ulkan yirtqichning ojiz kiyikni bo‘g‘izlab, go‘shtini
nimtalayotganini ham ko‘radi. Onasi esa bu paytda bolasining tinchib qolgani,
yig‘lamayotganidan xursand bo‘lib, dugonasi bilan telefonda istagancha gap
sotadi...
Komp‘yuter o‘yinlari bolalarning diydasini qotirmoqda. Ular ayanchli
lavhalarni, qo‘rqinchli sahnalarni kiprik qoqmay kuzatadi. Atrofidagi
tengdoshlariga maqtangannamo «Mana, ko‘rib qo‘yinglar, men hech narsadan
qo‘rqmayman!» qabilida tomosha qiladi. U erda paydo bo‘luvchi maxluqlar
bilan olishadi, raqib askarning peshonasini bemalol snayper orqali nishonga
oladi. O‘q u kutganidek raqibning manglayini qip-qizil qonga belasa,
shodlanganidan qiyqirib yuboradi! Shu tariqa kichkintoylar geym-klublarga
bola bo‘lib kiradi-yu, yoshi ancha «ulg‘ayib» chiqib ketadi.
Ota-onalar zurriyodining betgachoparligi, dangasaligi, gap qaytarishi,
jizzakiligidan nolishadi. Bolalaridan xafa bo‘lib, ularni tartibga chaqirayotgan,
kaltaklayotgan ota-onalar o‘z xatolari xususida kamdan-kam o‘ylashadi,
nazarimizda. Ayrimlar erta tongdan ishga otlanib, farzandlarining kun bo‘yi
nima qilayotgani, qanday ishlar bilan mashg‘ulligini, do‘stlari kimligini, hatto
maktabda necha bahoga o‘qiyotganini bilishmaydi.
– Komp‘yuter o‘yinlaridagi qonli sahnalar, vahshiy kurashlar bolalarning
psixologiyasiga sekin-sekin tobora chuqur joylashib, xarakteridagi yashirin
agressiyani qo‘zg‘atadi, – dedi taniqli psixolog Mahmud Yo‘ldoshev. – U
geym-klubdan ko‘chaga chiqqanda odamlarga shubha, qo‘rquv yoki nafrat
bilan qaraydigan bo‘ladi. Komp‘yuterdagi dushmanni mahv etish yo‘llarini
«a‘lo»ga o‘zlashtiradi-yu, biroq maktabdagi fanlardan qoniqarsiz bahoga
o‘qiydi. Bu uni odamlardan ajralib qolishga, o‘z qobig‘iga o‘ralib, virtual
olamdagi o‘z qahramoni bilan yashashga ko‘niktirib qo‘yadi. Bunday ma‘naviy
[- 32 -]
qaramlik butun olamni o‘z qobig‘iga o‘ramoqda. Evropalik tadqiqotchilardan
biri shunday degandi: «Komp‘yuter o‘yinlarini professional tarzda o‘rgangan
bolalarning reaktsiyasi etuk uchuvchining hushyorligidan qolishmaydi, biroq
jismoniy jihatlari oltmish yoshlik kashandaning abgor holatini eslatadi».
Bunga yaqqol misol qilib 2002 yilning 10 oktyabrida Janubiy Koreya
poytaxti Seul shahrida yuz bergan fojiani keltirish mumkin. Komp‘yuter
klublarining biridagi hojatxonada 24 yoshli Kim ismli yigitning jasadi topilgan
(rss.novostimira.com). Surishtiruvlardan so‘ng uning komp‘yuter o‘yinlariga
mukkasidan ketgani, komp‘yuter qarshisida soatlab emas, kunlab och-nahor
o‘yin o‘ynab o‘tiravergani aniqlandi. Kim ismli bu yigit o‘shanda uyqusiz,
ovqatsiz 86 soat, ya‘ni uch yarim kundan ortiqroq vaqt mobaynida komp‘yuter
kursisida mixlanib o‘tirgan. Oqibatda ana shu zombilik uni halokat jariga
«uloqtirib» yuborgani oydinlashdi.
To‘g‘ri, komp‘yuter o‘yinlarini mutlaqo taqiqlab qo‘yishning iloji ham
yo‘q. Boisi, ayrim o‘yinlar bolalarning matematik qobiliyati, mantiqan
fikrlashini o‘stiradi va hokazo.
Aytmoqchimizki, komp‘yuter o‘yinlarining foydali tomonlari ham bor,
albatta.
Zohidjon XOLOV, «Ma‟rifat» muxbiri
Do'stlaringiz bilan baham: |