2. Tajriba o’tkazish uslubini ishlab chiqish. Ilmiy ish dasturi va uslubini tuzish. Dasturni ishlab chiqish bu tajriba o’tkazish uchun tayyorgarlik ko’rish davrining yakunlovchi qismi va u faraz qilingan masalani tekshirish usullarini belgilaydi. Dastur tekshirishning loyihasi (proyekti) hisoblanib, unda ilmiy ishning aniq chegarasi, tajriba sxemalari, uni olib borish uchun qo’shimcha shart-sharoitlar, kuzatish usullari, tajriba olib borish usullari va uning asosiy texnik elementlari ko’rsatiladi.
Dastur tuzishdagi juda murakkab masala tajriba sxemasi hisoblanib, u qishloq xo’jaligida hozirgi dolzarb masalani ilmiy asosda hal qilishga qaratilgan bo’lishi kerak.
Dastur tuzayotganda tajriba uslublariga, usullariga va uslubiy savollarga aniq javob berish kerak: rejalashtirilgan tajribalar qanday, qaysi usullarda o’tkaziladi. Bunda to’g’ri tanlangan uslub to’g’ri xulosalar chiqarishga, noto’g’risi esa aksincha natija olishga olib keladi.
Rejalashtirish tugallangandan keyin yer uchastkasini tanlash, uni o’rganish va tajriba qo’yish uchun tayyorlash bilan shug’ullanish lozim.
101
Yer uchastkasini o’rganish va uni tajriba qo’yishga tayyorlash bilan bog’liq bo’lgan ishlardan biri rejalashtirilgan tajribaning uslubini ishlab chiqishdan iboratdir. Buning uchun esa tajriba uslubining asosiy elementlari bilan yaqindan tanishib chiqilgan bo’lish kerak.
Tajribada tayyorgarlik davrining ohirgi etapi ish rejasi hisoblanadi. Dala va vegetasiya tajribalari qo’yilishdan oldin uning dasturi tuziladi. Dala va vegetasiya tajribalarini tuzishda bir qancha uslub va shartlarga amal qilish zarur. Bular tajribani o’tkazishning tartiblarini belgilab tadqiqotchi bajaradigan ishlarni osonlashtiradi va quyidagi bo’limlardan iborat:
Mavzuning nomlanishi.
Tajribaning boshlanishi va tugashi .
Ilmiy rahbar va tajribani bajaruvchi.
Mavzuni asoslash.
Ishning maqsadi va vazifalari.
Tajribaning sxemasi.
Tadqiqotning uslubi.
Ishni o’tkazish sharoitlari.
Kutilayotgan natijalar.
Mavzuning dolzarbligi: Ushbu bo’limda hozirgi paytda bu mavzuning o’rganilganligi qay darajada ekanligi, qanday masalalar yechilishi kerakligi, tanlangan mavzu bo’yicha nimalar muommo bo’lib turganligi va bu masalalarni yechish fan va ishlab chiqarishga qanday yutuq va imkoniyatlar berishini ko’rsatib o’tish kerak. Umuman olganda bu yerda masalaning qisqacha tarixi, adabiyotdagi ma’lumotlar va tadqiqotchining oldingi ma’lumotlari bo’yicha axborot beriladi.
Mavzuning maqsadi, vazifalari va yangiligi. Tanlangan mavzuni ochib berishdan, yechimini topishdan maqsad nima? Qanday muammo o’rganiladi, yoki qanday dolzarb masala yechiladi?
Ishning vazifalari. Bu yerda har bir omilning (o’g’it nisbatlari, dozalari, shakllari, qo’llash muddatlari, usullari, har xil tip va tipchalari, iqlim sharoitlari) tuproqning agrofizikaviy, agrokimyoviy, mikrobiologik xossalariga, o’simlikning o’sishi, rivojlanishi hosildorligi va mahsulot sifatiga, atrof muhit ekologiyasiga, o’g’it va tuproqdagi oziq moddalarning o’zlashtirish koeffisentiga, yo’qolishiga, migrasiyasiga, balansiga ta’siri alohida-alohida ko’rsatilishi kerak.
Mavzuning yangiligi va muhimligi. Bu yerda qanday tekshirish va analizlar, masalalar birinchi marta o’rganilayotgan bo’lsa, yoki qanday omillar birinchi marta o’tkazilayottan bo’lsa ko’rsatilib o’tiladi va ularning ahamiyati yoziladi. Buning uchun tadqiqotchi masalaning tarixini chuqur o’rgangan bo’lishi kerak.
Tajriba o’tkazish sharoiti va uslublari.
Iqlim sharoiti. Bu bo’limda tajriba o’tkaziladigan xo’jalik iqlim sharoitiga to’liq tavsif beriladi (atmosfera oylik haroratlari, yog’ingarchilik havo namligi, tuproq harorati, samarali harorat yig’indisi va h.k.) ma’lumotlar hammasi jadval shaklida berilib meteostansiya ma’lumotidan foydlanish kerak. Bu yerda ekilayotgan ekin turi uchun iqlim sharoiti qulay yoki noqulayligi haqida ham xulosa qilinadi.
Tuproq sharoiti. Tajriba quyilishi kerak bo’lgan xo’jalikda qanday tip va tipchadagi tuproqlar tarqalgan, ularning salmog’i qanday. Qanday tuproq tipchalari eng ko’p tarqalgan. Ularga to’liq agrokimyoviy va agrofizikaviy tavsif yoziladi (mexanik tarkibi, dala nam sig’imi, g’ovakligi, hajmiy massasi, suv o’tkazuvchanligi, ona jins, tarkibidagi chirindi, yalpi NRK, harakatchan oziq moddalar, suvda eruvchan tuzlar, singdirilgan kationlar tarkibi va hakozolar). Bularni yozish uchun adabiyotlardan foydalanish kerak. Tajriba qo’yilishi kerak bo’lgan tuproq tipchasi alohida ko’rsatilib yozilish kerak.
Tajriba sxemasi bu bitta g’oyaga (mavzuga) birlashtirilgan variantlar majmuasi hisoblanadi. U tanlangan mavzuni to’liq yechishga, mavzu bo’yicha yuzaga keladigan har qanday savolga javob berishi kerak. Sxemadagi variantlar bir birini to’ldirishi, yagona
102
mantiqiy farq prinsipi asosida tuzilishi kerak. O’rganilayotgan mavzu qismlari variantlarda mantiqiy ravishda olib borilishi kerak. Sxemada kerak emas variantlar bo’lmasligi kerak. Agar variantlar soni 12 tadan oshsa, nazorat ham bittadan ikkitaga oshiriladi. O’g’itlar dozasi oldin ta’sir etuvchi modda hisobida bir gektarga hisoblanadi, keyin esa fizik tuk hisobida topiladi. Keyingi hisob-kitoblar bitta paykalga hisoblanadi. Shuning uchun bulajak tajribadagi bitta paykal maydonini tadqiqotchi bilish lozim.
Tajribada qo’llanilayotgan va sinalayotgan materiallar tavsifi. Bu bo’limda qo’llanilayotgan o’g’it turi, shakli, ularning tavsifi (donadorligi, gigroskopikligi, rangi, tarkibidagi ta’sir etuvchi moddalar miqdori va hakozolar) yoziladi.
Tajribada variantlarning paykallarda joylashish sxemasi, tajriba qaytariqligi, paykal maydoni va sxemasi. Paykalda model o’simliklarning joylashish sxemasi. Bu yerda tajriba sxemasi bo’yicha mavjud bo’lgan variantlar dalada ajratib olinishi kerak bo’lgan paykallarga joylashtiriladi, ya’ni qaysi paykalda nechanchi variantdagi tadbirlar o’tkazilishi belgilanadi. Variantlar kamida 4 marta qaytarilishi kerak, shuning uchun ham variantlar sonidan paykallar soni
4 marta ko’p. Bu sxemada taqrorliklar soni, yaruslar soni ko’rsatiladi. Boshqa sxemada paykalning eni, bo’yi, uzunligi, himoya va hisob-kitob maydonlarida joylashgan model o’simliklar ko’rsatiladi, ularning soni yoziladi.
Biometrik o’lchash va ularning uslublari. Bu yerda o’simlikning o’rtacha bo’yi (balandligi), o’rtacha bitta o’simlikdagi barglar soni, barglar yuzasining kattaligi, o’simliklarning yer ustki va ostki qismlarining massasi va ularning nisbati, hosil elementlarining soni, ularning massasi, pishish sur’ati, zarakunanda va kasalliklarning tarqalishi yoziladi. Har bir o’lchashdan keyin uning uslubi yoziladi. Ushbu bo’limda hosilni aniqlash uslublari ham ko’rsatiladi.
Fenologik kuzatishlar. Bunda fenologik fazalarning boshlanishi (10-25 % o’simlikda kuzatilsa) va ommaviy kirishi (75 % o’simlikda) muddatlarining qayd etilishi ko’zda tutiladi. Qishloq xo’jalik ekin turiga qarab qanday fenologik fazalar (unib chiqish, 2-3 chinbarg, shonalash, gullash, tuplanish, naychalash, boshoqlash, gullash, sutpishish va hakozolar) hisobga olinib yozilishi kerak.
Tuproq analizi. Bu bo’limda tuproqning qanday xossalari aniqlanishi (chirindi, yalpi NRK, harakatchan oziq moddalar, singdirish sig’imi kattaligi, suvda eruvchan tuzlar, singdirilgan kationlar tarkibi, chirindi, azot, fosfor, kaliyning fraksion tarkibi va hakozolar) va ularning uslubi ko’rsatilishi kerak. Bu yerda oziq moddalarning aylanishi, irrigasiyasi, yo’qolishi, umuman balansi o’rganiladi. Ushbu faktorlarning atrof-muhitga ta’sirining o’rganilish rejasi ham yoziladi.
O’simlik analizi. Bunda mavzuni to’liq ochib berish uchun o’simlik tarkibida aniqlanishi kerak bo’lgan oziq moddalar tartibini va ularning aniqlash uslubini ko’rsatish kerak. Bu analizlar quyidagilar: yalpi NRK, N-NO3, N-NH4, uglevodlar, yog’, oqsillar, aminokislotalar, quruq modda va mahsulotning boshqa sifat ko’rsatkichlari. Mazkur bo’limda o’g’itlardagi oziq moddalarining o’zlashtirilish koeffisenlarini hisoblash usuli ham yoziladi. Bu bo’lim ohirida olingan natijalar qanday usulda matematik tahlil qilinishi, ko’rsatilishi kerak.
Tajribada ekin o’stirish texnolologiyasi. Tajribada ekilaytgan ekin turining parvarishlash texnologiyasi adabiyotlar va xo’jalikda qabul qilingan agrotexnika asosida yozilishi kerak. Texnologik tadbirlar - shudgor, boronalash, chizellash, ekish, sug’orish, o’g’itlash, yagonalash, chekankalash, yig’ishtirish, zarakunanda, kasallik va begona o’tlarga qarshi pestisid va biopreparatlarni qo’llash va hakozolar.
Nav tavsifi. Bunda ekilishi kerak bo’lgan navning tavsifi yoziladi. Bu nav o’sha yer uchun tavsiya qilingan yoki istiqbolli nav bo’lishi kerak. Kerakli ma’lumotlar adabiyotlardan olinadi.
Kutilayotgan natijalar. Tadqiqotni o’tkazish natijasida qanday ma’lumotlar olinadi va ular qanday masalalarning yechimini beradi degan masalalar yoritilishi kerak.
Ilmiy ishni rejalashtirishda nimalarga e’tibor berish kerak.
Tajriba uchun dalani tanlash va tayyorlash tartibi.
Tajriba dalasini tayyorlashda qanday asbob va uskunalardan foydalaniladi.
Tajriba dasturi va uslubini tuzishda asosan nimalarga e’tibor berish kerak.
103
Reja:
Do'stlaringiz bilan baham: |