Venalarning klapan yetishmovchiligini aniqlash
Oyoq yuzaki venalari ostial klapani yetishmovchiligini aniqlash uchun Troyanov-Trendelenburg va Gakkenbrux sinamalarini o‘tkazish lozim bo‘ladi.
Troyanov-Trendelenburg sinamasi. Bemor gorizontal vaziyatda yotib oyog‘ini yuqoriga ko‘taradi. Yuzaki venalar bo‘shaganidan so‘ng, katta teri osti venasining son venasiga quyiladigan joyi topilib, barmoq bilan bosiladi va barmoqni olmasdan turib bemorning o‘rnidan turishi so‘raladi. Bu sinamani bajarishda, barmoq bilan bosmasdan jgut qo‘ysa ham bo‘ladi. Normada katta teri osti venasi bo‘shaydi, 20-30 sekund o‘tgach venalar pastdan yuqoriga qarab qon bilan to‘la boshlaydi. Agar ostial klapani yetishmovchiligi bo‘lsa, barmoq olingandan (yoki jgut yechilgandan) keyin, venalar tezda yuqoridan pastga qarab qon bilan to‘ladi. Troyanov-Trendelenburg sinamasi musbat bo‘lgani, katta teri osti venasining klapanlari yetishmovchiligidan darak beradi.
Gakkenbrux sinamasi (yo‘tal turtkisi). Bu snamada, bemor yo‘talganda katta teri osti venasi son venasiga quyiladigan joyga qo‘yilgan barmoqlar turtkini sezadi. Gakkenbrux sinamasining musbatligi - katta teri osti venasi ostial klapanidagi yetishmovchilikni ko‘rsatadi.
Chuqur venalarning o‘tkazuvchanligi Delbe-Pertes “marsh” sinamasi va Pratt-1 sinamasi orqali tekshiriladi.
Delbe-Pertesning “marsh” sinamasini o‘tkazish uchun bemor tik holatda turganida songa, faqat yuzaki venalarni bosib turuvchi bog‘lam qo‘yiladi. Bemordan 5 daqiqa yurish yoki bir joyda turib odimlash (“marsh” qilish) talab etiladi. Bunda teri osti venalarining puchayishi kuzatiladi va bu chuqur venalarning o‘tkazuvchanligidan dalolat beradi. Yurishdan keyin venalarning bo‘rtishi va boldir sohasida og‘riq paydo bo‘lishi, chuqur venalarda to‘siq borligidan yoki jgutdan pastdagi komunikant venalarning ishlamasligidan dalolat beradi.
Pratt-1 sinamasi. Boldir aylanasiga o‘lchangandan keyin bemorni chalqancha yotqiziladi va venalar bo‘shalgandan so‘ng, oyoqqa teri osti venalarini bosib turadigan elastik bint bog‘lanib, 10 minut yurish taklif etiladi. Og‘riqning paydo bo‘lishi chuqur venalar zararlanganini ko‘rsatadi. Takror tekshiruvda boldir aylanasi o‘lchamining ortishi - chuqur venalarning o‘tkazuvchan emasligini ko‘rsatadi.
Komunikant venalar klapanlarining holati haqida tushunchani Pratt-2 sinamasi, uch jgutli Sheynis sinamasi va Talman sinamasi beradi.
Pratt-2 sinamasi. Yotgan holatda teri osti venalari bo‘shatilgandan so‘ng oyoq panjasidan boshlab elastik bint bog‘lanadi. Songa pupart boylami ustiga jgut bog‘lanadi. O‘rindan turish taklif qilinadi. Jgut ostiga ikkinchi elastik bint bog‘lanadi. So‘ngra pastdagi bint o‘ram-o‘ram qilib yechiladi, yuqoridagi bintni esa oyoqqa bintlar orasida 5-6 sm ochiq joy qoladigan qilib pastga o‘raladi. Bintlardan ozod bo‘lgan uchastkada venalarning tez to‘lishi bu yerda ishlamaydigan klapanlari bo‘lgan komunikant venalar borligini ko‘rsatadi. Ularga ko‘k dori surtib belgilab qo‘yiladi.
Sheynisning uchta jgutli sinamasi. Teri osti venalari bo‘shatilgandan keyin bemorga yotgan holatida: sonning yuqori uchdan bir qismiga, son o‘rtasiga va tizzadan pastga uchta jgut qo‘yiladi. O‘rindan tik turish taklif qilinadi. Oyoqning jgutlar bilan chegaralangan biror kesigida venalarning tez bo‘rtib chiqishi shu sohada klapanlari ishlamaydigan komunikant venalar borligidan dalolat beradi.
Talman sinamasi. Uchta jgut o‘rniga yumshoq rezina naychadan yasalgan bitta uzun (2-3 m) jgut ishlatiladi. Uni oyoqqa pastdan yuqoriga spiral qilib bog‘lanadi. Jgut o‘ramlari orasida 5-6 sm masofa qolishi kerak. Oyoqning jgutlar bilan chegaralangan biror kesigida venalarning tez bo‘rtib chiqishi shu uchastkada klapanlari ishlamaydigan komunikant venalar borligidan dalolat beradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |