Ishlab chiqarish vositalaridan foydalanish samaradorligiga nisbatan
noaniqlik darajasi. Qo‘yilgan kapital bo‘yicha daromadlilik stavkasining
noaniqlik darajasi yuqoriligini ko‘rsatuvchi juda ko‘p sabablar mavjud. Masalan,
hosilga oldindan bilib bo‘lmaydigan ob-havo sharoiti ta’siri; shaxta va
quduqlarning taxmin qilinganidek resurslarga boy bo‘lmasligi; mashinalarning
vaqt-vaqti bilan eskirishi va buzilishi; mahsulotga talabning iste’molchilar ta’bi
yoki alternativ tovarlarning paydo bo‘lishi tufayli kutilmaganda o‘zgarishi; yana
ustiga-ustak, yangi bilimlarning rivojlanishi oqibati sifatidagi texnik taraqqiyotni
o‘z tabiatiga ko‘ra mutlaqo oldindan bilib bo‘lmaydi. Hatto tovar-moddiy
zaxiralardagi tovarlarni kelajakda ulardan foydalanish uchun saqlashning oddiy
jarayonini ham ma’lum risk darajasidan xolis deb hisoblab bo‘lmaydi. Sababi:
vaqt o‘tishi bilan qancha miqdordagi tovar eskirib yoki buzilib qolishini oldindan
aniq aytish qiyin.
Aksiyalar – bu ishlab chiqarish vositalaridan foydalanishdan olingan
daromadga nisbatan talabdir. Ishlab chiqarish vositalaridan foydalanish
samaradorligi borasida noaniqlik darajasi qanchalik yuqori bo‘lsa, qo‘yilgan
aksiyalar bo‘yicha risk uchun mukofot shuncha yuqori bo‘ladi.
Odamlarning vaqtinchalik nimanidir afzal ko‘rishi. Daromadlilik stavkalari
darajasiga ta’sir qiluvchi keyingi omil inson psixologiyasidir. Odamlar, odatda
hayotning hamma ne’matlaridan ertaga emas, aynan bugun foydalanishni afzal
ko‘radilar. Iqtisodchilar ko‘pincha mablag‘larni kiritish mumkin bo‘lgan ishlab
chiqarish vositalari bo‘lmagan taqdirda ham foiz stavkasi ijobiy bo‘ladi,
shuningdek, odamlarning pul berish va qarz olishlari uchun yagona sabab ularning
umri davomida xohish-istaklarining doimo o‘zgarib turishidir, degan taxmindan
kelib chiqib ish ko‘radilar. Umuman olganda, odamlar tovar va xizmatlarni ertaga
qoldirmasdan bugun iste’mol qilishni qanchalik ko‘p afzal ko‘rsa, iqtisodiyotda
foiz stavkasi shuncha yuqori bo‘ladi.
Odamlar, odatda, hayotning hamma ne’matlaridan ertaga emas, bugun
foydalanishni afzal ko‘rishlarining sabablaridan biri ular qachon o‘lishining
noma’lumligidir. Inson hozir tirikligini biladi va u bugunning o‘zida imkoni
boricha o‘zining barcha ehtiyojlarini qondirib, hayotning ne’matlaridan rohat
olmoqchi. Kelajakka kelsak, doimo bu ishni keyin ham qila olishi bo‘yicha
qandaydir darajada mavhumlik mavjud bo‘ladi.
194
Riskni yoqtirmaslik. Yuqorida aytib o‘tganimizdek, tikilgan kapitalning
daromadlilik stavkasi doim risk bilan bog‘liq bo‘ladi. Shu munosabat bilan
quyidagi savolning tug‘ilishi, tabiiy: bozor iqtisodiyoti sharoitida kafolatlangan
foiz stavkasini olish imkoniyati bormi va uni nima belgilaydi?
Bu savolning javobi quyidagicha: moliya tizimi riskdan holi aktivlarga pul
tikishni istagan kishilarga ma’lum imkoniyatlar yaratib beradi. Buning uchun ular
tikilgan kapitaldan kutilgan daromadning ma’lum qismidan voz kechishlari zarur.
Riskdan uncha qo‘rqmaydigan kishilar
riskka toqati yo‘q kishilarga kafolatlangan
foiz stavkasi olish imkoniyatini beradilar. Biroq, bu stavka risk darajasi yuqori
bo‘lgan aktivlar bo‘yicha kutilgan o‘rtacha daromadlilik stavkasidan past bo‘ladi.
Aholi orasida riskni tan olmaslik darajasi qanchalik yuqori bo‘lsa, risk uchun
mukofot shunchalik yuqori va risksiz foiz stavkasi miqdori shuncha past bo‘ladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |