annotatsiya
“Milliy g`oya: asosiy tushuncha va tamoyillar” fani
Annotatsiya
“Milliy g`oya: asosiy tushuncha va tamoyillar” fani mustaqillik yillarida shakllandi. U g`oyaviy jamiyat rivojlanishining g`oyaviy asoslarini o`zida mujassam etgan yaxlit ta`limotdir. Bu ta`limot, bu g`oyani keng xalq ommasi, avvalo, o`sib kelayotgan yosh avlod qalbi va ongiga eng ta`sirchan yo`llar va samarali usullar bilan singdirish muhim vazifa hisoblanadi. Chunki, XXI asr yoshlari turli-tuman mafkuralar tojavuzi kuchayib borayotgan sharoitda yashamoqdalar. Insoniyat endilikda yadroviy qurollanish poygasidan o`tdi. Dunyodagi turli kuchlarning o`zaro jangu jadallari urush maydonlarini bo`sh qoldirib, internet tarmoqlariga, turli xil san`at asarlariga, axborot maydonlariga ko`chib o`tayotgani buning yaqqol dalilidir.
Shu ma`noda, yurtboshimiz Islom Karimovning «Mafkura» poligonlari yadro poligonlaridan kuchlidir» degan ogohlantirish dolzarb ahamiyatga ega. Chunki yadro poligonlarida sinovdan o`tgan qurollarni uzluksiz ravishda har kuni, har soat va har daqiqada insoniyat boshiga yog`dirib turish imkoni yo`q. Lekin mafkura poligonlarida tayyorlanayotgan, uncha-muncha ko`zga tashlanavermaydigan, ta`siri birdaniga sezilmaydigan «g`oyaviy bomba» lar dunyoni o`rgimchak to`ridek o`rab olgan. Ular insonni na uyda, na ko`chada, na ishda, na uyquda tinch qo`yadi. Misli ko`rilmagan globallashuv jarayoni natijasida yaxshilik bilan yomonlik, ezgulik bilan yovuzlik, erkaklik bilan ayollik o`rtasidagi chegaralarning, bir so`z bilan aytganda, hayotga, tirikka xos xilma-xillik, rango-ranglikning tobora kengayib borayotgani, turmushning taranglashib ketayotgani-barcha-barchasi insoniyatning eng kuchli, eng qudratli qurol-turli shaklu shamoyil kasb etayotgan g`oya va mafkuralardan ta`sirlanayotgani oqibati ekani tobora oydinlashib bormoqda. Ana shu sababli ham Milliy g`oya fanining ta`lim tizimiga joriy etilishi mamlakatimiz ma`naviy hayotida muhim voqea bo`ldi. U Respublika Prezidenti Islom Karimov tomonidan asoslab berilgan g`oya-yurtimizda ozod va obod vatan, erkin va farovon hayot barpo etishga xizmat qiladigan yaxlit va izchil ta`limotni yoshlarimiz qalbi va ongiga singdirish vazifasini bajaradi.
Bu fan milliy istiqlol g`oyasining asosiy tushuncha va tamoyillari, tarixiy negizlari, ilmiy, falsafiy, dunyoviy ildizlari, o`ziga xos namoyon bo`lish qonunlari va xususiyatlari to`g`risida bilim beradi. Bu sohadagi amaliyotni o`rganish mazkur fanni o`qitishning samaradorligini yanada oshirish uchun quyidagi asosiy talablarga amal qilish shart ekanligini ko`rsatadi:
Yoshlar ongida «G`oya», «Mafkura», «Milliy g`oya», «Milliy istiqlol g`oyasi», «Milliy rivojlanish g`oyasi», «Milliy istiqlol mafkurasi;
«Milliy g`oyaning bosh g`oyasi», «Milliy g`oyaning asosiy g`oyalari», «Vatan ravnaqi», «Yurt tinchligi», «Xalq farovonligi», «Millatlararo totuvlik», «Diniy bag`rikenglik», «Ijtimoiy hamkorlik», «Komil inson» haqida to`liq tasavvurni shakllantirish;
- Milliy g`oyaning insonparvarlik mohiyati asosida mustaqillikning muqaddas qadriyatligi, uni asrab avaylash har bir kishining muqaddas burchi ekanini o`quvchi va talabalar qalbi va ongiga singdirish;
- Yoshlar orasida millatchilikning har qanday ko`rinishlari paydo bo`lishga yo`l qo`ymaslik, ta`lim-tarbiya jarayonida umum insoniylikning ustivorligi tamoyillariga og`ishmay amal qilishga alohida e`tibor berish
Mustaqillik yillarida milliy istiqlol g`oyasi mavzuini o`rganish uchun foydalanish mumkin bo`lgan kitoblar, risola va maqolalar nashr etildi. «Milliy g`oya: asosiy tushuncha va tamoyillar» nomli maxsus darslik, o`quv qo`llanma, qisqacha izohli tajribaviy lug`at chop etildi.
Shuningdek, milliy g`oya fani yuzasidan faylasuf, tarixchi, xuquqshunos, siyosatshunoslar jumladan: I. ergashev, N. Komilov, A. Begmatov, N. Umarova, A. Xolbekov, M. Jakbarov, S. Mamashokirov, S. Otamurodov, M. Bekmurodov, M. Ortiqov, I. Xo`jamurodov, X. Mavrulov, U. Obilov, T. Norboev, Q. Nazarov, M. Quronov, D. Norqulov, B. To`raev, Z, Xusniddinov, K. Yunusov kabi olimlar milliy istiqlol g`oyasi faniga doir qo`llanma, risolalar, ko`plab ilmiy maqolalar yozganlar. Muallif ushbu o`quv-uslubiy qo`llanmani yozishda yuqoridagi olim va mutaxassislarning risolalaridan keng foydalangan.
Ushbu o`quv-uslubiy qo`llanma O`zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat va jamiyat qurilishi akademiyasida «Milliy istiqlol g`oyasi: asosiy tushuncha va tamoyillar» fanini o`qitish bo`yicha tashkil etilgan (2003 yil 22-26 dekabr) maxsus kursda ishtirok etgan mutaxassislar tomonidan ma`qullangan hamda namunaviy dastur sifatida chop etilgan dastur asosida yozildi. Milliy g`oya fani bo`yicha dasturda bakalavr bosqichi uchun 56 soat, shundan amaliy mashg`ulotlarga 28 soat ajratilgan.
Ma`lumki, amaliy mashg`ulotlar olingan ilmiy va nazariy bilimlarni yanada chuqurlashtirish va mustahkamlashning asosini tashkil etadi. SHuning uchun har bir talaba amaliy mashg`ulotlarga jiddiy va ma`suliyat bilan, puxta va har tomonlama tayyorgarlik ko`rgandagina ko`zlangan maqsadga erishadi.
O`quv-uslubiy qo`llanmani tayyorlashda O`zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat va jamiyat qurilishi akademiyasida tashkil etilgan maxsus kursda mutaxassislar tomonidan ma`qullangan Namunaviy o`quv dasturiga asoslanildi.
Qo`lingizdagi mazkur fandan tuzilgan o`quv-uslubiy qo`llanma 14 ta mavzudan iborat. Har bir mavzu bo`yicha amaliy mashg`ulotlarning asosiy masalalari milliy istiqlol g`oyasi fanining yangi Dasturiga tayangan holda yozildi. qo`llanmada mavzular bo`yicha tuzilgan reja asosida qisqacha ma`ruzalar matni, tayanch so`z va iboralar, munozara uchun savollar. Adabiyotlar ro`yxati, o`quv fani bo`yicha referatlar mavzulari berildi.
Shuningdek, mustaqillik yillarida chop etilgan milliy istiqlol g`oyasi va mafkurasiga oid adabiyotlar ro`yxati joy olgan. Unga mazkur mavzuga doir asarlar, mamlakatimiz olim va mutaxassislari qalamiga mansub kitob, risola, dissertatsiya, maqolalar haqidagi bibliografik ma`lumotlar kiritilgan.
Muallif mazkur o`quv-uslubiy qo`llanma yuzasidan o`z fikr-mulohazalari va taklif-istaklarini bildirgan, hurmatli hamkasblarga, zukko talabalarga hamda ushbu fan bilan qiziquvchi keng kitobxonlarga oldindan o`z minnatdorchiligini bildiradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |