O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
“Yadro poligonlarida va boshqa radiatsiya-yadro ob’yektlarida harbiy xizmatni o’tagan pensiya yoshidagi shaxslarni ijtimoiy qo’llab-quvvatlashni ta’minlash chora-tadbirlari to’g’risida”
2002 yil 31 maydagi № 188-son Qarori
O’zbekiston Respublikasi Prezidentining "Yadro poligonlarida va boshqa radiatsiya-yadro ob’yektlarida harbiy xizmatni o’tagan pensiya yoshidagi shaxslarni ijtimoiy qo’llab-quvvatlash to’g’risida" 2002 yil 30 maydagi PF-3079-son Farmonini amalga oshirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Belgilab qo’yilsinki, O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2002 yil 30 maydagi PF-3079-son Farmonida nazarda tutilgan imtiyozlar mazkur Farmon qabul qilingan sanada yadro poligonlarida va boshqa radiatsiya-yadro ob’yektlarida harbiy xizmatni o’taganligi to’g’risida belgilangan tartibda berilgan tasdiqnomaga ega bo’lgan shaxslarga, ular pensiya yoshiga yetganda tatbiq etiladi.
Yadro poligonlarida va boshqa radiatsiya-yadro ob’yektlarida harbiy xizmatni o’tagani to’g’risidagi tasdiqnomaga ega bo’lgan shaxslar ro’yxati 1-ilovaga* muvofiq ma’lumot uchun qabul qilinsin.
2. Belgilansinki, yadro poligonlarida va boshqa radiatsiya-yadro ob’yektlarida harbiy xizmatni o’tagan pensiya yoshidagi shaxslarni:
sanatoriy-kurortga har yilgi bepul yo’llanmalar bilan ta’minlash, tibbiy ma’lumotlar mavjud bo’lgan taqdirda ishlayotganlar uchun ish joyi bo’yicha O’zbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashining ijtimoiy sug’urta byudjeti mablag’lari hisobiga, ishlamayotganlar uchun esa bandlikka ko’maklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish markazlari orqali davlat byudjeti mablag’lari hisobiga amalga oshiriladi;
bepul protez-ortopediya buyumlari (tishni protezlashdan tashqari) va eshitish apparatlari bilan ta’minlash belgilangan tartibda berilgan tibbiy xulosalarga binoan amalga oshiriladi.
3. Yadro poligonlarida va boshqa radiatsiya-yadro ob’yektlarida harbiy xizmatni o’tagan pensiya yoshidagi nogiron shaxslarga sog’lomlashtirish uchun har yili bir yo’la beriladigan moddiy yordam:
ishlamayotgan nogironlarga - yashash joyidagi bandlikka ko’maklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish markazlari tomonidan;
ishlayotgan nogironlarga - asosiy ish joyidan to’lanadi.
4. O’zbekiston Respublikasi Sog’liqni saqlash vazirligi radiatsiyadan zarar ko’rgan sobiq harbiy xizmatchilardagi rivojlangan kasalliklar sabablarini va ularning profyessional xarakterini aniqlash metodini bir oy muddatda ishlab chiqsin va tasdiqlasin. Shu asosda yadro poligonlarida va boshqa radiatsiya-yadro ob’yektlarida harbiy xizmatni o’tagan shaxslarning pensiya yoshi surishtirib aniqlansin.
5. O’zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi yadro poligonlarida va boshqa radiatsiya-yadro ob’yektlarida harbiy xizmatni o’tagan shaxslarning imtiyozlardan foydalanish huquqini beruvchi guvohnomasi shaklini bir hafta muddatda ishlab chiqsin va tasdiqlasin hamda ushbu guvohnomalarning tuman (shahar) mudofaa ishlari bo’limlari orqali berilishini amalga oshirsin.
6. O’zbekiston Respublikasi Hukumatining ba’zi qarorlariga 2-ilovaga muvofiq qo’shimchalar kiritilsin.
7. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O’zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o’rinbosarlari R.S. Azimov va H.S. Karomatov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. Karimov
*) 1-ilova rus tilidagi matnda berilgan.
Vazirlar Mahkamasining
2002 yil 31 maydagi
188-son qaroriga
2-ilova
O’zbekiston Respublikasi Hukumatining ba’zi qarorlariga kiritilayotgan qo’shimchalar
1. Vazirlar Mahkamasining "Davolash-profilaktika muassasalarini mablag’ bilan ta’minlash tizimini takomillashtirish to’g’risida" 1997 yil 2 dekabrdagi 532-son qarori bilan tasdiqlangan Ambulatoriyada davolashda dori-darmonlar bepul beriladigan kasalliklar va shaxslar ro’yxatiga (4-ilova) quyidagi mazmundagi 13-band qo’shilsin:
"13. Yadro poligonlarida va boshqa radiatsiya-yadro ob’yektlarida harbiy xizmatni o’tagan pensiya yoshidagi shaxslar".
2. O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining "Vaqtinchalik mehnatga layoqatsizlik bo’yicha nafaqalar to’lash chegarasini takomillashtirish to’g’risida" 2002 yil 28 fevraldagi 71-son qarori (O’zbekiston Respublikasi QT, 2002 y., 2-son, 12-modda) 1-bandining ikkinchi xat boshidagi "xavfli o’smalar bilan bog’liq kasalliklarga chalingan xodimlarga" so’zlaridan keyin "yadro poligonlarida va boshqa radiatsiya-yadro ob’yektlarida harbiy xizmatni o’tagan pensiya yoshidagi nogiron xodimlarga" so’zlari qo’shilsin.
Do'stlaringiz bilan baham: |