Sayyor soliq tekshiruvi
Sayyor soliq tekshiruvini o‘tkazish uchun quyidagilar asos bo‘ladi:
Soliq xavfini boshqarish tizimi orqali aniqlangan, soliq to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzish xavfi mavjudligi;
Jismoniy yoki yuridik shaxslarning soliq yoxud valyuta to‘g‘risidagi qonun hujjatlari buzilishi holatlari to‘g‘risidagi murojaatlari, shu jumladan, tovarlar va xizmatlarning narxini asossiz oshirib yuborish holatlari to‘g‘risida, yo‘lovchilarni yengil avtotransport vositalari bilan tashish bo‘yicha noqonuniy tadbirkorlik faoliyati;
Ommaviy axborot vositalarida soliqqa va valyutaga oid huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ma’lumotlar e’lon qilinganda;
O‘tkazilayotgan kameral soliq tekshiruvini xolisona amalga oshirish maqsadida qo‘shimcha ma’lumotlar olish zarurati yuzaga kelganda;
Qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘lovchilarini soliq organlarida qo‘shilgan qiymat solig‘i bo‘yicha maxsus ro‘yxatdan o‘tkazish jarayonida qo‘shimcha soliq nazorati tadbirlarini o‘tkazish zarur bo‘lganda;
Sayyor soliq tekshiruvini o‘tkazish to‘g‘risidagi buyruqda soliq to‘lovchining nomi, tekshiruvchi shaxslarning familiyasi, ismi, otasining ismi hamda lavozimi, tekshiruvlarni o‘tkazish muddati va maqsadlari, Tekshiruvlarni elektron ro‘yxatga olish yagona tizimidagi ro‘yxatga olish raqami ko‘rsatiladi.
Davlat ro‘yxatidan o‘tmasdan, noqonuniy faoliyat yuritayotgan jismoniy shaxslar faoliyati bo‘yicha sayyor soliq tekshiruvi o‘tkazish to‘g‘risidagi buyruqda soliq to‘lovchining nomi va Tekshiruvlarni elektron ro‘yxatga olish yagona tizimidagi ro‘yxatga olish raqami ko‘rsatilmaydi.
Soliq solish obyektlari va soliq solish bilan bog‘liq obyektlar to‘g‘risidagi axborotni aniqlashtirish sayyor soliq tekshiruvlari chog‘ida, keyinchalik soliq solinadigan bazaga tuzatishlar kiritish maqsadida hududlar va binolarni ko‘zdan kechirish yo‘li bilan amalga oshiriladi.
Soliq solish obyektlari va soliq solish bilan bog‘liq obyektlar to‘g‘risidagi axborotni aniqlashtirishda quyidagilar tekshiriladi:
Davlat ro‘yxatidan o‘tganligi to‘g‘risidagi hujjatlar, faoliyat turi va joyining soliq to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga muvofiqligi;
Soliq to‘lovchiga mulk huquqi asosida tegishli bo‘lgan mol-mulk negizida, shuningdek, ushbu mol-mulkka egalik qilish va (yoki) undan foydalanishga yo‘l qo‘yadigan o‘zga ashyoviy huquq asosida mol-mulkka va yer uchastkalariga bo‘lgan huquqni tasdiqlovchi hujjatlar mavjudligi.
Xronometraj ko‘zdan kechirish soliq to‘lovchilarning faoliyat turlari bo‘yicha haqiqiy ishlab chiqarish (ishlar, xizmatlar) hajmlarini, shuningdek, haqiqiy xarajatlarini aniqlash maqsadida o‘tkaziladi.
Xronometraj ko‘zdan kechirish soliq to‘lovchining faoliyatini to‘xtatmasdan, uning ish kunini to‘liq qamrab olgan holda, unga tegishli bo‘lgan barcha obyektlarda, ularning joylashgan joyidan qat’i nazar bir vaqtning o‘zida o‘tkaziladi.
Xronometraj ko‘zdan kechirish soliq to‘lovchilarning tekshirishgacha tasdiqlangan ish rejimidan kelib chiqib, biroq ketma-ket yetti kalendar kundan kam bo‘lmagan muddatda o‘tkaziladi.
Agar soliq to‘lovchining turli hududlarda joylashgan (tuman, shahar) bir nechta obyektlari mavjud bo‘lsa, soliq organi ularda xronometraj ko‘zdan kechirish o‘tkazish yuzasidan obyekt joylashgan hududiy soliq organiga xronometraj ko‘zdan kechirish boshlanishidan kamida bir kun oldin rejalashtirilgan xronometraj ko‘zdan kechirishning aniq sanasini ko‘rsatgan holda yozma xabarnoma yuboradi.
Xronometraj ko‘zdan kechirish natijasi bo‘yicha rasmiylashtirilgan ma’lumotlar xronometraj ko‘zdan kechirish yakunlanganidan so‘ng hududiy soliq organlari tomonidan soliq to‘lovchi hisobga olingan joydagi soliq organiga bir kun ichida yuborilishi shart.
Valyutani tartibga solish to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rezidentlar va norezidentlar tomonidan rioya etilishi yuzasidan tekshiruv quyidagilarni o‘z ichiga oladi, jumladan:
Valyuta operatsiyasini amalga oshirish uchun asos bo‘lgan hujjatlar (shartnomalar), ushbu hujjatlar (shartnomalar) asosida amalga oshirilgan barcha operatsiyalarni tasdiqlovchi hujjatlar tekshiriladi;
Eksport-import operatsiyalari bo‘yicha muddati o‘tgan debitorlik va kreditorlik qarzdorliklar mavjudligi tekshiriladi.
Valyutani tartibga solish to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rezidentlar va norezidentlar tomonidan rioya etilishi yuzasidan tekshiruv natijalari sayyor soliq tekshiruvi dalolatnomasida aks ettiriladi.
Sayyor soliq tekshiruvida soliq to‘lovchi tomonidan sayyor soliq tekshiruvini o‘tkazuvchi mansabdor shaxsning hududi va binolariga kirishiga to‘sqinlik qilingan taqdirda, sayyor soliq tekshiruvini o‘tkazuvchi mansabdor shaxs tomonidan ushbu Nizomga 14-ilovaga muvofiq shaklda dalolatnoma tuziladi.
Bunday dalolatnoma asosida soliq organi tekshirilayotgan shaxs to‘g‘risida o‘zida mavjud bo‘lgan ma’lumotlar yoki xuddi shunday soliq to‘lovchilar to‘g‘risidagi ma’lumotlar asosida to‘lanishi lozim bo‘lgan soliq summasini mustaqil tarzda aniqlashga haqli. Dalolatnoma sayyor soliq tekshiruvini o‘tkazuvchi mansabdor shaxs va tekshirilayotgan shaxs tomonidan imzolanadi. Tekshirilayotgan shaxs ko‘rsatilgan dalolatnomani imzolashni rad etgan taqdirda, mazkur dalolatnomaga bu haqida tegishli yozuv kiritiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |