2.3 Davlat byudjetining daromadlar va xarajatlat tizimi.
Jahonning turli mamlakatlarida har xil sabablar bilan ijtimoiy-iqtisodiy inqirozlar yuz berayotgan hozirgi davrda O‘zbekistonda puxta o‘ylangan soliq-byudjet siyosati mamlakatimizning o‘z oldiga qo‘ygan maqsadlari sari dadil odimlab borishiga xizmat qilmoqda. Oxirgi yillarda yalpi ichki mahsulot o‘sishi 8 foizdan kam bo‘lmayotganligi, davlat byudjetining profitsit bilan ijro qilinayotganligi ham mamlakatimizda yuritilayotgan fiskal siyosatning oqilona ishlab chiqilganligi va samarali amalga oshirilayotganligining yana bir isbotidir.
Rivojlanishning navbatdagi ustuvor yo‘nalishlari va vazifalarini samarali bajarishda davlat byudjeti ham samarali dastak-vosita sifatida faol ishtirok etadi.
Ma’lumki, davlat byudjeti mamlakatda yaratilgan yalpi ichki mahsulot va uning tarkibiga kiruvchi milliy daromadning qiymatini qayta taqsimlashda ishtirok etadi.
Bunday qayta taqsimlash jarayonlari natijasida byudjet daromadlari shakllanadi. Byudjet daromadlari davlat markazlashgan moliyaviy resurslarining bir qismi bo‘lib, davlatning funksiyalarini bajarish uchun zarurdir. Ular pul mablag‘lari fondlarini shakllantirish jarayonida vujudga keladigan iqtisodiy (moliyaviy) munosabatlarni o‘zida ifoda etadi va turli darajadagi hokimiyat organlarining ixtiyoriga kelib tushadi.
Davlat byudjeti daromadlari – davlat bilan korxonalar, tashkilotlar, muassasalar va aholi o‘rtasidagi davlat markazlashgan pul fondining shakllanishi yuzasidan vujudga keladigan iqtisodiy pul munosabatlari hisoblanadi.
Byudjet daromadlarining asosiy moddiy manbai milliy daromaddir. Agar davlatning moliyaviy ehtiyojlarini qondirish uchun milliy daromad yetarli bo‘lmasa, davlat bunday ehtiyojni qondirishga milliy boylikni jalb etishi mumkin. Milliy boylik deganda ma’lum bir davrda jamiyatning ixtiyorida bo‘lgan, hozirgi va o‘tgan avlodning mehnatlari evaziga yaratilgan moddiy ne’matlar hamda kengaytirilgan takror ishlab chiqarish jarayoniga jalb qilingan tabiiy resurslar majmui nazarda tutiladi.
Milliy daromadni davlat tomonidan davlatlashtirish (davlat ixtiyoriga o‘tkazish) turli usullar yordamida amalga oshiriladi. Soliqlar, davlat krediti va pul emissiyasi davlat hokimiyat organlari tomonidan milliy daromadni qayta taqsimlash va byudjet daromadlarini shakllantirish uchun foydalaniladigan usullarning asosiylari bo‘lib hisoblanadi. Bu usullar o‘rtasidagi nisbat mamlakatlar va davrlar bo‘yicha turlicha bo‘lib, mamlakatdagi iqtisodiy vaziyat, ijtimoiy-iqtisodiy va boshqa qarama-qarshiliklarning o‘tkirlik darajasi, davlatning moliyaviy siyosati va moliyaviy ahvoli bilan belgilanadi.
Milliy daromadni qayta taqsimlashning asosiy usuli soliqlar hisoblanadi. Ular yordamida byudjet daromadlarining asosiy qismi shakllantiriladi. Turli mamlakatlar markaziy byudjetlarining daromadlarida soliq tushumlari qariyb 60-95 foizni tashkil etadi.
Byudjet daromadlarining asosiy qismi soliqlar yordamida byudjetga undirilishi tufayli ularga nisbatan bu jarayonda quyidagi prinsiplardan foydalaniladi:
soliqlarning byudjetga undirilishi mamlakat milliy daromadi va milliy boyligi manbalarining tugashiga olib kelmasligi;
soliqlar ularni to‘lovchilar o‘rtasida teng (adolatli) taqsimlanishi;
soliqlarning ishlab chiqaruvchilar aylanma fondlari hajmiga salbiy ta’sir ko‘rsatmasligi;
soliqlarning sof daromadga nisbatan hisoblanishi;
davlat uchun soliqlarning undirilishi iloji boricha arzonroq bo‘lishi;
soliqlarning undirilish jarayoni xususiy sektorni siqib chiqarmasligi.
Davlat byudjeti daromadlarining amal qilishi mexanizmi haqida so‘z borar ekan, avvalo byudjet daromadlarining nazariy asoslariga to‘xtalish maqsadga muvofiqdir. Ayrim adabiyotlarda, ma’ruzalarda va boshqa ilmiy ishlarda “davlat byudjeti daromadlarining asosiy bosh manbai soliqlardir”, degan bizning nazarimizda birmuncha noto‘g‘ri bo‘lgan fikrlarni uchratish mumkin. Aslida, davlat byudjeti daromadlarining asosiy manbai bo‘lib mamlakat yalpi milliy mahsuloti va milliy daromadi hisoblanadi, davlat markazlashgan pul fondiga mablag‘larni jalb qilish quroli esa soliqlardir.
Soliqlar majburiy pullik to‘lovni ifoda etuvchi pul munosabatlarini bildirib, bu munosabatlar soliq to‘lovchilar (yuridik va jismoniy shaxslar) bilan soliqni o‘z mulkiga aylantiruvchi subyekt sifatida davlat o‘rtasida sodir bo‘ladi. Korxona va tashkilotlar tovar mahsulotlarini ishlab chiqarganida va sotganida, aholiga turli xizmatlarni ko‘rsatganida, ishlar bajarganida yoki bozorlarda oldi-sotdi qilganda ham pul to‘lovlarini amalga oshiradi. Lekin bu munosabatlarning hammasi ham soliq munosabati bo‘la olmaydi. Soliq munosabatida davlat mamlakatda yaratilgan yalpi ichki mahsulot qiymatini taqsimlash va qayta taqsimlash yo‘li bilan majburan davlat byudjetiga mablag‘ to‘plash jarayonini amalga oshiradi.
Soliqlar davlat byudjetiga, davlatning boshqa maqsadli jamg‘armalariga kelib tushadigan, majburiy harakterga ega bo‘lgan pul munosabatlaridir. Shuningdek, soliqlar iqtisodiy kategoriya bo‘lganligi uchun bozor iqtisodiyoti munosabatlari, shu jumladan, moliyaviy munosabatlar tarkibiga kiradi. Bozor iqtisodiyoti erkin iqtisodiyotdir, ya’ni har bir yuridik shaxs, tadbirkor o‘z tovariga erkin baho belgilashi, mahsulot yetkazib beruvchini ixtiyoriy tanlashi va o‘zi iste’molchini topib, unga mahsulotini sotish huquqiga ega. Shuning uchun davlat ular daromadlarining bir qismini taqsimlab, byudjetga oddiy ajratma sifatida ololmaydi. Soliq shaklida daromadlarni undirish uchun qonun chiqaruvchi organning qarori zarur, ya’ni qonuniy asosda undirilgan to‘lov byudjetga o‘tadi. Erkin iqtisodiyot sharoitida soliqlar ham erkin, ochiq, aniq bo‘ladi, demokratik to‘lovga aylanadi.
Soliqlar iqtisodiy kategoriya hisoblanadi, soliq munosabatlarini tashkil qilishda soliq to‘lovchilar va davlat o‘rtasida daromadlar taqsimlanayotganda tomonlarning iqtisodiy manfaatlarini albatta e’tiborga olish zarur. Davlat soliq to‘lovchilar daromadini istaganicha ololmaydi, soliqlarni byudjetga undirishning ma’lum chegarasi mavjud. Bu chegarani davlat, soliq to‘lovchilarning mahsulot ishlab chiqarish va foyda olishdagi faoliyatini hisobga olib belgilaydi. Ikkinchi tomondan, soliqlardan makrodarajada iqtisodiyotni rivojlantirish, bozor infratuzilmasini yaratish va boshqa umumdavlat maqsadlari uchun yetarli moliyaviy resurslar to‘plash uchun foydalaniladi. Soliqlarning mohiyati soliq to‘lovchilar bilan davlat o‘rtasidagi doimiy, uzoq muddatli munosabatlarda o‘z ifodasini topadi.
Davlat byudjeti daromadlari tarkibi, tuzilishi va dinamikasi
Bir xil mohiyatga ega va o‘zaro munosabatda bog‘liq bo‘lib, markazlashgan pul fondi bo‘lgan davlat byudjetini va davlatning boshqa maqsadli jamg‘armalarini majburiy tashkil etadigan soliqlar va yig‘imlar turlarining yig‘indisiga soliq tizimi deb ataladi.
2008 yil 1 yanvardan boshlab kuchga kirgan yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Soliq Kodeksining 23-“Soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarning turlari” nomli moddasiga binoan, O‘zbekiston Respublikasi soliqlar tizimi tarkibiga quyidagilar kiradi (9.1-rasm):
Barcha soliqlarni soliqqa tortish obyektiga, iqtisodiy mohiyatiga va byudjet tizimi bo‘g‘inlari daromadlarini shakllantirishiga ko‘ra quyidagicha guruhlash mumkin:
Soliqqa tortish ob’ektiga ko‘ra soliqlar quyidagi mezonlarga qarab guruhlanadi:
Oborotdan olinadigan soliqlar;
Daromaddan olinadigan soliqlar;
Mol-mulk qiymatidan olinadigan soliqlar;
Yer maydoniga qarab olinadigan soliqlar.
Oborotdan olinadigan soliqlarga qo‘shilgan qiymat solig‘i, aksiz solig‘i, bojxona bojlari va yer qa’ridan foydalanuvchilar uchun soliqlar kiradi. Lekin oborot (aylanma) tushunchasi bizning qonunchiligimiz bo‘yicha ilgaridagidek, mahsulot realizatsiyasi oborotidan emas, balki mahsulotlarni yuklab yuborgan qiymat bilan o‘lchanadi (QQSda). Yalpi tushumdan olinadigan yagona soliq ham oborotdan olinadigan soliqlar jumlasiga kiradi.
Daromaddan olinadigan soliqlarga yuridik shaxslarning daromadiga (foydasiga), jismoniy shaxslarning daromadiga solinadigan soliq, savdo tashkilotlarining yalpi daromadidan soliqlar kiradi. Bu guruh soliqlarga obodonlashtirish va ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish solig‘ini ham kiritish mumkin.
Mol-mulk qiymatidan olinadigan soliqlarga yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan to‘lanadigan mol-mulk solig‘i kiradi.
Yer maydonlaridan olinadigan soliqlarga qishloq xo‘jalik tovar ishlab chiqaruvchilarining yagona yer solig‘i va yuridik (noqishloq xo‘jalik) va jismoniy shaxslar tomonidan to‘lanadigan yer solig‘i kiradi.
Iqtisodiy mohiyatiga ko‘ra soliqlar egri va to‘g‘ri soliqlarga yoki bevosita va bilvosta soliqlarga bo‘linadi. To‘g‘ri soliqlarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri soliq to‘lovchilarning o‘zi to‘laydi, ya’ni soliqning huquqiy jihatdan to‘lovchisi ham, haqiqiy to‘lovchisi ham bitta shaxs bo‘ladi. To‘g‘ri soliq yukini boshqalar zimmasiga ortish holati bu yerda bo‘lmaydi. Bu soliqlarga daromaddan va mulkdan to‘lanadigan barcha soliqlar kiradi.
To‘g‘ri soliqlar bo‘yicha to‘g‘ridan-to‘g‘ri daromaddan soliq to‘langanligi uchun soliqlar stavkasining kamaytirilishi korxonalar daromadining ko‘p qismini ularga qoldirib, ular investitsiya faoliyatini kengaytirish imkonini yaratadi va shu yo‘l bilan bozor iqtisodiyotining rivojlanishiga turtki beriladi. Bu soliqlarning stavkalari ko‘paytirilsa, korxonalarning biznes imkoniyatlari kamaya borib, iqtisodiy rivojlanishni susaytiradi. Demak, bu guruh soliqlarning stavkalari to‘g‘ridan-to‘g‘ri bozor iqtisodiyoti rivoji bilan chambarchas bog‘liqdir.
Egri soliqlarning yuridik jihatdan to‘lovchilari mahsulot (ishlar, xizmatlar) yuklab yuboruvchilar (xizmat ko‘rsatuvchilar) bo‘lib, soliqning haqiqiy og‘irligi keyingi (so‘nggi) iste’molchining zimmasiga tushadi, ya’ni bu yerda haqiqiy soliq to‘lovchi yashiringan. Bu soliqlarning summasi tovar (ish, xizmat) narxi ustiga ustama ravishda qo‘yiladi. Bu soliqlarning ijobiy tomoni respublikada ishlab chiqarilgan tovarlarning chetga chiqib ketishini chegaralaydi, mamlakat ichida tovarlar ko‘p bo‘lishiga yordam beradi. Egri soliqlar orqali tovarlar qiymati oshirilmasa, bozorlarda ularning taqchilligi ortadi. Egri soliqlar stavkasining asosli ravishda oshirilishi korxonalar faoliyatining moliyaviy yakuniga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ta’sir etmaydi, ya’ni investitsion faoliyatini qisqartirmaydi. Ammo soliq stavkasi tahlil qilinmasdan oshirib yuborilsa, korxonalar sotish qiyinchiligiga uchrab, foyda olishni ham, byudjetga to‘lovlarni ham kamaytirishi mumkin.
Bu soliqlarning yana bir tomoni - muomaladagi ortiqcha pul massasini kamaytirib, inflyatsiyani jilovlab boradi. Biroq bu soliqlar mehnat bilan band bo‘lgan aholining real daromadlarini pasaytiradi. Korxonalarda to‘g‘ri soliqlar stavkasini kamaytirish hisobiga berilgan imkoniyat ko‘proq mahsulot ishlab chiqarishni ko‘paytirib, tovarlar assortimentining oshishini ta’minlashi kerak.
Jahon soliq amaliyotida to‘g‘ri va egri soliqlar nisbatiga qarab u yoki bu mamlakat iqtisodiyotining rivojlanish darajasini yoki iqtisodiy qiyinchiliklarini tahlil qilish mumkin. Masalan. AQSh da to‘g‘ri soliqlar salmog‘ining byudjet daromadida 90 foizga yaqin bo‘lishi bu yerda rivojlangan bozor iqtisodiyoti amal qilayotganidan darak beradi.
Egri soliqlar tarkibiga qo‘shilgan qiymat solig‘i, aksiz solig‘i, bojxona boji, yer osti boyliklaridan foydalanganlik uchun soliq kabilar kiradi.
Byudjet tizimi bo‘g‘inlari daromadlarini shakllantirishiga ko‘ra soliqlarning umumdavlat va mahalliy soliqlarga bo‘linishi hukumat idoralarining markaziy hukumat va mahalliy hukumatlarga bo‘linishi asosida kelib chiqadi (9.2-rasm).
Har bir hokimiyat idoralari o‘zlarining bajaradigan muhim vazifalaridan kelib chiqib, o‘z byudjetiga va uni ta’minlaydigan soliqlarga ega bo‘lishi kerak. Respublika hukumati umumdavlat miqyosida katta vazifalarni - mudofaa, milliy havfsizlikni ta’minlash, tartib intizom infratuzilmasini yaratish, turli ijtimoiy xizmatlarni moliyalashtirish, fuqarolar ijtimoiy himoyasini tashkil etish va boshqa bir qator yirik vazifalarni bajaradi. Shuning uchun uning byudjeti ham, soliqlari hajmi ham salmoqli bo‘lishi shart. Qo‘shilgan qiymat solig‘i, aksiz solig‘i, yuridik shaxslarning daromadi(foydasi)dan, jismoniy shaxslar daromadidan olingan soliqlar respublika byudjetiga tushadi.
9.2-rasm. O‘zbekiston Respublikasi soliq tizimi tarkibidagi soliqlarning byudjet tizimi bo‘g‘inlari daromadlarini shakllantirishiga ko‘ra guruhlanishi20
Umumdavlat soliqlarining muhim xususiyati shundaki, respublika byudjetiga tushadigan soliqlardan mahalliy byudjetlar daromadlilik darajasini tartibga solib turish maqsadida ajratmalar ajratilishi mumkin. Bordi-yu, ajratmalar evaziga ham mahalliy byudjetlarning xarajatlari qoplanmasa, u holda subventsiya yoki dotatsiya beriladi. Agar kelgusi yilda mahalliy byudjetlarning o‘z manbalari barqarorlashib, soliqlari hajmi ko‘payib borsa, respublika soliqlaridan ajratmalar berishning zaruriyati bo‘lmaydi.
Mahalliy soliqlar mahalliy hukumatlar bajaradigan vazifalariga qarab belgilanib, ularga doimiy va to‘liq biriktirib beriladi. Mahalliy hukumatlar asosan mehnatkashlarga yaqin bo‘lganligidan ular ijtimoiy masalalarni - maorif, sog‘liqni saqlash, madaniyat, shahar va qishloqlar obodonchiligi kabi vazifalarni bajaradi. Lekin odatda bu soliqlar va yig‘imlar ular byudjetlari xarajatlarining 30-40 foizini qoplaydi, xolos. Mahaliy byudjetlar daromadlarini ko‘paytirish eng dolzarb masalalardan biridir. Faqat o‘z daromad manbaiga to‘liq ega bo‘lgan mahalliy hukumatgina o‘z faoliyatlarini to‘liq amalga oshirishi mumkin. Mahalliy soliqlarning muhim xususiyati shundaki, ular faqat shu hududning byudjetiga tushadi. Ular hisobidan boshqa byudjetlarga ajratmalar berilmaydi.
Byudjet tizimidagi islohotlar doirasida 2014-yildan boshlab O‘zbekiston Respublikasida amalga kiritilgan yangi Byudjet Kodeksining IV bo‘limi “Byudjet tizimi byudjetlarining daromadlari” deb nomlanadi. Ushbu bo‘limning 9-bobida davlat byudjeti daromadlari tarkibi tegishli moddalarda belgilab berilgan. Xususan, Kodeksning 50-moddasi “Davlat byudjeti daromadlarini shakllantirish” deb nomlanadi va unda davlat byudjeti qanday daromadlar hisobidan shakllantirilishi ko‘rsatilgan (9.3-rasm).
9.3-rasm. Davlat byudjeti daromadlari tarkibi
Byudjet Kodeksining 51-moddasida O‘zbekiston Respublikasining respublika byudjeti daromadlarini shakllantirish manbalari belgilab berilgan bo‘lib, ular quyidagilar hisobidan shakllantiriladi:
1) umumdavlat soliqlari, shu jumladan:
yuridik shaxslardan olinadigan foyda solig‘i;
yagona soliq to‘lovi;
jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i;
qo‘shilgan qiymat solig‘i;
aktsiz solig‘i;
yer qa’ridan foydalanganlik uchun soliq;
2) bojxona bojlari;
3) qo‘shimcha foyda solig‘i;
4) mahsulot taqsimotiga oid bitimlar bo‘yicha foyda keltiradigan mahsulotdagi davlat ulushi;
5) boshqa daromadlar.
Byudjet kodeksining 52-moddasida Qoraqalpog‘iston Respublikasi byudjetining, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy byudjetlarining daromadlarini shakllantirish manbalari ko‘rsatilgan bo‘lib, ular:
1) belgilangan normativlarga muvofiq umumdavlat soliqlari, shu jumladan:
yuridik shaxslardan olinadigan foyda solig‘i;
yagona soliq to‘lovi;
jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i;
tadbirkorlik faoliyatining ayrim turlari bo‘yicha qat’iy belgilangan soliq;
qo‘shilgan qiymat solig‘i;
aktsiz solig‘i;
yer qa’ridan foydalanganlik uchun soliq;
suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq;
2) mahalliy soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlar, shu jumladan:
obodonlashtirish va ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish solig‘i;
transport vositalariga benzin, dizel yoqilg‘isi va gaz ishlatganlik uchun olinadigan soliq;
mol-mulk solig‘i;
yer solig‘i;
yagona yer solig‘i;
ayrim turdagi tovarlar bilan chakana savdo qilish va ayrim turdagi xizmatlarni ko‘rsatish huquqi uchun yig‘im;
3) yuridik va jismoniy shaxslardan, shuningdek chet davlatlardan tushgan qaytarilmaydigan pul tushumlari;
4) bozorlardan tushadigan daromadlar;
5) boshqa daromadlar.
Xulosa qilib aytganda, byudjet daromadlarining shakllanishi mamlakat yalpi ichki mahsulotini taqsimlash va qayta taqsimlash umumiy jarayonining elementlaridan biri bo‘lib, oraliq xarakterga ega. Ular yuridik va jismoniy shaxslarga tegishli bo‘lgan daromadlar va jamg‘armalarning bir qismini byudjetga o‘tkazilishi natijasida vujudga keladi. Byudjet daromadlarining moddiy-buyumlashgan mazmunini davlatning ixtiyoriga borib tushgan pul mablag‘lari tashkil etadi. Byudjetning qayta taqsimlash funksiyasi namoyon bo‘lish shakli davlat byudjetiga tushuvchi turli soliqlar, to‘lovlar, yig‘imlar, bojlar va ajratmalarning harakatida namoyon bo‘ladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |