III bob. Davlat byudjetining huquqiy asoslari.
O’zbekiston Mustaqillikka erishgandan so’ng, xo’jalik yuritishning bozor tizimiga o’tilishi, iqtisodiyot bozor infratuzulmasining shakllanishi va rivojlanishi mamlakat xo’jalik jarayonlarini amalga oshirish uchun zarur bo’lgan huquqiy asosni yaratishni talab etdi. Undan tashqari, jahondagi glaballashuv jarayonlarida faol qatnashayotgan O’zbekiston uchun davlat boshqaruv institutlarini shakllantirish va tubdan isloh qilish muhim ahamiyat kasb etadi. Bu boradagi islohotlar davlat moliyasi, davlat byudjeti va byudjet jarayonini boshqarish va tartibga solish organlari faoliyatining samaradorligini oshirishni ko’zda tutadi. Shu sababli ular faoliyatini amalga oshirilayotgan iqtisodiy va demokratik islohotlar talablariga moslashtirish, so’nggi ijobiy natijalarni ko’zlagan holda muvofiqlashtirish, shaklan va mazmunan yangi sifat pog’onasiga ko’tarish talab etilmoqda21.
Bizga ma’lumki, mamlakatda sodir bo’layotgan har qanday jarayonlar tegishli qonuniy-huquqiy hujjatlar bilan tartibga solib turiladi. Bosh hujjat esa – bu O’zbekiston Ruspublikasining Konstitutsiyasidir. Byudjet munosabatlarini tartibga solib turuvchi asosiy qonuniy hujjat ham Konstitutsiya hisoblanadi. Davlat byudjeti bilan bog’liq bo’lgan barcha huquqiy-me’yoriy hujjatlar ham Konstitutsiya bilan belgilab qo’yilgan normalar asosida ishlab chiqiladi va qabul qilinadi.
Davlat byudjeti va uning tuzilishi bilan bog’liq normalar Konstitutsiyaning XXV bobida “O’zbekistonning Davlat byudjeti respublika byudjetidan, Qoraqalpog’iston Respublikasi byudjetidan va mahalliy byudjetlardan iborat” 22 ekanligi belgilab quyilgan.
Ma’lumki, iqtisodiy islohotlarni amalga oshirish mos huquqiy bazaga tayanishi lozim. Shu sababli yangi qonunlar turkumini ishlab chiqish zaruriyati tufayli O’zbekistonda iqtisodiy munosabatlarni tartibga soluvchi qator qonunlar qabul qilindi. Bunday qonunlar avvalgi “markazlashtirilgan rejali tizim ruhi bilan sug’orilgan”, haddan tashqari mafkuralashtirilgan, xalqaro me’yorlar va qoidalarning talablarini inkor etuvchi sovet davri qonunlarining o’rniga keldi va yosh mustaqil davlatimizning huquqiy demokratik yo’ldan og’ishmay ravnaq topishi uchun xizmat qila boshladi.
O’zbekiston Respublikasi byudjet qurilishi, byudjet tizimining amal qilishi, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining barcha darajalaridagi (markaziy, hududiy va mahalliy) byudjet borasidagi vakolatlari byudjet qonunchiligi bilan tartibga solinadi.
Byudjet qonunchiligi – byudjet munosabatlarini huquqiy jihatdan tartibga solib turishga xizmat qiluvchi barcha qonuniy va me’yoriy-huquqiy hujjatlar yig’indisi. Huquqiy me’yorlarning mazmunidan kelib chiqqan holda, byudjet qonunchiligini bir necha darajaga ajratish mumkin:
1-daraja – O’zbekiston Respublikasi Byudjet Kodeksi - byudjet tizimi byudjetlarini shakllantirish, tuzish, ko‘rib chiqish, qabul qilish, tasdiqlash, ijro etish, davlat tomonidan mablag‘ jalb qilish va byudjet to‘g‘risidagi qonun hujjatlari ijrosini nazorat qilish sohasidagi munosabatlarni tartibga soladi.
2-daraja – O’zbekiston Respublikasi hukumatining (Vazirlar Mahkamasining) byudjet masalalaridagi qarorlari.
3-daraja – O’zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining buyruqlari, farmoyishlari va byudjet sohalariga taalluqli bo’lgan boshqa me’yoriy hujjatlari (Nizomlar, Yo’riqnomalar, Qoidalar)
4-daraja – mahalliy davlat hokimiyati organlarining qarorlari va boshqa me’yoriy hujjatlari (Masalan, tegishli viloyat, tuman (shahar) mahalliy byudjeti parametrlarini tasdiqlash to’g’risidagi Xalq deputatlari Kengashlarining va hokimlarinig qarorlari).
Shunday qilib, O’zbekiston Respublikasi byudjet qonunchiligi O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga asoslangan va O’zbekiston Respublikasi Byudjet Kodeksi, “Qoraqalpog’iston Respublikasi byudjet huquqlari to’g’risida”gi, O’zbekiston Respublikasi “Mahalliy davlat hokimiyati to’g’risida”gi qonuni, O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining tegishli moliyaviy yil uchun qabul qilinadigan “Davlat byudjeti to’g’risida”gi qonuni va byudjet masalalari bo’yicha boshqa qonuniy va normativ xujjatlardan tashkil topgan.
O’zbekiston Respublikasida davlat moliyasini isloh qilish bo’yicha muhim qadamlardan biri 2004 yil 26 avgustda O’zbekiston Respublikasining “Davlat byudjetining g’azna ijrosi to’g’risida”gi 664-II sonli Qonunining qabul qilinishi bo’ldi. Ushbu Qonunning maqsadi O’zbekiston Respublikasi davlat byudjetining (shu jumladan davlat maqsadli jamg’armalarining) va byudjet tashkilotlari byudjetdan tashqari mablag’larining g’azna ijrosi sohasidagi munosabatlarini tartibga solishdan iborat. Mazkur qonunda davlat byudjeti g’azna ijrosini tashkil etish va g’aznachilik faoliyati bilan bog’liq holatlar o’zining huquqiy asosiga ega bo’ldi.
Keyingi yillarda ham davlat byudjeti g’azna ijrosining me’yoriy-huquqiy asoslarini mustahkamlashga qaratilgan qator chora-tadbirlar amalga oshirildi. Bu borada O’zbekiston Respublikasi Moliya vazirining 69-sonli (04.08.2009) buyrug’i bilan tasdiqlangan va O’zbekiston Respublikasi Adliya Vazirligi tomonidan 2007-raqam (16.09.2009) bilan ro’yxatga olingan “Davlat byudjetining g’azna ijrosi Qoidalari”ning qabul qilinishi muhim qadam bo’lib xizmat qildi. Mazkur “Qoidalar” O’zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi G’aznachiligi va uning hududiy bo’linmalari tomonidan respublika va hududiy g’azna hisobvaraqlarini qo’llash sharoitida respublika byudjeti, Qoraqalpog’iston Respublikasi byudjeti va mahalliy byudjetlarning g’azna ijrosini amalga oshirish tartibini belgilab berdi. Xususan, ushbu “Qoidalar” muqaddam amal qilib kelgan bir qator me’yoriy xujjatlarni o’zida mujassamlashtirdi va G’aznachilik va uning hududiy bo’linmalari tomonidan respublika byudjeti, Qoraqalpog’iston Respublikasi byudjeti va mahalliy byudjetlarning g’azna ijrosini amalga oshirish tartiblarini belgilab berdi.
O’zbekiston Respublikasi Byudjet Kodeksi, mazmuni va ahamiyati
Ma’lumki, byudjet qonunchiligini yanada rivojlantirish va takomillashtirish asosida byudjet faoliyatini rivojlantirish davlat moliyasini boshqarish tizimini isloh qilishning asosiy yo’nalishlaridan biri hisoblanadi. 2000 yil 14 dekabrda “Byudjet tizimi to’g’risida”gi O’zbekiston Respublikasi Qonunining qabul qilinganidan beri o’tgan davr mobaynida byudjet tizimi amaliyotida bir qator o’zgarishlar sodir bo’ldi, ular:
davlat byudjeti ijrosi g’aznachilik tizimining joriy etilishi;
bir qator davlat maqsadli jamg’armalari va boshqa nobyudjet fondlarining tuzilishi va amal qilishi;
byudjet tashkilotlarining byudjetdan tashqari qo’shimcha mablag’larni jalb qilish manbalarining kengayishi va ular ustidan nazoratni yaxshilash zarurligi;
byudjet tasnifi, byudjet hisobi va hisoboti tizimining takomillashuvi;
yangi tahrirdagi O’zbekiston Respublikasi Soliq Kodeksining qabul qilinishi va amalga kiritilishi va boshqa holatlar bilan bog’liq bo’lib, byudjet qonunchiligini yanada takomillashtirish zarurligini taqozo etdi.
Natijada amaldagi “Byudjet tizimi to’g’risida”gi hamda “Davlat byudjetining g’azna ijrosi to’g’risida”gi O’zbekiston Respublikasi Qonunlarida belgilangan normalar mukammal tarzda qayta ishlangan holda Byudjet Kodeksida o’z aksini topdi.
Byudjet tizimidagi islohotlar doirasida 2014 yildan boshlab amalga kiritilgan yangi Byudjet Kodeksi davlat moliyasini boshqarishning huquqiy asoslarini yanada mustahkamlash, byudjet siyosatining ustuvorliklarini belgilab olish, byudjet mablag’laridan foydalanish samaradorligini oshirish va davlat xizmatlarini taqdim etish sifatini oshirishga qaratilgan.
4.1-rasm. O’zbekiston Respublikasi Byudjet Kodeksining tasnifi
Ushbu Kodeks O’zbekiston Respublikasining byudjet tizimi byudjetlarini shakllantirish, tuzish, ko’rib chiqish, qabul qilish, tasdiqlash, ijro etish, davlat tomonidan mablag’ jalb qilish va byudjet to’g’risidagi qonun hujjatlari ijrosini nazorat qilish sohasidagi munosabatlarni tartibga soladi.
O’zbekiston Respublikasi Byudjet Kodeksi 2013 yil 26 dekabrda qabul qilingan bo’lib, 9 ta bo’lim, 28 ta bob, 192 moddadan iborat. Ushbu Kodeks:
O’zbekiston Respublikasining byudjet tizimi tuzilishi va uni boshqarish asoslarini;
O’zbekiston Respublikasining davlat byudjetini tuzish printsiplari va uning tuzilmasini;
davlat byudjetini tuzish, ko’rib chiqish, qabul qilish va ijro etish tartibini;
davlat byudjeti va davlat maqsadli jamg’armalari daromadlarini shakllantirish va ularning xarajatlarini amalga oshirish printsiplarini;
davlat byudjeti tuzilmasiga kiruvchi byudjetlar o’rtasidagi o’zaro munosabatlarni;
davlat byudjeti mablag’lari bilan operatsiyalarni amalga oshirish jarayonida hisobga olish, hisobot va nazorat qilish tartiblarini belgilab beradi.
Kodeksda byudjet tizimi va byudjet tuzilmasiga kiruvchi byudjetlar tarkibi, davlat byudjetining daromad va xarajatlari tarkibi, respublika va mahalliy byudjetlarning daromadlari va xarajatlari tarkibi va ularning byudjet bo’g’inlari o’rtasida taqsimlash tartiblari, byudjet jarayonini tashkil qilish tartiblari; byudjet taqchilligini moliyalashtirish manbalari, davlat maqsadli jamg’armalari, ularni tashkil qilish va ular mablag’laridan foydalanish tartibi kabilar belgilab berilgan.
Yangi Byudjet Kodeksi byudjet jarayonini xalqaro amaliyot tajribalaridan kelib chiqqan holda tartibga solish, byudjet amaliyotida mavjud bo’lgan ziddiyatlarni bartaraf etish, eskirgan tartib-qoidalarni bekor qilish, byudjet jarayonini tashkil etishdagi me’yorlar, nizomlar va byudjet jarayoni ishtirokchilarining vakolatlarini tizimlashtirish maqsadida ishlab chiqildi.
Byudjet Kodeksining alohida boblarida byudjet tizimi, uning tamoyillari, byudjet tizimini boshqarish organlarining byudjet sohasidagi vakolatlari, byudjet tizimi tarkibiga kiruvchi byudjetlarning daromadlari va xarajatlari kabilar belgilab berilgan.
Umuman olganda Byudjet kodeksi 50 ga yaqin qonun hujjatlari va qonun osti hujjatlarini o’z ichiga oladi. Moliya-byudjet tizimida mazkur huquqiy hujjatning qabul qilinishi bilan O’zbekiston Respublikasi Mustaqil Davlatlar Hamdo’stligi davlatlari orasida o’z Byudjet kodeksiga ega bo’lgan davlatlar safiga qo’shildi (4.1-jadval).
Xalqaro tajribada Byudjet kodeksi – ma’lum bir mamlakat byudjet tizimining asoslarini, uning tuzilishi, umumiy printsiplarini, turli darajadagi byudjetlar va ularning vakolatlarini, byudjet jarayoni asoslari va byudjetlararo munosabatlarni, byudjet qonunchiligini buzganlik uchun javobgarlik choralarini belgilovchi qonun hujjati hisoblanadi. O’zbekistonda mazkur Kodeks mamlakatimizning mustaqillik davridagi qonunchilik faoliyatida qabul qilingan o’n oltinchi kodeks bo’lib, u ko’pqirrali moliyaviy munosabatlarni tartibga solishga xizmat qiluvchi Bojxona va Soliq kodekslaridan keyin qabul qilingan byudjet-moliya sohasiga taalluqli bo’lgan uchinchi kodeksdir.
4.1-jadval
MDH davlatlarida Byudjet kodeksining mavjudligi to’g’risida ma’lumot
№
|
MDH davlatlari
|
Byudjet kodeksining mavjudlik holati
|
1.
|
Armaniston
|
mavjud emas
|
2.
|
Belorussiya
|
mavjud, 16.07.2008 yilda qabul qilingan
|
3.
|
Moldaviya
|
mavjud emas
|
4.
|
Ozarbayjon
|
mavjud emas, loyihasi ustida ishlanmoqda
|
5.
|
Rossiya
|
mavjud, 31.07.1998 yilda qabul qilingan
|
6.
|
Tojikiston
|
mavjud emas
|
7.
|
Turkmaniston
|
mavjud emas, loyihasi ustida ishlanmoqda
|
8.
|
Ukraina
|
mavjud, 21.06.2001 yilda qabul qilingan
|
9.
|
Qozog’iston
|
mavjud, 04.12.2008 yilda qabul qilingan
|
10.
|
Qirg’iziston
|
mavjud emas, loyihasi ustida ishlanmoqda
|
11.
|
O’zbekiston
|
mavjud, 26.12.2013 yilda qabul qilingan
|
Yuqorida sanab o’tilgan barcha o’zgartirishlar va yangiliklar ilg’or xalqaro tajribani o’rganish asosida joriy etilgan bo’lib, ularda mamlakatimiz byudjet tizimining samaradorligi hamda ochiq-oydinligini yanada oshirish ko’zda tutilgan.
Xulosa
Xulosa qilib aytganda, davlat o’z funksiyalarini bajarishi uchun, shuningdek, taraqqiyotning u yoki bu bosqichida uning oldida turgan strategik maqsadlarni amalga oshirish uchun mamlakatda yaratilgan moliyaviy resurslarning ma’lum bir qismini o’z qo’lida to’plamog’i obyektiv zaruriyatdir. Shu bilan birga, mablag’larni davlat moliyasi orqali qayta taqsimlash ko’lami ko’p jihatdan mamlakat iqtisodiyotining holati va rivojlanish darajasiga, davlatning iqtisodiy jarayonlarga aralashish ko’lamlariga, ijtimoiy sohadagi davlatning majburiyatlari ko’lamiga, aholini davlat tomonidan qo’llab-quvvatlash dasturlarining qamrovliligiga bog’liq. Milliy iqtisodiyotni boshqarish va taribga solishda, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishni ta’minlashda, har bir davrning ustuvor taraqqiyot vazifalarini muvaffaqiyatli bajarishda davlatning boshqa iqtisodiy instrumentlari qatori, davlat byudjeti ham muhim ahamiyat kasb etadi va ma’lum vazifalarni bajaradi. Lekin bu vazifalarning samarali bajarilishi tegishli byudjet mexanizmining ishlab chiqilishini va samarali ishlashini taqozo etadi.
Iqtisodiy-ijtimoiy rivojlanishning bugungi bosqichida byudjet daromadlari ishlab chiqarishning rivojlanishi, xo’jalik subyektlarining va aholi daromadlarining oshib borishi, soliq bazalarining kengayishi, mulk shakllarining ko’payishi bilan ortib bormoqda. Lekin bu davrda jamiyatning ko’ptomonlama ehtiyojlari ham kamaygani yo’q, aksincha, byudjet tomonidan moliyalashtirilishi obyektiv zaruriyat bo’lgan, mohiyat jihatidan yangi-yangi tadbirlar, loyihalar, yo’nalishlar paydo bo’ldi. Ularni to’liq hajmda moliyalashtirish yanada ko’proq mablag’larni jalb qilishni taqozo etadi. Lekin daromadlarni muttasil oshirib borish (xususan, soliqlarni oshirish orqali) imkoniyati amaldagi soliq qonunchiligi bilan chegaralangan. Shu bilan birga, soliqlarni asossiz ravishda oshirish iqtisodiy subyektlarning xo’jalik faoliyatiga jiddiy putur etkazadi, ularning ishlab chiqarishni rivojlantirish, uning samaradorligini oshirishga bo’lgan qiziqishlarini so’ndiradi. Bunday sharoitda byudjet xarajatlarining byudjet daromadlari bilan balanslangan bo’lishiga har doim ham erishib bo’lmaydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |